"Baqoev ideal murabbiy" - "So‘g‘diyona" safida eng chiroyli gol muallifi, katta iqtidor egasi klubdan ketadi...mi?

  • 7 iyul, 2022, 23:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“So‘g‘diyona” klubi tarkibida ham ayrim o‘zgarishlar yuz berayotganidan xabardorsiz. Avvaliga “Neftchi”dan Xusniddin G‘ofurov qo‘shilgandi. Keyin esa Marat Bikmaev jizzaxliklar safini tark etdi.

Tecno

Yozgi transfer vaqtida yana ayrim o‘zgarishlar bo‘lishining ehtimoli yuqori. Chunki klubda yaxshi o‘yinchilar jamlangan va ularga xaridorlar chiqishi tabiiy. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, “So‘g‘diyona”ning o‘ziga ham yaxshi futbolchilar juda kerak. Chunki klub OFK Kubogidagi ishtirokini davom ettiryapti va ichki chempionatda ham sovrinli o‘rinlar uchun kurashishini davom ettirmoqda.

Bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoev o‘z jamoasiga iqtidorli, salohiyatli o‘yinchilarni yig‘ishni yaxshi ko‘radi va ulardan maksimal foydalanish yo‘lini biladi. Shuning uchun ham oxirgi yillarda “So‘g‘diyona”ning darajasi ancha oshdi.

Bu yil boshida jamoada selektsiya ishlari olib borilgan bo‘lib, andijonlik iqtidor egasi Doniyor Abdumannopov ham “So‘g‘diyona” a’zosiga aylangandi. 22 yoshli yarim himoyachi yangi jamoasi safida yo‘qolib qolgani yo‘q. U birinchi davrada Superligada 11 ta uchrashuvda maydonga tushdi va raqiblar darvozasiga 4 ta gol urdi. Abdumannopovning gollari “Navbahor”, “Metallurg” va “Qo‘qon-1912” jamoalarining mag‘lub etilishiga katta turtki berdi. Ayniqsa, Namanganda kiritgan goli shu qadar mohirona va aqlbovar qilmas bo‘ldiki, yakunda yil goliga da’vogarlik qilishi tabiiy.

doni4

Xullas, futbolchi o‘z jamoasiga foyda keltiryapti va muxlislarning ham ishonchini qozonyapti. Doniyor birinchi davra yakuni bo‘yicha shunday dedi:

- “So‘g‘diyona”da yaxshi jamoa tuzilgan. Tarkib ham ajoyib shakllangan. O‘zimga kelsak, jarohatdan keyin oyoqqa turib oldim, buning uchun Xudoga shukr qilaman. Hammasi yaxshi bo‘ldi. Birinchi davradan ko‘nglim to‘ldi, deb bemalol ayta olaman.

Doniyor ilk bor xuddi “So‘g‘diyona” singari OFK Kubogida ishtirok etdi. Bu hozircha uning faoliyatidagi muhim qismlaridan biriga aylandi. Guruhdagi uchta o‘yinning barchasida g‘alaba qozonishdi. Abdumannopov ham jamoasining g‘alabalarida katta mehnat qildi.

“Ha, “So‘g‘diyona” jamoasi OFK Kubogida birinchi marta qatnashyapti. Xudoga shukr, hammasi reja bo‘yich ketyapti. Biz to‘xtab qolmaymiz va g‘olibona yurishda davom etamiz, - deydi Doniyor.

doni

Jamoa bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev ham Abdumannopovga ishonch bildiryapti. Aks holda klubiga taklif qilmagan bo‘lardi. Shunga yarasha yuqorida aytganimizdek, futbolchi o‘z o‘yini va gollari bilan munosib javob qaytara olyapti. Shu o‘rinda futbolchi ilk bor birga ishlayotgan murabbiyi – Ulug‘bek Baqoev haqida quyidagilarni aytdi:

- Ulug‘bek aka Baqoev juda yaxshi mutaxassis. Qo‘l ostidagi futbolchilarni o‘yinga tayyorlashi va ruhlantirishi juda ajoyib. G‘alabaga bo‘lgan talabchanligi zo‘r va futbolchilarni yaxshi ruhlantiradi. Shu taraflama ham u yaxshi murabbiy. Odamgarchilik jihatdan ham, umuman barcha tomondan Baqoevni ideal murabbiy deb hisoblayman.

doni2

Shuningdek, Doniyor Abdumannopov chempionatimizdagi intriga xususida gapirdi.

- Chempionatimizda alohida bir klubni yaqqol ajratib ko‘rsatish qiyin. Ko‘rib turibsiz, 4-5 ta klub chempionlik uchun jiddiy kurashyapti. Hammasi yaxshi jamoalar.

Bu futbolchining klubi bilan yana mavsum oxiriga qadar shartnomasi bor. Shunga qaramasdan iqtidorli yarim himoyachiga og‘iz solayotgan klublar bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Bunga javoban Doniyor qisqacha fikr bildirdi: “Jamoada hamma narsa yaxshi, hali klubdan ketmadim”.

Futbolchi hozircha shunday dedi. Voqealar rivoji qanday tus olishini kuzatamiz. Balki vaziyat o‘zgarib ketishi ham hech gap emas.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!