Baxtiyor Ashurmatov "Surxon"ni qanchalik o‘zgartira oladi?

  • 9 iyul, 2019, 20:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 6
  • Futbol
CHERY AUTO

Birinchi davradagi iste’folar orasida Baxtiyor Ashurmatovning ham borligini yaxshi bilsangiz kerak. Birinchi davrani «Buxoro»da boshlagan mutaxassis «Surxon» bilan yakunladi. Buxoroliklarni tark etganidan so‘ng unga termizliklar  taklif bilan chiqishdi. Natijada birinchi davra oxirlarida u rasman «Surxon» bosh murabbiyiga aylandi.

Tecno

«Surxon»ga qanday kelib qoldi?

Albatta, Baxtiyor A’zamovichni "Surxon" jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangani bilan muborakbod etdik. Lekin voqealar rivoji qanday tus oldi? Biz esa dastlab uning Termizga ko‘chib o‘tishining tafsilotlari qanday yuz bergani bilan qiziqdik.

- «Surxon» jamoasining «Bunyodkor»ga qarshi o‘yinidan oldin klub rahbariyatidan jamoani qabul qilib olishim to‘g‘risida taklif bo‘ldi. Rosti, ularning ushbu taklifi men uchun kutilmaganda bo‘ldi. Men bu jamoani tuzishda Ilhom Mo‘minjonovning mehnati katta ekanligini bilardim va balki Ilhomning diskvalifikatsiyasi echilsa uning o‘zi jamoani boshqarsa yaxshi bo‘lar, degan fikrni bildirdim. Vaziyat bir yoqqa surilishini kutaylik, agar shunda ham vaziyat o‘zgarmasa 1-davradan keyin bu masalaga qaytaylik, degan fikrni ham bildirdim. Bu orada «Bunyodkor» bilan bo‘lgan o‘yindan keyin «Surxon» rahbariyati jamoani hozir qabul qilib olishimni taklif qilishdi. Men esa Mo‘minjonov bilan gaplashganimdan keyin va yaqinlarim bilan maslahatlashganimdan so‘ng bu taklifga rozi bo‘ldim. Albatta, «Surxon» rahbariyatining taklifidan va menga bo‘lgan ishonchidan xursand bo‘ldim. Endi bu ishonchni oqlash uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilaman.

Ashurmatov o‘zini nega omadli murabbiy deb hisoblamoqda?

Ma’lumki, Ashurmatov «Buxoro» klubidan yaqinda  ketgandi. Ammo shunga qaramay, hech qancha vaqt ishsiz qolmasdan, mana yana bosh murabbiylikka qaytdi. Vaholanki, qaysidir murabbiy ishdan ketsa, uning yangi ish joy topilgunicha ancha vaqt o‘tib ketadi. Lekin Baxtiyor A’zamovich bilan bunday holatlar yuz bermadi. Ya’ni, u doim e’tiborda va kerakli mutaxassislar qatorida bo‘lib keladi. Buni esa uning hozirgi misolida ham ko‘rish mumkin. Qiziq, bunday jarayonga o‘zi nima degan bo‘lardi?

- Xudoga shukr deyman. Demak, omadli murabbiyman. Ikki marta qiyin vaziyatda «Buxoro» jamoasi menga katta yordam qildi. Birinchi vaziyatda «Andijon»dan ishdan ketganimda Ulug‘bek Baqoev menga ishonch bildirib, birga ishlaylik deb «Buxoro» jamoasiga taklif qildi. Baqoev bilan birgalikdagi samarali ishimiz yaxshigina obro‘imni ko‘tardi. Ikkinchi vaziyatda esa OKMKdan ishdan ketganimda «Buxoro» jamoasi rahbarlari – To‘ra aka Barnoev va Amrillo aka G‘iyosovlar menga ishonch bildirib, jamoaga taklif qilishdi. Shu sababli menga ishonch bildirgan bu insonlardan, «Buxoro» jamoasi muxlislaridan butun umr minnatdorman. Yana bir sabablardan biri qaerdan ishdan ketsam ham jamoa rahbarlari bilan do‘stona xayrlashaman. Ishlagan jamoalarimda futbolchilarning va murabbiylarning to‘lanmagan mablag‘i qolib ketsa ham jamoa ustidan shikoyat xati yozdirmaslikka harakat qilaman. Ba’zi jamoalarda natija ayrim sabablarga ko‘ra ijobiy bo‘lmasa-da, vijdonan ishlayman. Futbolchilarga hamda jamoa muxlislariga har doim hurmatda bo‘lishlarini ta’kidlayman. Ishlagan jamoalarimdagi uning muxlislari bilan ham munosabatim har doim a’lo darajada. Xudoga shukr, ishlagan ayrim jamoalarimda yaxshi natija ko‘rsatmagan bo‘lsam-da, muxlislar doimo meni qo‘llab-quvvatlashadi. Shu sababli ulardan doimo minnatdorman.

