“Barselona”da yangi avlod: “Ko‘k-anorranglilar” kelajagini belgilaydigan 5 futbolchi

  • 16 aprel, 2020, 21:40
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Hamma narsaning yakuni bor.

Buni “Barselona”ning hozirgi tarkibidagi yulduzlarning yoshiga qarab ham bilsak bo‘ladi: Luis Suarez 33 yosh, Xordi Alba 31 yosh, Arturo Vidal 32 yosh, Serxio Buskets 31 yosh, Ivan Rakitich 32 yosh va Lionel Messi 32 yosh.  Tez orada ularning faoliyatida pasayish kuzatiladi.

Ular bilan birgalikda g‘alabaga tashna va o‘zini ko‘rsatishni istaydigan yoshlar ham bor. Yuqoridagi futbolchilar esa bu yoshlarga o‘z tajribalaridan kelib chiqib yordam berishadi.

Biz esa aynan “Barselona”ning kelajagi bo‘lishi kutilayotgan yosh futbolchilar haqida suhbatlashamiz.

Ansu Fati

Fati

O‘z davrining eng yosh iqtidorli futbolchilaridan biri bo‘lgan Ansu Fati allaqachon jamoadagi bir qancha rekordlarni yangilashga erishdi. 2019 yil sentabr oyida Ispaniya fuqaroligini olgan Fati terma jamoa va klubda o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘ldi. 17 yosh bo‘lishiga qaramasdan “Barselona” tarkibida muntazam ravishda o‘yinlarda ishtirok etib kelyapti.

Ansu “Barsa” strukturasida 2012 yildan beri shug‘ullanib kelmoqda va jamoa falsafasini o‘zlashtirib olgan. Hozirda Messi va Suarezga maydonda yordamchi vazifasini o‘tayotgan futbolchi kun kelib jamoaning asosiy etakchisiga aylanadi.

O‘tgan yilning dekabr oyida Fatini hamma taniy boshladi. “Inter” darvozasini ishg‘ol qilgan futbolchi Chempionlar Ligasi tarxidagi eng yosh gol muallifiga aylandi. O‘shanda Ansu Fati 17 yosh-u 40 kunlik edi. Undan oldinroq ham futbolchi “ko‘k-anorranglilar”ning bir qancha o‘yinlarida o‘zini ko‘rsatib kelayotgan edi.

Riki Puch

Puch ham “La Masiya” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Jamoaning falsafasi, tartibi, qonun-qoidalari bilan tanish. Yosh futbolchi 2018 yil dekabr oyida asosiy jamoadagi debyutini o‘tkazgan. Ispaniya Kubogi doirasida “Leonessa”ga qarshi o‘yinda maydonga tushgan Riki o‘zining iste’dodi bilan hammani hayratda qoldirgan edi.

Tug‘ma iste’dod sohibi bo‘lgan Puch maydonda qo‘rqmasdan harakat qiladi va bir necha yillik tajribasi bor futbolchilardek taassurot qoldiradi. Riki Puch Kike Setenning taktikasiga tushadimi yo‘qmi buni keyinchalik bilib olamiz. 20 yoshli futbolchi balki ijara asosida boshqa jamoalarga borib tajriba orttirib kelar, balki Kike Seten unga ishonch bildirib, asosiy tarkibga muntazam tushirar. Ammo shunisi aniqki, Riki Puch “Barsa”ning kelajakdagi etakchi futbolchilaridan biri bo‘la oladi.

Usmon Dembele

Usmon Dembele allaqachon jahon futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan futbolchilardan biri hisoblanadi. Messi va Inesta uning iqtidoriga yuqori baho bergan va Dembele bemalol “Barselona” etakchilaridan biri bo‘la oladi.

Usmon yosh bo‘lishiga qaramasdan 2015 yildan beri o‘zi o‘ynagan jamoalarning asosiy tarkibida maydonga tushib keladi. Faoliyatini “Renn”da boshlagan futbolchi keyinchalik “Borussiya Dortmund”ga o‘tdi va u erda ham muxlislar olqishga sazovor bo‘ldi. “Borussiya” Dembelening “Barsa”ga o‘tishida o‘ziga xos “ko‘prik” vazifasini o‘tadi. Kataloniyaga tashrif buyurgan Usmon Parijga ketgan Neymarning o‘rnini bilintirmasligi kerak edi. Ammo hozircha 22 yoshli futbolchi bu vazifani uddalay olgani yo‘q. Doimiy ravishdagi jarohatlar bunga yo‘l qo‘ymayapti. Jarohatlar girdobiga tez tushib qolishini hisobga olmasa, Dembele “Barsa”ning hozir va kelajakdagi etakchi futbolchilaridan biri hisoblanadi.

Frenki de Yong

De Yong

O‘tgan mavsumda “Ayaks” tarkibidagi ajoyib o‘yini bilan de Yong “Barselona” e’tiboriga tushib qoldi. “Ko‘k-anorranglilar” rahbariyati o‘ylab o‘tirmasdan amsterdamliklarga 75 million evro to‘ladi va futbolchini Kataloniyaga olib kelishdi.

Frenki bugungi “Barselona” tizimiga moslashib ketishi uchun unga ikkita xususiyati yordam beradi.  Markazda to‘p suradigan futbolchi qisqa va uzun to‘p uzatmalarini bexato amalga oshiradi va o‘yinni o‘qiy olish darajasi juda yuqori. 22 yoshli futbolchi uchun bu juda yaxshi natija.

“Barselona”ning kelajakdagi rejalariga albatta Frenki de Yong ham kiradi. Gollandiyalik futbolchi bir paytlardagidek Xavi va Inestaning o‘rnini bildirmaslikka harakat qiladi.

Artur Melo

Albatta, “Barselona”ning hech bir avlodi janubiy amerikalik futbolchilarsiz tashkil topmaydi. Aynan Artur Melo “Barselona”ning mana shu “an’anasini” davom ettirish uchun ideal variantlardan. Braziliyaning “Gremio” jamoasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Artur 2018 yilda Kataloniya jamoasiga kelib qo‘shildi. Jamoa murabiyi Ernesto Valverde futbolchining mahoratini yuqori baholadi.

“Barselona” afsonasi Xavi ham futbolchi haqida iliq fikrlar bildirgandi: “Har safar Arturni televizorda ko‘rsam, o‘zimni ko‘rgandek bo‘laman.” “Barselona” tarbiyalanuvchisi hisoblanmasada, Artur allaqachon jamoa o‘yiniga moslashib ulgurdi.

Hozir Artur eng ideal yoshda. 23 yoshli futbolchi uchun o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatish vaqti kelgan. Artur esa buni uddalayapti. Jamoaning asosiy tarkib futbolchisi hisoblanadigan Artur Melo kelajakda ham “ko‘k-anorranglilar”ning sovrin yutishida yordam berishi aniq.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!