Bosh murabbiy legionerimizni tanqid qildi!

  • 10 sentabr, 2024, 23:59
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Qozog‘iston Premer-Ligasida “Qayrat” sharafini himoya qilayotgan chap qanot himoyachisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev o‘yinida pasayish kuzatilayotganga o‘xshaydi.

Tecno

Bu futbolchini Srechko Katanets anchadan beri milliy terma jamoaga chaqirmay qo‘ydi. Legionerimizning transfer huquqiga egalik qiluvchi Rossiyaning  “Nijniy Novgorod” jamoasi Ibrohimxalilni “Qayrat”ga ijaraga berib yubordi.

Hamyurtimiz Qozog‘iston klubidagi faoliyatini yaxshi boshlagan bo‘lsa-da, oxiriga kelib tanqidga uchradi.

Gap shundaki, “Qayrat” o‘z maydonida Rossiyaning ko‘p karra chempioni “Zenit” bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkzib, ettita gol urilgan bahsda 3:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

“Qayrat”ning yangi bosh murabbiyi Rafael Urazbaxtin keyingi paytda o‘zbekistonlik legioner muvaffaqiyatsiz o‘ynayotganini ma’lum qildi.

Yo‘ldoshev o‘yin oxiriga borib charchab qoldi. Uni ertaroq almashtirishni reja qilgandik, lekin bunga ulgurmadik. Bilasizmi, bu erda gap jismoniy tayyorgarlikda ham emas.

Balki unga ko‘p xato qilayotgani va  shu bois juda ko‘p harakat qilishiga to‘g‘ri kelayotgani ta’sir o‘tkazgandir. Xatolar sabab o‘yinchi juda ko‘p kerak bo‘lmagan ishlarni amalga oshiryapti, - dedi Rafael Urazbaxtin.

“Zenit”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda Ibrohimxalil Yo‘ldoshev boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. 23 yoshli futbolchimiz o‘yinning 76-daqiqasida o‘rnini Gleb Valgushevga bo‘shatib berishiga to‘g‘ri keldi.

Ibrohimxalil Yo‘ldoshev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. O‘zbekiston Superligasida “sherlar” tarkibidan tashqari bir mavsum “Bunyodkor”da ham to‘p tepgan.

Butun chap qanot bo‘ylab o‘ynaydigan futbolchi 2021 yili Rossiya Premer-ligasi vakili “Nijniy Novgorod” bilan shartnoma imzolab, ilk bor legionerga aylandi. Yo‘ldoshev dastlabki mavsumlarda “Nijniy Novgorod”ning asosiy o‘yinchilaridan bo‘ldi. Biroq keyinchalik Sergey Yuran bosh murabbiy bo‘lgach, o‘zbek futbolchisi zaxiraga o‘tirib qoldi.

Buning oqibatida Ibrohimxalil joriy yilning boshida “Qayrat”ga ijaraga ketishiga to‘g‘ri keldi. Uning qozoq klubi bilan ijara shartnomasi shu yil oxirigacha davom etadi. “Qayrat”da futbolchini to‘liq transfer qilish huquqi bor.

Legionerimizning o‘zi esa, yaqinda bergan intervyusida faoliyatini boshqa ligada davom ettirish istagi borligini yashirmadi.

- “Qayrat” bilan Qozog‘iston chempioni bo‘lmoqchiman. Keyingi rejalarni hali agentim bilan maslahat qilganim yo‘q.

O‘zimga qolsa, kuchimni Saudiya Arabistoni chempionatida sinab ko‘rishni xohlayman. Yaxshi ko‘rgan jamoam haqida gapirsam, bolaligimdan “Barselona”ga muxlislik qilaman, - degan edi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev.

Darhaqiqat, “Qayrat” milliy chempionatda 18 ta uchrashuvda 32 ochko jamg‘argan holda musobaqa jadvalida birinchi o‘rinda qayd etilgan. Bu jamoa navbatdagi uchrashuvni 21 sentyabr kuni o‘z maydonida “Qaysar”ga qarshi o‘tkazadi.

Ibrohimxalil “Qayrat”ga ko‘chib o‘tganidan beri barcha turnirlarda 16 marotaba maydonga tushib, ikkitadan gol va assist muallifi bo‘ldi.

Otabek Shukurovning ketishi foyda keltirdi!

Husanov atrofida katta o‘zgarishlar bo‘ldi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
09/09/2024 14:08
тренерни айби уйинчининг имкониятидан фойдалана олмаслигидир