
Baxtiyor Ashurmatov: "Quvondiq Ro‘zievning o‘rnini bosa oladigan futbolchi topa olmadik, Dilshod Rahmatullaevga ulgurmay qoldik"
Coca Cola Superliga 4-tur doirasidagi "Qo‘qon-1912" – "Bunyodkor" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida "Qo‘qon-1912" jamoasi bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov ishtirok etdi.
- Bugungi o‘yinda ikkita jihat juda ranjitgan bo‘lsa, ikkita vaziyat qaysidir ma’noda xursand qildi. Bizga yoqmagan holatlarga kelsak, birinchisi o‘z maydonimizda katta ustunlikka ega bo‘lgan o‘yinimizda qimmatli ochkolarni yo‘qotganimiz bo‘lsa, ikkinchisi, bizni qo‘llab turgan muxlislarimiz gol ko‘rmagani bo‘ldi.
Quvontirgan jihatlar esa, “Bunyodkor”dek jamoalar Qo‘qonda durang qayd etganidan xursand bo‘lyapti. Jamoamiz hozir har qanday raqibni o‘zini hurmat qilishga majbur eta olgani xursand qildi. Ikkinchisi, futbolchilarim o‘yin oxirigacha g‘alaba uchun borini berib harakat qildi. Shunday harakat qilsa, baribir natija bo‘ladi. Biz uyda g‘alaba qozonishimiz kerak edi, shunda o‘zimizdan yuqorida turgan jamoalarga etib olardik. Afsuski, bugun g‘alaba qozona olmadik. Lekin futbolchilarimga oxirigacha kurashganliklari uchun, maydondagi mehnatlari uchun minnatdorlik bildiraman.
Suhrob Berdievning tiklanish jarayonlari biz kutganimizdan ko‘ra ancha cho‘zilib ketdi. Hali mashg‘ulotlarga qo‘shilgani yo‘q. Taxminan bir oydan keyin uning maydonga chiqishiga umid qilsak bo‘ladi.
Bugun zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘yinni kuchaytira olishdi. Malikjonov, Sidorov, Xojimirzaev biz kutgan o‘yinni namoyish qildi. Biz bugun birinchi bo‘limda markazda to‘p nazoratini ko‘proq yo‘qotdik. Ikkinchi bo‘limda to‘liq o‘yin nazorati jamoamiz tomonida bo‘ldi.
Jamoamizdagi futbolchilar o‘tgan mavsumdagi va bu mavsumdagi o‘yinlari bilan har qanday jamoaga qarshi bemalol kurasha olishini ko‘rsatmoqda. Bitta meni qoniqtirmagan holat, markazda dispetcher o‘yinchi yo‘qligi bo‘lyapti. Yakuba Bamba to‘p bilan muomalasi yaxshi. Lekin uning o‘yini qovushmasa zaxiramizda uning o‘rnini to‘ldiradigan futbolchi yo‘q. Qisqa qilib aytsam, Quvondiq Ro‘zievning o‘rnini bosadigan futbolchi topa olmadik. Dilshod Rahmatullaevni so‘nggi vaziyatda jamoamizga taklif qila olmay qoldik. Bamba tezroq biz kutgan o‘yinni namoyish qilsa, yanada kuchayamiz. Biz “Paxtakor”dan boshqa barcha jamoalar bilan bemalol raqobatlasha olamiz. Tan olish kerak, hozirgi kunda “Paxtakor” yurtimizdagi eng kuchli jamoa. Men yigitlarimga ishonaman, bugun yo‘qotgan ochkolarimizni keyingi o‘yinlarda joyiga qo‘ya olishadi. Muxlislarimizga ham ishonaman, ular bizni hech qachon yolg‘izlatib qo‘yishmaydi. Biz bugun muxlislarimiz oldida qarzdor bo‘lib qoldik va albatta keyingi o‘yinlarda qarzimizni uzamiz.
Albatta Shuhrat Maqsudov yaxshi jamoa tuzgan. Jamoamiz nomidan “Bunyodkor” ga va Shuhrat Maqsudovga keyingi o‘yinlarda omad tilayman, - deya fikrini yakunladi Ashurmatov.
Fikrlar