Bilasizmi, "Andijon" futbolchisiga Superliganing 8 ta, Evropaning esa 3 ta klubi qiziqib qoldi
Sarlavhani o‘qigan o‘quvchi darhol yo‘g‘e, deyishi mumkin. Bu tabiiy. Lekin kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, “Andijon” futbolchilariga talab kuchli. Hozirgacha Farhod Bekmurodov, Farhod Mirahmatov va Xushnud Avilov singari etakchi o‘yinchilar boshqa klublar bilan kelishuvlarga erishishdi. Bulardan tashqari, “Andijon”ning yana bir talay o‘yinchilariga yaxshi takliflar bo‘lyapti.
Ayniqsa, 2000 yilda tug‘ilgan iqtidorli qanot yarim himoyachisi Doniyor Abdumannopovning bozori chaqqon deyishimiz mumkin. Chunki eng ko‘p talab hozirda ushbu o‘yinchiga bo‘lyapti. U qanot yarim himoyasida ham, hujumchi ortida ham bemalol o‘ynay oladi. Asosiysi, unda iqtidor bor. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Abdumannopovga Superliganing naqd 8 ta klubi jiddiy qiziqish bildiryapti. Bu bor gap. Mavsum oxirlarida ham, yaqinda ham ayrim murabbiylar hattoki o‘zimga ham ushbu o‘yinchiga qiziqayotganliklarini yashirishmagandi. Qizig‘i, bu hali hammasi emas. Doniyor kerak bo‘lsa yangi mavsumni legioner sifatida o‘tkazishi ham mumkin. Bu borada unda variantlar bor. Rossiya, Belarus va Polsha jamoalari ham uni diqqat bilan kuzatib borishyapti va qiziqish borligini bildirishoqda. Misol uchun Rossiya birinchi divizioni etakchilaridan biri, premer-liga yo‘llanmasi uchun kurashayotgan klub ham “Andijon” futbolchisiga befarq emas. Yakuniga etgan mavsumda u “Andijon” safida 16 ta uchrashuvda maydonga tushib 2 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Albatta, mavsum davomida uni jarohatlar ham bezovta qilib turdi.
20 yoshli o‘yinchining kelajagi porloq. Shu bois ham uni Superligamizda ko‘zga ko‘ringan murabbiylar o‘z jamoasida ko‘rishni xohlashyapti. Ko‘pchilik esa “Andijon”ni qator etakchilar tark etayotgani fonida Abdumannopovni ham boshqa klubga ketdi deb o‘ylashmoqda. To‘g‘ri, Doniyorga takliflar bisyor bo‘lsa-da, ammo hali andijonliklar safini rasman tark etgani yo‘q. Shartnomasi tugab borayotgan futbolchini avvalo “Andijon” rahbarlari va murabbiylari qanday bo‘lmasin jamoada saqlab qolish harakatida yuribdilar. Buning ustiga bosh murabbiy Otabek G‘ulomxo‘jaev uchun ham Abdumannopov muhim o‘yinchi va yangi mavsumda o‘z rejalariga kiritgan. Shu sababli murabbiy ham uni saqlab qolishga harakat qilmoqda. G‘ulomxo‘jaev ilgari turli yoshdagi terma jamoalarda ishlaganida Doniyorni tarkibga jalb qilardi va uning imkoniyatlarini juda yaxshi biladi. Hozir ham u terma jamoaga nomzod o‘yinchi. Ayni paytda bu futbolchi bilan qizg‘in muzokaralar olib borilyapti. “Andijon” bosh murabbiyi esa Abdumannopovga chindan ham Superliganing 8 ta va Evropaning 3 ta klubidan taklif borligini sports.uz saytiga bergan intervyusida tasdiqladi. Tez orada G‘ulomxo‘jaev bilan uyushtirilgan qiziqarli suhbatni ham saytimizda o‘qishingiz mumkin. Aytmoqchimizki, murabbiyning o‘sha gapi futbolchiga bo‘lgan e’tibor haqiqatan yuqori ekanligini bildiradi. To‘g‘ri, hali unda tajriba shakllanmagan. Biroq yuqorida aytganimizdek, katta iqtidor bor. Kelajakda esa o‘zbek futbolining muhim o‘yinchilaridan biri bo‘lib etishishi ehtimoli yuqori. Shu sababli ham murabbiylar unga befarq emaslar.
Kuni kecha “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov sports.uz sayti mehmoni bo‘ldi. “Futboldan gaplashamiz” loyihasi doirasida qiziqarli mavzularda suhbat uyushtirdik. O‘sha muloqot jarayonida ham Ashurmatov bevosita “Andijon”ga to‘xtalib, klub bu mavsumda Superligada pley-off orqaligina elitada arang jon saqlab qolganiga qaramay, jamoaning o‘yinchilariga talab va e’tibor yuqori bo‘layotganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Bu bejiz emas. Ashurmatovning ushbu gapi ham yuqoridagi fikrlarimizni tasdiqlab turibdi.
Ko‘rinib turibdiki, Superliga klublarida Doniyor Abdumannopov uchun kurash qizg‘in tus olgan. Albatta, keyinchalik bu o‘yinchining qay darajada shakllanishi va tajriba orttirishini vaqt ko‘rsatadi. Biroq murabbiylar unda nimanidir ko‘ra olishgani uchun ham taklif bilan chiqishyapti. Biz esa u bilan bog‘liq voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Fikrlar