Baxtiyor Ashurmatov: "Bugun yutqazganimizda ortiqcha gap-so‘zlar bo‘lardi"
Superliganing 20-turida “Qo‘qon-1912” – “Andijon” (1:1) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Bugun juda asabiy o‘yin bo‘ldi. Bungacha o‘z uyimizda ochko yo‘qotgan yoki yutqazgan o‘yinlarimiz bo‘ldi. Bugun esa eng bo‘sh o‘yinlarimizdan birini o‘tkazdik. Muxlislarga ma’qul keladigan o‘yin ko‘rsata olmadik. Muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlab turishlari oqibatida oxirigacha kurashdik va hech bo‘lmaganda durangga erishdik. Agar bugun mag‘lubiyatga uchraganimizda ortiqcha gap-so‘zlar ko‘payishi mumkin edi. Uchrashuv oxirida durangga erishganimiz tufayli gap-so‘zlarga o‘rin qoldirmadik. Afsuski, g‘alaba qozona olmadik. Ikkita hujumchi bilan o‘ynadik, tarkib bo‘yicha adashdik deb aytishim qiyin. Birinchi taymda katta ustunlik bilan o‘ynadik, agar vaziyatlardan foydalanganimizda boshqacha bo‘lardi. Gol o‘tkazgach, katta tavakkalchilikka qo‘l urishga majbur bo‘ldik. Raqib ikkinchi golni urishi ham mumkin edi. Oxirida to‘rtta hujumchi bilan o‘ynadik va bizda bo‘sh hududlar paydo bo‘lgandi. Katta bosimdan keyin biz gol ura oldik.
Murod Xolmuhammedovning yo‘qligi biz uchun katta yo‘qotish. Uning yo‘qligi yaqqol bilinyapti. Uning o‘rnini to‘ldira olmayapmiz. Lukichda ham barqarorlik etishmayapti. Bugungi o‘yinda standart vaziyatlarga ko‘p e’tibor bergandik. “Andijon” ham shunday. Lekin standart vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. Shu bois Xolmuhammedovning safimizga qaytishini intizorlik bilan kutyapmiz.
Bugungi uchrashuvda futbolchilarimizda “Andijon”ni mensimaslik degan tushuncha yo‘q edi. Chunki ular o‘tgan turda “Paxtakor”ni mag‘lub etish orqali har bir ochko uchun jiddiy kurashayotganiga amin bo‘lgandik. Bugun ham maydonda o‘z isbotini topdi. Superligada qolish uchun intriga oxirigacha saqlanib qoladi. Chempionatimizda birorta oson o‘yinning o‘zi bo‘lmayapti.
Hakamlar bugungi asabiy o‘yinda yaxshi ishlashdi. Ularga e’tiroz bildirganimning sababi, ikki marta ular o‘yin qoidasini buzganida to‘p bizda bo‘la turib, hujumga o‘tib ketayotganimizda to‘xtatib jarima zarbasi belgiladi. Yutqazayotganimiz uchun juda asabiy turgandim. Ammo hakamlarga noo‘rin gaplarni aytganim yo‘q.
Qanaqa feyr-pley? Maydon shifoxonaga aylanib ketdi. Bitta emas, to‘rttalab o‘yinchi maydonga yotib oldi. Bu o‘zbek futbolida g‘alaba qozonishning bir usuliga aylanib qoldi. Masalan, Suhrob Berdiev jarima zarbasini tepganida to‘p raqib o‘yinchisini boshiga tegdi va uch daqiqa maydonda yotdi. Agar rostdan ham raqib o‘yinchisiga tibbiy yordam ko‘rsatilganida biz feyr-pleyga amal qilardik. Raqib futbolchilari maydonga yotib olganida feyr-pleyga amal qilmadi, deyish noto‘g‘ri bo‘lardi. Biz ham bunday holatlarga duch kelganmiz va oldingi uchrashuvlarda mana shunday vaziyatlarda to‘pni bizga qaytarib berishmagan.
Uch ochko olishni maqsad qilgandik, ammo bugun bir ochko oldik. Bugungi nursiz o‘yinimizni va uchrashuv oxirida gol urganimizni hisobga olsak, bir ochkoni qo‘lga kiritdik. Durang o‘ynagan bo‘lsak-da, muxlislarimiz bizni qarsaklar bilan kuzatib qo‘ydilar.



Fikrlar