«Barselona» va «Ayaks» Kroyf xotirasiga xayriya uchrashuvi o‘tkazadi
«Barselona» va «Ayaks» har ikki klubda ham to‘p surgan Yoxan Kroyf xotirasiga bag‘ishlangan xayriya uchrashuvini tashkil etadi. Bu haqida Niderlandiya klubining rasmiy sayti xabar berdi.
Uchrashuv 15 noyabr kuni Amsterdamdagi «Yoxan Kroyf Arena» stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yindan tushgan barcha mablag‘ Kroyf jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Mazkur bahsda har ikki klub sharafini himoya qilgan Patrik Klyuivert, Frank va Ronald de Burlar, Yari Litmanen hamda Rixard Vitsge ishtirok etishini tasdiqlagan. Shuningdek, Uesli Sneyder, Edvin van der Sar va Yan Vertongen ham maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, Yoxan Kroyf «Oltin to‘p» sovrinini uch marta qo‘lga kiritgan. U «Ayaks» safida uch marta Yevropa chempionlar kubogi, sakkiz marta Niderlandiya chempionati va besh marta mamlakat kubogi g‘olibi bo‘lgan. «Barselona» bilan esa Ispaniya chempionligi va mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan.
Sobiq futbolchi 2016 yilda 68 yoshida vafot etgan.

Fikrlar