
Bokschimiz super zarba bilan mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantirib yubordi (foto)
O‘zbekistonlik professional bokschilar o‘rtasida eng yoshi kattasi bo‘lgan Sherzod Husanov ikki yillik tanaffusdan so‘ng yana katta ringga qaytdi.
Polshada tashkil etilgan professional boks kechasining asosiy jangida hamyurtimiz mezbonlar vakili Robert Parjejevski bilan kuch sinashdi. 10 raundlik ushbu jangda Robertning imkoniyati yuqori baholangandi. Chunki o‘ta kuchli zarbaga ega bokschi 26 ta jangdan 25 tasida zafar quchgan va 16 marta raqiblarini nokautga uchratgan edi.
Aynan kuchga to‘lgan 26 yoshli Robern Parjejevskiga qarshi ringga chiqqan Sherzod Husanov esa faoliyatida ikki marta bir necha yillik tanaffus olgan. Professional bokschilik faoliyatini 2007 yilda boshlagan hamyurtimiz 2014 yilgacha 18 ta g‘alaba va bitta durang bilan boks tushishni to‘xtatdi. Oradan uch yil o‘tib, yana qo‘lqopni qo‘lga olib, ketma-ket uchta jangda zafar quchdi.
Husanov faoliyati davomida rossiyalik Kiril Samodurov, Maksim Chemezov, Timur Nergadze, Aleksandr Valiaxmetov va estoniyalik Pavel Semyonov kabi mag‘lubiyatga uchramagan bokschilarni birinchi bo‘lib enga olgan.
Bundan ikki yil muqaddam Polshada mezbonlarning engilmas bokschisi Damian Jonakka qarshi o‘tkazilgan uchrashuv Sherzod Husanovga qimmatga tushdi. Hakamlar teng kurashlar ostida o‘tgan bellashuvda ochkolar hisobidagi g‘alabani mezbon bokschiga berib yubordi. Jonak faoliyatidagi 41-muvaffaqiyatini tantana qilgan bo‘lsa, Sherzod birinchi bor ringni boshi egik olda tark etdi. Shundan so‘ng ikki yil dam olgan o‘zbek bokschisi mana yana ringga qaytdi. Faoliyatini g‘alabali seriyasi to‘xtagan Polshadan qayta boshladi.
Robert Parjejevski bilan bo‘lgan jang mezbon bokschining ustunligida boshladi. Jangi ancha faol boshlagan polshalik charm qo‘lqop ustasi dastlabki raundni o‘z foydasiga hal qildi. Biroq, katta tajriba sohibi bo‘lgan 40 yoshli Sherzod Husanov ikkinchi raundda qulay fursatni poylab, bitta super zarba bilan raqibini ringga qulatdi.
Sherzod faoliyatidagi 22 g‘alabasi va o‘ninchi nokautini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Parjejevski besh yildan so‘ng ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Bu Robert uchun profboksdagi unutilmas birinchi texnik nokaut bo‘ldi.
Shu o‘rinda, Sherzod Husanov o‘z davrida havaskor boksda ham muvaffaqiyatli faoliyat olib borganini ta’kidlash lozim. Farg‘ona boks maktabi tarbiyalanuvchisi jahon va Osiyo chempionatlarining bittadan kumush va bronza medallariga sazovor bo‘lgan. Osiyo o‘yinlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan.
Sherzod Husanov mamlakatimiz sharafini xalqaro maydonda munosib himoya qilgani uchun O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi va “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.
Fikrlar