"Biz ham sifatli kontent tarafdorimiz" - "Yoshlar" telekanali Chempionlar ligasi o‘yini vaqtida sodir bo‘lgan uzilish haqida

  • 7 sentabr, 2022, 19:51
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha EChL 1-turi doirasidagi "Dinamo" Zagreb - "Chelsi" uchrashuvi MTRK tarkibidagi "Yoshlar" telekanali orqali efirga uzatildi.

Tecno

Bugun telekanal "Telegram"dagi sahifasi orqali jarayon davomida yuzaga kelgan muammo haqida tushuntirish berib o‘tdi.

"6 sentyabr kuni “Yoshlar” telekanali orqali efirga uzatilgan “Dinamo Zagreb” va “Chelsi” jamoalari o‘rtasidagi futbol o‘yini davomida qisqa uzilishlar sodir bo‘ldi. Translyatsiya signalida bo‘lgan uzilishdan so‘ng kadr bir nuqtada qotib qoldi va avtomatik tarzda zaxira (rezerv) kadrga o‘tib ketildi. Ushbu vaziyat tomosha uchun noqulaylik keltirib chiqardi. Qisqa uzilishdan so‘ng o‘yin sharhlovchisi vaziyatga izoh berdi va noqulaylik uchun uzr so‘radi.

Shu kunlarda futbol olamida parallel tarzda bo‘lib o‘tayotgan qiziqarli bahslarni bir vaqtda bir nechta telekanallar orqali jonli taqdim etishdan maqsad futbol muhlislarini xursand qilish. Uzilishlar sabab yuzaga kelgan noqulaylik bizni ham ranjitadi. Biz ham sifatli kontent tarafdorimiz.

Shu o‘rinda, telekanallarda futbol translyatsiyalari uchun mahoratli ijodkorlardan tashkil topgan katta jamoa jalb qilingan. Nafaqat o‘yin, balki o‘yin oldi yoritish ham kuchaytirilgan. Tomoshabin oldidagi mas’uliyatni to‘g‘ri tushungan holda futbol bahslari namoyishlarini yuqori darajada efirga uzatish uchun tinimsiz harakatdamiz!

Tomoshabinlar tomonidan etib keladigan har bir fikr va taklif biz uchun qadrli. Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimiz orqali fikr va mulohazalarni qabul qilishga tayyormiz!"

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!