Ashurmatov «Surxon» bilan qancha muddatga shartnoma tuzdi?

Endi Baxtiyor Ashurmatov mavzusiga yanada chuqurroq va jiddiyroq yondashamiz. Aslida u doim o‘zini matbuotdan olib qochmaydi. Har qanday holatda ham jurnalistlar bilan muloqot qilishni kanda qilmaydi. Masalan, «Buxoro»ni tark etgan chog‘ida ham batafsil gaplashgandik. O‘shanda uning bir qator fikrlari e’tiborimizni tortgandi. Misol uchun endi yangi jamoani qabul qilib olsam ham 2-3 yillik shartnoma tuzib, uni oxirigacha etkazib ishlamoqchiman, degan fikrni ham ilgari surgandi. Mana, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, murabbiy yangi ish joyiga ega bo‘ldi. Shunday ekan, Baxtiyor A’zamovich ushbu fikrlariga hamoxang tarzda «Surxon» bilan kelishuvi o‘zi istagandek ro‘y berdimi? Bu haqida shunday dedi:

- Afsuski, futbolimizdagi asosiy muammolardan biri jamoa rahbarlari murabbiydan tezkor natija talab qilishadi. Shu sababli murabbiylarning bir necha yillik rejalari rejaligicha qolib ketaveradi. «Surxon» jamoasi bilan yil oxirigacha shartnoma tuzdik. Lekin men «Surxon» jamoasiga bir necha yillik reja bilan keldim va Termizda ko‘proq ishlamoqchiman. Jamoamiz rahbari Azamat aka ajoyib inson. Rahbar sifatida jamoaning Osiyo Chempionlar ligasiga chiqishni niyat qiladi va surxondaryolik muxlislarning orzusini amalga oshirishni istaydi. Natijada bu vazifa yo‘lida imkon darajasida jamoa uchun sharoitlarni yaratib berishadi. Viloyatimiz rahbarlari ham menga katta ishonch bildirishyapti. Viloyatimiz rahbarlaridan biri Abdug‘ani aka Sanginov esa futbolni qanchalik yaxshi ko‘rishlarini, O‘zbekiston futboli, Surxondaryo viloyati futboli rivojlanishida  katta hissalarini qo‘shishlarini futbol muxlislari yaxshi bilishadi. Shunaqangi futbol ishqibozlari bo‘lgan rahbarlarimizning ishonchini qozonishni xohlayman. Men ham murabbiy sifatida jamoamning Osiyo Chempionlar ligasida qatnashishini orzu qilaman. O‘tgan yilgi mavsumda OKMK bilan Chempionlar ligasiga chiqishga muvaffaq bo‘ldik. Lekin xalqaro maydonlarda murabbiy sifatida qatnashish hozircha nasib qilmagan ekan. «Surxon»da yaxshi niyat bilan ish boshladik. Asosiy maqsadimiz Surxondaryo futbolini rivojlantirish. Surxondaryo futboliga yaxshi poydevor qurish. Biz futbol jonkuyari bo‘lgan ajoyib rahbarlar bilan albatta Surxondaryo futbolini yuksaklarga ko‘tara olamiz.

Ashurmatov endi o‘zgardimi?

Shuningdek, «Buxoro»dan qisqa vaqt ichida ketganidan keyin o‘zi uchun xulosalar chiqardi va yangi ish joyida oldingi xatolarni takrorlamaslikka harakat qilaman deya o‘ziga-o‘zi qat’iy talablarni qo‘ygandi. Xo‘sh, endi yangi Ashurmatov sifatida qaytdim deya oladimi? Ya’ni, oldingi ish jarayonidagi printsiplarga ko‘ra nimalardan voz kechdi-yu, nimalarni amalga tatbiq etmoqchi? Tabiiyki, bu boradagi uning fikrlari yanada qiziq bo‘lsa kerak.

