“Barsa” fanatlariga hushxabar: Messi klubga qaytadi
El Nacional xabar berishicha, sakkiz karra “Oltin toʻp” sohibi Lionel Messi yaqin kelajakda oʻzi uchun qadrdon hisoblangan “Barselona” klubiga qaytishi kutilmoqda.
Ammo bu qaytish futbolchi maqomida boʻlmaydi. Kataloniya klubida argentinalik yulduzni futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan soʻng rahbariyat tarkibiga jalb qilish imkoniyati muhokama qilinmoqda.
Messi “Barselona”da 17 yil (2003–2021) davomida faoliyat yuritib, klubning haqiqiy afsonasiga aylandi. Shu davr mobaynida u professional darajada 778 ta oʻyinda 672 ta gol urdi, 35 ta sovrinni qoʻlga kiritdi.
Yutuqlar orasida La Liganing 10 ta chempionligi, Yevropa Chempionlar ligasidagi toʻrtta gʻalaba va boshqa koʻplab nufuzli sovrinlar bor.
Taʼkidlash joizki, Lionel Messi yaqinda oʻzi 2023 yilning yozidan beri oʻynab kelayotgan “Inter Mayami” bilan amaldagi shartnomasini yana uch yilga uzaytirib, 2028 yilning oxirigacha shu klubda qolishga rozilik berdi.
Fikrlar