
"Budapesht-2024". Olimpiadada ishtirok etayotgan shaxmatchilarimiz, dastlabki turdagi natijalar va keyingi bosqichdagi raqiblarimiz bilan tanishing
Joriy yilning 11-22 sentyabr kunlari Vengriya poytaxti Budapesht shahrida shaxmat bo‘yicha 45-Butunjahon olimpiyadasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli turnirda O‘zbekiston terma jamoasi amaldagi chempion sifatida o‘z unvonini himoya qiladi.
Vaqt nazorati : Klassik. Har bir o‘yin boshida o‘yinchilarga 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, 41-yurishdan o‘yin oxirigacha esa qo‘shimcha 30 daqiqa beriladi va har bir yurish uchun 30 soniya vaqt qo‘shib boriladi. Turnir shvetsarcha formatda 11 tur davom etadi.
Turnirda mamlakatimiz sharafini yigitlar va qizlar terma jamoasi himoya qilishadi.
Yigitlar terma jamoamiz a’zolari:
- Nodirbek Abdusattorov
- Nodirbek Yakubboev
- Javohir Sindarov
- Shamsiddin Vohidov
- Jahongir Vohidov
Qizlar terma jamoamiz a’zolari:
- Afruza Hamdamova
- Nilufar Yakubbaeva
- Umida Omonova
- Marjona Malikova
- Nodira Nodirjonova
Olimpiadaning birinchi turida yigitlar terma jamoamiz Trinidad & Tobago jamoasi bilan kuch sinashgan bo‘lsa, qizlarimiz Gaiti shaxmatchilariga qarshi bahs olib borishdi.
- Turnirdagi birinchi g‘alabamiz Umida Omonova tomonidan qayd etildi. U raqibasi Davena Jonetni mag‘lubiyatga uchratdi.
- Dastlabki turning navbatdagi g‘alabasida Nilufar Yakubbaeva Merisana Kadoga imkoniyat qoldirmadi.
- Afruza Hamdamova Rose Seine ustidan zafar quchgan bo‘lsa, Nodira Nodirjonovaning g‘alabasidan so‘ng qizlar terma jamoamiz 4:0 hisobida Gaitini taslim etdi.
Qizlarimizning yirik hisobdagi g‘alabasidan so‘ng, yigitlarimiz ham chempionatni yaxshi boshladi.
- Dastlab, Shamsiddin Vohidov Kevin Kupidni mag‘lub etib, jamoaning birinchi g‘alabasi sababchisi bo‘ldi.
- Qiyin kechgan bahsda Nodirbek Yakubboev Quinn Kabralis bilan durang o‘ynadi.
- Navbatdagi bahsda esa Nodirbek Abdusattorov Joshua Jonsonni qiyinchiliksiz mag‘lub etdi.
- Turning so‘nggi qarama-qarshiligida Jahongir Vahidov Ryan Harperni engib, g‘alabamizni mustahkamladi.
Shu tariqa ikki jamoamiz ham turnirni g‘alaba bilan boshladi.
Yigitlar terma jamoamiz Trinidad & Tobagoni 3.5-0.5 hisobida mag‘lub etishgan bo‘lsa, qizlarimiz mukammal hisob 4:0 bilan Gaiti jamoasini taslim etishdi.
2-turda yigitlarimiz Misr terma jamoasi bilan bahsga kirishsa, qizlar terma jamoamiz Angola bilan to‘qnash keladi.
Ikkinchi tur bahslari soat 18:00da start oladi.
Jahongir Inomjonov
Fikrlar