
“Barselona” ikki bosh og‘rig‘idan bittada qutildi
“Barselona” rahbariyati yangi o‘yinchilarni Ispaniya chempionati qaydnomasidan o‘tkazish uchun tarkibdagi ayrim futbolchini qo‘yib yuborishi talab etiladi.
Klub mutasaddilari bosh murabbiy Xans-Diter Flik rejasiga kiritilmagan ikki legionerni boshqa klublarga jo‘natdi.
Yil boshida Braziliyadan olib kelingan Vitor Roke kataloniyaliklar kutgan futbolchi bo‘lib chiqmadi. Zaxirada o‘tirib qolgan yulduz endi ijara asosida “Betis”da o‘ynaydi. Maoshni to‘liq shu klub to‘laydi. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha “Betis” ijarani yana bir yilga cho‘zishi yoki Rokeni to‘liq transfer qilishi mumkin.
Agar Roke kelajakda “Barselona”ga qaytsa va boshqa klubga sotib yuborilsa, “Betis”ga ulush ajratiladi.
“Barselona” frantsiyalik himoyachi Kleman Langleni Madridga – “Atletiko”ga ijaraga berdi. Madridliklarda o‘yinchini transfer qilish huquqi yo‘q va maoshni ham to‘liq o‘zlari to‘laydi.
Undan avval, kataloniyaliklar Ilkay Gyundog‘an bilan shartnomani o‘zaro kelishuv asosida bekor qilib, germaniyalik futbolchining “Manchester Siti”ga qaytishiga yo‘l ochib bergandi.
Fikrlar