- To‘g‘ri, «Buxoro»dan ketganimdan keyin u erdagi ishimni tahlil qildim, - deya mavzuni davom ettirdi, Ashurmatov. – «Buxoro»ni juda qiyin vaziyatda qabul qilib olgandim. Katta hajmdagi ishni jamoa rahbari Shuhrat Hamroev bilan amalga oshirgan edik. Juda oson engildim. «Buxoro»da yomon jamoa tuzmagandik. Oxirigacha kurashishim kerak edi. Ishdan ketganimdan keyin jamoa muxlislari, jamoa rahbari Akbar Alisherovich meni qo‘llab-quvvatlashganda, jamoa natijalari yaxshi tomonga o‘zgarishi qiyin bo‘lganida xato qilganligimni tushunib etdim. Endi qaerda ishlamayin jamoa natijalari yaxshi bo‘lishi uchun oxirigacha kurashaman.

Ashurmatov yangisi_1

U asosiy maqsadini aytdi

Baxtiyor A’zamovichga yana bir masalada murojaat qilmoqchimiz: hammamizga yaxshi ma’lum, aslida murabbiylik ishi juda og‘ir kasb. U istalgan paytda ishsiz qolishi mumkin. Masalan, «Surxon»ni olaylik, bir qarashda jamoaning natijalari binoyidek. Misol uchun, ular oxirgi turda «Bunyodkor»ni mag‘lub etishdi. Turnir jadvalida esa 3-o‘rinda borishayotgandi. Biroq Andrey Miklyaev bosh murabbiy lavozimini tark etdi. Endi esa barcha javobgarlik Ashurmatovning zimmasiga yuklatildi. Shunga ko‘ra u 3-o‘rinda borayotgan jamoani qabul qilib oldi va go‘yoki xato qilishga haqqi yo‘qdek... Futboldagi bunday holatlar Ashurmatovga yanada katta bosim o‘tkazmaydimi? Umuman olganda, u hammasiga tayyormi? Ya’ni, «Surxon»da ham baribir yangi murabbiydan natija kutishlari tabiiy.

- To‘g‘ri, murabbiylik ishi juda ham og‘ir. Men ham o‘tgan yili OKMK tarixida birinchi marta Kubokni qo‘lga kiritganidan keyin ishdan ketdim. Lekin bitta narsani aniq ayta olamanki, biror marta ishlab turgan murabbiyni o‘rniga borish uchun o‘zim harakat qilmaganman. To‘g‘ri, mas’uliyat juda ham katta. Chunki ko‘pincha og‘ir vaziyatdagi jamoalarni qabul qilib olganman. Hozir esa 3-o‘rindagi jamoani qabul qilib oldim. Men har qanaqa bosimga tayyorman va rahbariyat oldimizga qo‘ygan vazifani bajarish uchun oxirigacha vijdonan harakat qilaman. Murabbiy sifatida eng asosiy maqsadim «Surxon» jamoasi muxlislarining mehrini qozonish hamda Surxondaryo futbolida yaxshi nom qoldirish.

Agamurodov endi Ashurmatov bilan birga

Lekin askiga olib, Ashurmatovning «Surxon»dagi debyuti omadsiz boshlandi. Superliganing so‘nggi turida Qarshida «Nasaf»ga mag‘lub bo‘lishdi. Keyin esa Liga Kubogi doirasida o‘z uyida «Sho‘rtan»ga yirik hisobda yutqazib qo‘ydi va keyin Jizzaxda «So‘g‘diyona»ga engildi. Demak, bosh murabbiyning oldida hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Bunday paytda esa uning murabbiylar shtabi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, Ashurmatov ish boshlaganidan keyin yana bir tajribali mutaxassis Tachmurod Agamurodov ham Termizda ish boshladi va u «Surxon»da maslahatchi murabbiy sifatida ishga kirishdi. Shu o‘rinda Baxtiyor A’zamovich yangi klubidagi murabbiylar shtabi to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi.

- Albatta, murabbiylar shtabini aniqlab oldik. Tajribali murabbiy Tachmurod Shamakovich Agamurodov maslahatchi murabbiy sifatida ish boshladi. Zoxid aka Nurmatov ham murabbiylar shtabida menga yordam beradi. Shuningdek, darvozabonlar bilan Ruslan Axmedxonov ishlashda davom etadi.

Tarkib kuchaytiriladi

Xullas, Ashurmatovning «Surxon» jamoasidagi hayoti ham boshlandi. Yangi jamoasining bugungi tarkibi murabbiyni qoniqtiradimi yoki yozgi tanaffus chog‘ida o‘zgarishlarga muxtoj deb o‘ylaydimi? Bizningcha, uning bu masalada bildiradigan fikrlari ham qiziq tuyulsa kerak-a?

