
Baxtiyor Ashurmatov qo‘qonlik muxlislar bilan uchrashdi. Unda qanday masalalar ko‘tarildi?
Qo‘qon shahri o‘zbek futbolining vatani bo‘lish bilan birga ko‘plab iste’dodli futbolchilarni vatanimizga etkazib bergan shahar hisoblanadi. Shuningdek, qo‘qonlik futbol muxlislari ham Respublikada eng yaxshi muxlislardan sanalishadi. Qo‘qonda futbolni sevishadi, qadrlashadi va shu bilan birga yaxshi tushunishadi ham.
Kecha “Qo‘qon-1912” jamoasi bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov muxlislar klubi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda jamoamizning haqiqiy sodiq muxlislari ishtirok etishdi. Avvalo muxlislar safarda “Lokomotiv” jamoasi ustidan qozonilgan g‘alaba uchun bosh murabiyga minnatdorchilik izhor qildilar. Dastlab so‘z Baxtiyor Ashurmatovga berildi. Baxtiyor A’zamovich jamoadagi vaziyat, ortda qolgan o‘yinlardagi yutuq va kamchiliklar to‘g‘risida gapirdi hamda jamoani har qanday holatda ham yolg‘izlatmay qo‘llab turgan ashaddiy muxlislarimizga minnatdorchilik izhor qildilar.
Shundan so‘ng jamoa muxlislari bosh murabbiyga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni navbati bilan yo‘lladilar va batafsil javob oldilar. Uchrashuv ochiqlik va savol-javob tarzida, samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi. Baxtiyor A’zamovich ortda qolgan ba’zi o‘yinlardagi mag‘lubiyatlarga izoh berib, jamoadagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ro‘y-rost so‘zlab berdi.
- “Bizda mavsum boshida ko‘plab etakchi futbolchilarimizni tark etishi muammolarni keltirib chiqardi. Jumladan Shohnazar Norbekov, Muhammadanas Xasanov, Bobur Akbarov, Farhod Bekmurodov, Asad Sobirjonov va Iqbol Malikjonov kabi futbolchilarning jamoamizni tark etishi bizni ancha qiyin ahvolga solib qo‘ydi. To‘g‘ri, biz jamoamizga Javohir Sidiqov, Quvondiq Ro‘ziev, Shahzodbek Nurmatov, Dilshod Rahmatullaev, Bilolxon Toshmirzaev kabi futbolchilarni taklif qildik. Lekin yana jamoaviy o‘yinni shakllantirib olishimiz uchun vaqt talab qilinar edi. Qolaversa, so‘nggi vaqtlarda jarohat olib Murod Xolmuhammedov , Aleksandr Merzlyakov, Javohir Sidiqovlar ancha vaqt jamoaga yordam bera olishmadi. Bizda himoyada muammolar yuzaga keldi. Himoyachilar etishmasligi kuzatildi. “Paxtakor” bilan o‘yinga qadar Murod Xolmuhammedovning maydonga qaytganligi bizni xursand qiladi. Murodjon jamoamizda haqiqiy etakchi, uning maydonda borligi qolgan futbolchilarga ham, murabbiylarga ham ancha ishonch baxsh etadi. Qolaversa, Javohir sport formasini tiklab olmoqda. Diskvalifikatsiyaga uchragan Dilshod Rahmatullaev va Oybek Rustamovlar ham navbatdagi turda maydonga qaytadilar. Biz jamoaning yoshlar va o‘rinbosarlar tarkibiga ham e’tiborni biroz susaytirganligimiz natijasida o‘rinbosarlar tarkibidan ham asosiy tarkibga munosib yoshlar etib kelishmayapti. Bundan bu yog‘iga o‘rinbosarlar tarkibining har bir uchrashuvini kuzatib boramiz va u erda o‘zini ko‘rsatgan yoshlarni asosiy jamoa mashg‘ulotlariga jalb qilamiz. Inshaalloh sizlarning yordamingiz bilan bundan bu yog‘iga yaxshi natijalarni qo‘lga kiritamiz, deb umid qilaman” - dedi Baxtiyor Ashurmatov.
Uchrashuvda ishtirok etgan muxlislar savollariga batafsil javob bergan va ochiqlik siyosatini yuritayotganligi uchun Baxtiyor Ashurmatovga minnatdorchilik bildirdilar. Bundan bu yog‘iga har 3-4 tur o‘yinlar orasida mana shunday uchrashuvlarni o‘tkazib turishga kelishib olindi. Uchrashuv so‘nggida nuroniy muxlislarimiz jamoamizni oldinda turgan o‘yinlarda g‘alaba qozonib, yuzlari yorug‘ bo‘lishlarini Yaratgandan so‘rab, duoga qo‘l ochdilar.
“Qo‘qon-1912” matbuot xizmati.
Fikrlar