
Bobur Abduxoliqovga endi Superliga debyutanti ko‘z tikmoqda! Yoxud hujumchi yangi mavsumni qaerda boshlaydi?
“Nasaf” klubining iqtidorli hujumchisi Bobur Abduxoliqov masalasiga haligacha oydinlik kiritilmayotgani biroz g‘alati tuyulmoqda. Yodingizda bo‘lsa, u yangi yil arafasida saytimizga intervyu berib, legioner sifatida xorijda to‘p surmoqchi ekanini va shuning uchun “Nasaf”dan ketganini ma’lum qilgandi. Lekin oradan bir oy o‘tdi, Bobur hamon “Nasaf” bilan birga shug‘ullanib yuribdi.
Albatta, Abduxoliqov bilan tez-tez aloqada bo‘lib turibmiz. O‘zining aytishicha, barcha masala yaqin vaqtlar ichida hal bo‘lishi haqida aytmoqda. Lekin bu hujumchi borasida haligacha biror yangilik yo‘q. Unga xorijdan bir qator klublar qiziqish bildirayotgani haqida ham xabarlar chiqqandi. Bu qanchalik rost? Agar Abduxoliqovga jiddiy taklif bo‘lganida va muzokaralar ijobiy yakunlanganida, u allaqachon ketgan bo‘lardi, to‘g‘rimi? Biroq Bobur haligacha Qarshida yuribdimi, demak vaziyat o‘zi istagandek kechmayotganga o‘xshaydi. Shunday ekan, Abduxoliqov rasman “Nasaf”ni tark etmagan. Lekin istalgan paytda “o‘zbekistonlik Pele” to‘g‘risida kutilmagan yangilik chiqib qolishi ham ehtimoldan holi emas.
Uning xorijga ketmasdan “Nasaf” bilan shug‘ullanib yurgani sababli, o‘zimizning Superligamizdan ham hujumchiga jiddiy qiziqishlar paydo bo‘lmoqda. Sports.uz ma’lumotiga ko‘ra, Bobur Abduxoliqovga “Turon” klubi “og‘iz” solmoqda. To‘g‘ri, balki uni ko‘ndirish murakkabdir, biroq Superliga debyutantidan har narsa kutsa bo‘ladi. Axir kim ham o‘ylabdi deysiz, Fozil Musaevni “Turon” bilan shartnoma imzolashini. Yoki bo‘lmasa, serbiyalik tajribali Sinisha Babichning o‘tishi ham jiddiy xaridlardan biri bo‘ldi.
Umuman, klub tarkibiga qarasangiz, ancha nomdor va saviyali ijrochilardan tashkil etilyapti. Shularni hisobga oladigan bo‘lsak, “Turon”ning Abduxoliqovni o‘z jamoasiga taklif qilib ko‘rishi endi kutilmagan yangilik sifatida baholanmasa ham kerak. “Turon” murabbiylari hujum chizig‘ini kuchaytirish haqida bosh qotirishmoqda. Shu bois ushbu pozitsiyaga bir qator nomzodlarni ko‘rib chiqishayotgani aniq. Ammo Abduxoliqovning o‘zi qaerda to‘p surishni xohlaydi? Shunisiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Aniqki, o‘zi legionerga aylanish istagida yuribdi. Faqat uning nima uchun haligacha xorijga ketmayotgani turli savollarni keltirib chiqarmoqda. Xo‘sh, agar futbolchining chetga ketishi amalga oshmasa, qaerda to‘p suradi? Yana “Nasaf”da davom ettiradimi yoki boshqa klubdami?
Fozil Musaevni ko‘ndira olgan “Turon” Abduxoliqov masalasida ham ijobiy echim topa olsa, bundan sira ajablanmaymiz. Lekin "Nasaf" ham uni tarkibda saqlab qolish harakatida. Demak, vaziyatni kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar