
"Barselona" Messi bilan yangi shartnomani qachon e’lon qilmoqchiligi ma’lum bo‘ldi
"Barselona" yulduzi Lionel Messining klub bilan amaldagi shartnomasi yakunlanishiga 2 kun qoldi. Bu katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.
"Marca" nashrining ma’lum qilishicha, kataloniyaliklar Messi bilan yangi kelishuvga erishgan. Bu haqda 30 iyun kuniga qadar e’lon qilinishi kutilmoqda. Sababi, o‘sha kuni argentinalik futbolchi erkin agentga aylanadi va istagan klub safiga tekinga o‘tib ketishi mumkin.
Jamoa prezidenti Joan Laporta yangi shartnomani o‘zining tug‘ilgan kuni - 29 iyunda e’lon qilishni rejalashtirgan. Lekin agarda "Barselona" 34 yoshli futbolchi bilan bitim uzaytirilganini ma’lum qilishga ulgurmasa, bu kataloniyalik tomoshabinlarga katta ruhiy bosim beradi.
Lionel Messi joriy mavsum "ko‘k-anorranglilar" safida 47 o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 38 gol va 14 assist yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. U hozir Argentina milliy terma jamoasi safida "Kopa Amerika" turnirida ishtirok etmoqda.
Fikrlar