Aziz G‘aniev keyingi mavsum startiga tayyor bo‘ladi
Xabaringiz bor, "Shabab Al-Ahli" yarim himoyachisi Aziz G‘aniev og‘ir jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqandi. O‘zbekiston milliy termasi bosh shifokori Abror Pirriev telegram-kanalida Aziz G‘aniev jarohati borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
"Aziz G‘anievning jarohati haqida barcha muxlislar bilib ulgurishdi. BAA yig‘inida bo‘lib turgan aksar MTJ a’zolari u bilan ko‘rishishdi ham. Shifokor sifatida ijtimoiy tarmoqlardagi ba’zi bir xabarlarni to‘g‘rilagan holda aytar bo‘lsam jarohat tashxisi: O‘ng oyoq tizza bo‘g‘ini old xochsimon boylamining uzilishi (ilgari jarohat olib “operatsiya” qilingan oyog‘i chap oyog‘i edi).
Hozirda “Shabab Al-Ahli” jamoasi rahbariyati G‘anievning jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun Evropaning kuchli sport tibbiyot markazlarini mo‘ljallashgan. Ammo pandemiya sabab mavjud noqulayliklarni inobatga olgan holda o‘sha mutaxassislarni BAAga chaqirtirish varianti ham ko‘rib chiqilmoqda. Xudo xoxlasa barchasi rejadagidek amalga oshsa, kamida 6 oy muddatni oluvchi davo va reabilitatsiya muolajalaridan so‘ng Aziz sentyabr oyida boshlanuvchi amirliklarning futbol mavsumiga tayyor bo‘lishi mumkin. MTJ a’zolari va muxlislar nomidan barchasi hamyurtimiz uchun xayrli yakun topishini Yaratgandan so‘rab qolamiz", - deya yozib qoldirgan Pirriev.

Fikrlar