
Berdievsiz "Nasaf", yangilanayotgan "Paxtakor" va AGMK, zaiflashgan "Bunyodkor" - O‘zbek klublari Superliga yangi mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rdi? (1-qism)
Superliga o‘tgan mavsumini o‘zbek jamoalari har xil kayfiyatda yakunladi. Kimdir barcha sovrinlarni o‘ziniki qilgan bo‘lsa, kimdir o‘z tarixida yangi sahifa ochdi. Yana qaysidir jamoa yangi mavsum startidan bir necha kun avval o‘tgan yilgi natijalari uchun taqdirlandi. Bir tomondan, bu dilni xira qiladigan holat. Ammo muhimi endi futbolchilar yangi mavsumni yaxshi kayfiyat bilan boshlay oladi. Albatta, bu chempionat intrigasi uchun quvonarli holatligini hech kim inkor eta olmaydi. Qolgan klublarchi? Ular “Superliga-2021” startiga qay tarzda etib keldi. Bugun ba’zi jamoalar haqida fikr yuritamiz.
"Paxtakor"
So‘nggi ikki mavsumda raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmagan “sherlar” bu safar biroz zaifroqdek tuyulmoqda. Buning eng katta sababi sifatida bosh murabbiy Shota Arveladzening Toshkentni tark etganini ko‘rsatish mumkin. Gruziyalik mutaxassis klub tizimida sezilarli o‘zgarishlarni amalga oshira olganini e’tirof etish joiz. To‘g‘ri, uning o‘rnini yana bir xorijlik murabbiy egalladi. Piter Xyuistra Arveladzening yordamchisi sifatida faoliyat olib borgan va undan o‘rgangan jihatlari borligi tayin. Ammo uning muvaffaqiyatlariga hech kim kafolat bera olmaydi. Bundan tashqari, jamoa etakchilari Jaloliddin Masharipov, Doston Hamdamov hamda Igor Sergeev legionerga aylandi va o‘zidan keyin ancha katta bo‘shliq qoldirdi. Ularning o‘rniga kelgan Sardor Rashidov va Aziz Turg‘unboevga to‘liq hurmatni saqlagan holda aytishimiz mumkinki, jamoaga kelgan yangi yulduzlar doim ham kutilgan natijani ko‘rsata olmaydi. Misol uchun, Rashidov bir necha yillar davomida legioner sifatida to‘p tepgan. Tabiiyki, unda yana chet el jamoalariga ketish istagi bor. Turg‘unboev esa, “Navbahor” bilan faqatgina ichki chempionatda ishtirok etgan. Unda OChL tajribasi yo‘q. Aslida, Superliganing amaldagi g‘olibi Muhitdinov bilan ham o‘z tarkibini kuchaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Bundan tashqari, ijaradagi Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, Marlen Chobanov kabi iste’dodlarini ortga qaytardi. Bu ham tarkib nuqtayi nazaridan ancha foyda. Vladimir Kozak, Akrom Komilovning boshqa jamoaga o‘tganini ham esdan chiqarmaslik lozim. Xulosa o‘rnida, “sherlar”ni yangi mavsum uchun shohsupada tasavvur qilish mumkin. Biroq bu o‘tgan yilgidek katta farq va ustunlik bilan bo‘lmasligi ham ehtimoldan holi emas.
“Nasaf”
Eng katta yo‘qotish “ajdarlar” tarkibida deyish o‘rinli bo‘ladi. Avvalo, bosh murabbiy va klub ustuni Ro‘ziqul Berdievning mavsumoldi yig‘inlarda ishtirok eta olmayotganligi buning eng katta sababi bo‘la oladi. 49 yoshli mutaxassis sog‘ligidagi ba’zi muammolar tufayli o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga boshchilik qila olmayapti. Bundan tashqari, avvalroq Qarshini bir necha “Nasaf” etakchilari tark etganini ham keltirib o‘tish joiz. To‘purar Bobir Abdixoliqov, qanotda ancha faol o‘yin namoyish etuvchi Islom Kenjaboev, maydon markazini boshqaradigan Sharof Muhitdinov kabi yaxshi darajadagi futbolchilarning o‘rni hali to‘ldirilganicha yo‘q. Superliga startiga esa 10 kundan kam vaqt qoldi. “Nasaf” haqiqiy yulduzlar fabrikasi. Buni hech kim inkor eta olmaydi. Ammo ruhiy bosim va moliyaviy qiyinchiliklar har qanday klubga halal berishi bor gap. Hozirda jamoa OFK kubogida ishtirok etish imkoniyatiga ega. Agar bu amalga oshsa, “ajdarlar”ning e’tibori yana bir frontga bo‘linadi. Bu O‘zbek futboli uchun foyda, biroq o‘zi shundoq ham tarkibida muammolar bor klub yanada qiyinchilikka duch kelish ehtimoli katta.
