
Ayollar terma jamoasi a’zosiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan murabbiy FIFA tomonidan tergov qilinmoqda
Zambiya ayollar terma jamoasi murabbiyi mashg‘ulot vaqtida futbolchining ko‘kragiga tegib ketgan.
The Guardian nashrining yozishicha, voqea o‘tgan juma kuni, ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati guruh bosqichi doirasida Kosta-Rikaga (3:1) qarshi o‘yindan ikki kun oldin sodir bo‘lgan. Terma jamoaning bir qancha futbolchilari mashg‘ulotlardan so‘ng murabbiy Bryus Mvape futbolchi qizning ko‘kragiga qanday tekkanini guvohi bo‘lishgan. Ular milliy terma jamoadagi kelajagidan qo‘rqib, jamoasi turnirni tark etgunga qadar bu haqda xabar berishmagan.
Xabar qilinishicha, FIFA delegati va Zambiya futbol assotsiatsiyasi prezidenti voqeadan xabardor. Ayni damda Bryus Mvape FIFA tomonidan tergov qilinmoqda.
“FIFA har qanday qoidabuzarlik haqidagi ayblovlarni juda jiddiy qabul qiladi va bizda voqea haqida xabar berishni istagan har bir futbolchi uchun aniq tartib bor. Tasdiqlashimiz mumkinki, Zambiya ayollar terma jamoasiga nisbatan shikoyat kelib tushgan va hozirda u tekshirilmoqda. Aniq maxfiylik sabablari tufayli davom etayotgan tergov tafsilotlarini taqdim eta olmaymiz.
Futboldagi har qanday ta’qiblar haqida xabar bermoqchi bo‘lgan kishi buni FIFAning Maxfiy hisobot platformasi orqali amalga oshirishi mumkin, bunda barcha ma’lumotlar qat’iy ishonchli tarzda qayta ishlanadi. Agar FIFA aybdor deb topilsa, eng og‘ir jazo choralarini qo‘llaydi, jumladan, futboldan bir umrga chetlatiladi”, - dedi FIFA vakili.
Ta’kidlash kerakki, jahon chempionati boshlanishidan oldin Bryus Mvapega qarshi jinsiy zo‘ravonlik gumoni bilan tergov ochilgan edi. Zambiya terma jamoasi o‘yinchilaridan biri esa jamoada murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi “yaqin munosabatlar” odatiy hol ekanligini aytgan.
Fikrlar