- Mendan oldin ishlagan murabbiylar shtabi yaxshi jamoa shakllantirishgan. Lekin 1-davrada asosiy yuklama 10 ta futbolchini elkasiga tushdi. Biz mavsum oxirigacha etakchi jamoalarga raqobat qilmoqchi bo‘lsak, selektsiya ishlarini jadal olib borishimiz kerak va har bir chiziqda raqobatni kuchaytirishimiz lozim.

Hozircha hech kim ketgani ham, kelgani ham yo‘q

Yozgi yig‘in boshlangan paytda futbolchilarning keldi-ketdisi borasidagi gap-so‘zlar avj olishi tabiiy. Shu jumladan «Surxon»da ham bunday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligi borasidagi xabarlar ham yo‘q emas…

- Albatta, tarkibimizda o‘zgarishlar bo‘ladi. Lekin hozircha rasman hech kim ketgani yo‘q va hech kim kelgani ham yo‘q. Chunki yaxshi o‘yinchilarning o‘z klublari bilan shartnomalari bor va ular o‘z futbolchilarini osonlikcha qo‘yib yuborishmaydi. Shu sababli yurtimizdagi yaxshi saviyadagi o‘yinchilarni jalb qilish oson bo‘lmaydi.

Yig‘in Toshkentda olib borilyapti

Shuni aytish joizki, ikkinchi davra Baxtiyor Ashurmatov uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi. Boisi u yangi jamoasi bilan yanada yaxshiroq o‘yinlar va natijalar ko‘rsatish uchun ham ikkinchi davraga jiddiyroq tayyorgarlik ko‘rishi talab etiladi. Shu bois murabbiy yozgi yig‘indagi rejalari bilan ham o‘rtoqlashdi.

- Ikkinchi davraga 7 iyuldan tayyorgarlik ko‘rishni boshladik. Mashg‘ulotlarimiz asosan Toshkentda olib boriladi. 15 iyulda «Qizilqum» 18-kuni esa «Dinamo» bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazamiz.

Liga Kubogi haqida

Shuningdek, ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘rish uchun murabbiylarning ixtiyorida etarlicha vaqt qolmayapti. Boisi birinchi davra tugagach, Liga Kubogi musobaqasi o‘yinlari davom ettirildi. Ikkinchi davraga 26 iyulda start berilishini inobatga olsak, jamoalar uchun tayyorgarlik tig‘iz grafik asosida olib borilishi ko‘rinib turibdi. Chunki futbolchilarga albatta dam berilishi lozim. Shu bois Ashurmatov ushbu holatga ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

- Liga Kubogi o‘yinlar sonini ko‘paytirish va futbol saviyasini oshirish uchun tashkil qilingan turnir. Shu bois biz buni to‘g‘ri qabul qilishimiz va bundan iloji boricha to‘g‘ri foydalanishga harakat qilishimiz kerak. Murabbiylar o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan futbolchilar va yoshlarni sinab olish orqali bu vaziyatdan chiqib ketishmoqda. Shu sababli o‘ylaymanki, Liga Kubogining ham foydali tomonlari ko‘p. Shuning uchun ham bu musobaqani noto‘g‘ri deb aytmagan bo‘lardim. Masalan, «Surxon»da ham bu uchrashuvlarda birinchi davrada kamroq o‘ynagan futbolchilardan foydalandik. Vaqt kam yoki dam olishga ulgurmayapmiz deb nolimasdan ko‘ra o‘z ustimizda ishlashimiz kerak.

Iste’folar to‘g‘risida

Umuman olganda, bu yilgi Superligamizda murabbiylar bilan bog‘liq o‘zgarishlar ko‘p yuz beryapti, hali birinchi davra tugamay turib, bir qator mutaxassislar ish joyini o‘zgartirishdi. Bunday murabbiylarning o‘zgarishi nima bilan bog‘liq? Rahbariyat va muxlislar sabr qila olishmayaptimi yoki murabbiylar eplay olishmayaptimi? Aynan mazkur masala yuzasidan ham Ashurmatovga yuzlandik.

- Birinchi davraning o‘zidayoq shuncha murabbiyning o‘zgarishi normal holat emas. Murabbiyga natija ko‘rsatishi uchun vaqt va ishonch kerak. Mening fikrimcha, jamoalarning rahbarlari va jamoa muxlislari sabrliroq bo‘lishlari kerak. Chunki qisqa vaqt ichida yaxshi jamoa tuzish oson ish emas.