AGMK
Ortda qolgan mavsumning eng katta kashfiyoti sifatida aynan olmaliqliklarni ko‘rsatish mumkin. O‘z tarixida ilk bor medallar egasiga aylangan klub Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Transfer bozorida o‘z tarkibini bir nechta iste’dodli futbolchilar bilan to‘ldirgan jamoa "Al-Garafa" to‘sig‘idan o‘tishi lozim. Qatarliklar ham yaxshi daraja namoyish etmoqda. Ichki chempionatda 5-pog‘onani band etgan "Al-Garafa"da xalqaro tajriba ham mavjud. Ular 4 bor OChL ishtirokchisiga aylangan. Ammo biznikilar ham anoyi emas. Kuchli murabbiy, yaxshi tarkib va eng muhimi, jamoaviy birdamlikka ega AGMK yangi mavsumda Superliga chempionligi uchun ham da’vogarlik qilishga qodir. Garchi tarkibdagi ba’zi futbolchilar Olmaliqni tark etgan bo‘lsada, Aleksandr Kasyan, Botirali Ergashev, Sanjar Shoahmedov, Dilshod Ahmadaliev, Shohrux Gadoev kabi yaxshi darajadagi o‘yinchilar klub safini to‘ldirdi. Umuman olganda, Mirjalol Qosimov qo‘l ostida ajoyib jamoa shakllangan va ular Superliga chempionligi uchun intriga hosil qilish uchun yaxshi imkoniyatga ega.
"Bunyodkor"
O‘tgan mavsumdagi natijasi orzu bo‘lib tuyulayotgan ilk jamoa aynan "Bunyodkor", nazarimizda. Nega bunday fikr uyg‘onmoqda? Sababi, jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov endi bor e’tiborini milliy terma jamoaga qaratishga majbur. Futbolimiz rahbariyati unga shunday shart qo‘ydi. Endi "qaldirg‘ochlar" posti yordamchi murabbiy Marat Miftaxuddinovga qolib ketdi. Kamiga, Islom Qobilov, Sanjar Qodirqulov, Abdujalil Abdumavlonov, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev kabi asosiy tarkib futbolchilari boshqa jamoa libosini kiydi. Ustiga ustak, poytaxtliklar shov-shuvli transferlarni ham e’lon qilmadi. Bir necha yaxshi darajadagi futbolchilar bilan shartnomalar bo‘lganini ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Ammo bu borada medallar uchun doimiy kurash olib boradigan "Bunyodkor" ko‘proq harakat qilishi lozim, nazarimizda. Shunga qaramay, klub muxlislarini quvontiradigan jihat ham yo‘q emas. Klub bosh direktori sifatida bir necha yil faoliyat yuritgan Ulug‘bek Mirzaev yana boshqaruvga qaytdi. Shuningdek, jamoa "Hokim kubogi"da ham zafar quchdi. Bu holatlar yangi mavsum uchun "qaldirg‘ochlar"dan umid bog‘lash mumkinligini anglatadi. Lekin bu Superliga chempionligi uchun da’vo emasligi ham achchiq haqiqat.
Bugun siz azizlar bilan Superliga o‘tgan yilgi kurashda kuchli to‘rtlikdan o‘rin olgan jamoalarning yangi mavsum uchun qay darajada tayyorgarlik ko‘rgani bilan tanishtirishga harakat qildik. Maqolamizning keyingi sonlarida qolgan jamoalarning mavsumoldi holati haqida ma’lumot beramiz. SPORTS.uz saytini kuzatib boring!
Fikrlar