
Baxtiyor Ashurmatov: O‘yin saviyasini yaxshi, deb ayta olmayman
Bugun "Qo‘qon-1912" jamoasi Toshkent shahridagi "To‘qimachi" maydonida "Neftchi" klubi bilan nazorat o‘yinida maydonga tushdi. Ushbu bahsdagi (1:0) g‘alabadan so‘ng, qo‘qonliklar ustozi Baxtiyor Ashurmatov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
"O‘yin tayyorgarlik jarayonimizdagi dastlabkisi edi. Shuning uchun, o‘ylagan ko‘p ishlarimiz o‘xshamadi. Futbolchilarni ko‘rib olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Maydon holati ham og‘ir. O‘yin saviyasini yaxshi, deb ayta olmayman. Birinchi g‘alaba uchun yigitlarga rahmat aytaman. O‘ylaymanki, yangi kelib qo‘shilgan futbolchilar tez orada jamoaga qo‘shilib ketadi. Yangi mavsumda ham jangovar tarkibni tuza olamiz.
"Neftchi" klubi o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ymoqda. Tarkibida bir qator Superliga vakillari: Sherzod Karimov, A’zam Aliev, Abdulaziz Yusupov kabi futbolchilar mavjud. Yangi mavsumda farg‘onaliklar Pro-liga chempionligi uchun asosiy da’vogar.
Yangi futbolchilar haqida aniq fikr bildirish qiyin. Mo‘min Believ, Farhod Bekmurodov va Eldor Adhamov jamoada qolishi aniq bo‘lgan. Qolgan futbolchilarni nazoratdan o‘tkazyapmiz. Selektsiya ishlari davom etmoqda", - dedi Ashurmatov.
Fikrlar