OKMK to‘g‘risida

Shu o‘rinda yana bir jihatga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Bugungi OKMKning o‘yinlari va natijalaridan kelib chiqqan holda ko‘pchilik o‘tgan yili Ashurmatov ustozlik qilgan OKMKni kuchliroq ekanligi haqidagi gaplarni eshitmoqdamiz. Bu esa avvalo bugungi kundagi «Surxon» bosh murabbiyining mehnatlari bilan bog‘liqdir…

- Albatta, bunday fikrlarni eshitish yoqimli. Lekin Mirjalol aka Qosimov kuchli murabbiy. Vaziyatdan chiqib ketadi. OKMK oxirgi paytlarda chiroyli o‘yin ko‘rsatyapti va jamoa vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishiga ishonchim komil. Bu yo‘lda men jamoaga, murabbiylarga, uning muxlislariga omad tilayman.

Ashurmatov Davron Fayzievni eng yaxshi murabbiy deb atadi

Odatda murabbiylar o‘z hamkasblarining ish faoliyatlarini kuzatib boradilar. Shu o‘rinda Ashurmatovdan o‘zi uchun bugungi kunda Superligadagi eng yaxshi murabbiy kimligi bilan ham qiziqdik.

- Bu yilgi mavsumda ishlab turgan murabbiylardan Davron Fayzievga qoyil qolmasdan ilojimiz yo‘q. Fayzievni bu yilgi mavsumning eng kuchli murabbiyi deb bilaman. Chunki nomdor bo‘lmagan futbolchilar bilan ajoyib natija ko‘rsatyapti. Jamoasi eng jangovor, muxlislarbop, jozibador futbol namoyish qilmoqda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Max1960
09/07/2019 21:04
Шу Ашурматов хам капалакка ухшаб, учиб куниб.юраверади,
&
FarruxFarrux
09/07/2019 22:16
Сурхонни туширвормаса булди Муминжоновни мехнатини бир тинг килиб
&
Surxon turon
10/07/2019 09:34
Биринчи даврада мӯминжоновди таркиби учинчи ӯринда булди кӯрамиз енди ашурматди кӯтига урмаса бӯлди
&
Ahadhon
10/07/2019 20:00
Xamasini.vaqtko'rsatadi.
&
Holis
09/07/2019 20:36
Ashurmatov oldiga bronza qôyilgan.Lekin buni uddalay olmasa kerak.
&
Dima Muratov
09/07/2019 20:22
Surxonga omad va zafarlar tilayman lekin Surxonga ajratilgan katta summani 1 chi davrani uziga sarflab tashadi.
Ikinchi davrada muammolar girdobida qoladiyov shu.
Исмиямин Шукуров
09/07/2019 23:24
Нунок рахбарларни нотугри тутуруксиз карорлари сабаб хеч кандай курашларсиз тайёрига айёр супперда лоп этиб пайдо булиб колган клуб кули етмас бронза хакида уйлаши галати эшитилар экан.
Агар таркиб кучайтирилмаса Сурхон 3-урин у/н курашда узига яраша ракобат кила олса хам катта гап.
10/07/2019 16:20
Сенга сурхони суперда уйнагани огирлик киляпдими ичинг ачишяпдими бронзамас кумуш учун уйнасин кандини урсин ундай ичи кора бахил булма мужик
Исмиямин Шукуров
10/07/2019 19:31
Муроджон аввало жавоб ёзишда узаро хурмат саклашни урганинг, тугри сансираб ёзишингиз бу сизни айбингиз эмас.
Мен хакикатни ёздим ва уз фикримни билдирдим кимга канака бу мени фикрим холос.
Мактаб ёзганим б/н Сурхон таркиби кучайиб колмайди-ку.
&
FarruxFarrux
09/07/2019 21:24
Ашурматов тугрисини айтаверинг хамма билади мухлислар Муминжонов Сурхонни Бунёдкор уйинидан кейин тарк этти
Ва Сурхон Рахбариятига энди оркадан хам бошкара олмайман деб Сурхонни топширди Чунки унинг Судига саноклик кунлар колганди Муминжоновнинг адвокатлари Сурхонга хозирча оёгингни хам босмайсан деб айтишди Суд булаётган пайтта ортикча дахмаза керак эмас Битаси расмга олса томом иш янада чигалашиб кетади Ашурматов Муминжонов колдириб кетган Сурхонга эса факат омад
Илхом Муминжонов кайтади унданда кучли булиб кайтади
&
Ahadhon
10/07/2019 20:03
Undanda kishini pastda.uyinsotarku.