
Baxtiyor Ashurmatov: "Tan olish kerak, "Paxtakor" g‘alabaga loyiqroq o‘yin ko‘rsatdi"
“Qo‘qon-1912” – Paxtakor” (1:1) uchrashuvidan keyin matbuot anjumanida dastlab mezbonlar ustozi Baxtiyor Ashurmatov qatnashdi.
- Juda og‘ir o‘yin o‘tkazdik. “Paxtakor” ko‘p jabhada bizdan ustunlik qildi. Afsuski, jamoamiz maydonda og‘irroq harakat qildi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda to‘p nazoratini butunlay “Paxtakor”ga berib qo‘ydik. Chetdan qaraganda, “Paxtakor”ni gol urishi borasida xavotir bor edi. To‘pni himoyamizdan uzoqlashtirish uchun Javohir Sidiqov o‘rniga ikkinchi hujumchini maydonga tushirdik. Biroq qarshi hujumda gol o‘tkazib yubordik. Afsuski, Dragan Cheran jarohati sababli shuncha payt o‘ynamasdan turib biz bilan bahsda zaxiradan maydonga tushib gol urdi. Mahoratini yana bir bor ko‘rsatdi. Tan olish kerak, “Paxtakor” bugun g‘alabaga nisbatan loyiqroq edi. Lekin biz oxirichaga kurashdik, markaziy himoyachimizni hujumga o‘tkazdik. Jamoamiz so‘nggi daqiqagacha harakat qilganiga yarasha Xudo ham bizni qo‘lladi. To‘g‘ri, uyimizda g‘alaba qozonishimiz uchun o‘ynashimiz kerak. Lekin “Paxtakor” bizni himoyalanishga majbur qildi. Oxirida gol urganimizni inobatga olsak, durang bizni qoniqtirdi. Ammo murabbiy sifatida tan olish kerakki, “Paxtakor” g‘alabaga loyiq o‘yin ko‘rsatdi.
- Quvondiq Ro‘ziev bilan Javohir Sidiqovni almashtirishingizga nima sabab bo‘ldi?
- Quvondiq nisbatan hujumkorroq futbolchi. Aytib o‘tganimdek, ikkinchi bo‘limda to‘p nazorati “Paxtakor”ga o‘tib ketdi. Shu bois markazni kuchaytirish uchun, ammo Ro‘zievni yomon o‘ynagani yoki qaysidir vaziyatda xato qilgani uchun emas, balki markazni mustahkamlash va to‘p nazoratini o‘zimizga olish maqsadida Dilshod Rahmatullaevni tushirdik. U himoyaga ham asoslangan va hujumlarni ham boshlay oladi. Balki bu noto‘g‘ri qarordir. Baribir Quvondiq yaxshi o‘yin ko‘rsatib turgandi. Javohirni almashtirishimizga kelsak, to‘liq kuch bilan yugurmasa-da, jarohat bilan o‘ynayapti. Oxirida charchab qolgandi, yuklama berganda oyog‘i shishib ketyapti. Baribir oxirigacha o‘ynashga tayyorman deyapti. Baribir uni ham almashtirishga majbur bo‘ldik. Birinchidan, jarohatini inobatga olgan bo‘lsak, ikkinchidan to‘pni darvozamizdan uzoqlashtirish hamda to‘pni nazorat qilib, “Paxtakor”ga bosim o‘tkazmoqchi bo‘ldik.
- San’at Shixovni o‘yini unchalik qovushmadi...
- Avaz Mamatxo‘jaevni chaqirganimda Murod Xolmuhammedovni o‘rniga tushirmoqchi edim. “Metallurg” bilan uchrashuvdan keyin bir yarim oy davomida mashg‘ulotlarda qatnasha olmadi. Sog‘ligida muammo bo‘ldi. O‘tgan safar 15 daqiqaga maydonga tushdi. Bugun sog‘ligini tavakkal qilib maydonga tushirdik. Shu sababli uni ham almashtirmoqchi edik. Ammo o‘zi oxirigacha o‘ynamoqchiligini aytdi. Faqat Shixovni emas, butun jamoamizni o‘yini chiqmadi. Bu vaziyatda qaysidir futbolchini aytmagan bo‘lardim. “Paxtakor” kuchliroq o‘yin ko‘rsatdi. Balki zaxiradan maydonga tushganlarning hammasi ham o‘yinimizni kuchaytirmagandir. O‘yindan va qilgan o‘zgarishlarimizdan norozi bo‘lishim mumkin. Lekin alohida kimnidir ayblamagan bo‘lardim.
- Islom Abdullaev jarohat oldi, u keyingi uchrashuvga tayyor bo‘ladimi?
- Hozir ichkariga kirganimizda ham o‘zini yomon his qilayotgandi. Shifokorlarimiz o‘yindan keyin ham unga yordam ko‘rsatishdi. O‘ylaymanki, keyingi o‘yingacha tayyor bo‘ladi. Bizda yana boshqa darvozabonlar bor. Muzaffar Abdullaev ham, Nodir Ashurmatov ham bemalol o‘ynay olishadi. Abdullaevga tezroq sog‘ayishini tilab qolamiz. Mo‘min Melievga kelsak, balki ayrim vaziyatlarda muxlislar undan norozi bo‘lishgandir, lekin u katta hajmdagi ishni bajardi. Penalti ishladi. Himoyachilarga bosim uyushtirdi. Birinchi bo‘limda uchta yarim himoyachimiz himoyachilarga yaqinroq o‘ynagani bois hujumda Meliev yakka kurashlarda yutib, keyin to‘p raqibga tushgan paytlarda Mo‘minning o‘yini unchalik ko‘zga tashlanmay qoldi. Uni ham sog‘ligi yaxshi, keyingi o‘yinga tayyor bo‘ladi.
Fikrlar