Bugun EChLda "titanlar" to‘qnash keladi! (Prevyu)

  • 26 aprel, 2022, 15:42
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun tunda Evropaning eng nufuzli turnirining yarim final bosqichida "Manchester Siti" Ispaniyaning "Real Madrid" jamoasini mehmon qiladi.

Tecno

Madridliklar oxirgi yillarda La Ligadan ko‘ra Evropa chempionlar ligasida yaxshiroq o‘ynayapti. "Qirollik klubi" bu safar ham kubokni Madridga olib ketmoqchi. Ichki chempionatda "Barselona" birin-ketin mag‘lubiyatlari bilan "Real" Madridni g‘oliblik shohsupasiga olib chiqib qo‘yganidan keyin klub endi bor e’tiborini "Siti"ga qarshi o‘yinga qaratsa ham bo‘ladi.

Anchelottining yillar davomida to‘plagan tajribasi hozirgi kunda unga katta naf beryapti. U futbolchilar tilini juda yaxshi tushunadi, ularga futbol o‘ynashida xalaqit bermaydi va ularni keragidan ortiq ruhlantira oladi. Kroos, Modrich va Benzema kabi futbolchilar "Karlo ota"ning qo‘lida o‘zining ikkinchi yoshligini o‘tkazmoqda. Anchelotti Gvardioladan farqli o‘laroq, juda murakkab chizmalar ishlab chiqmaydi. U jamoaga qanday o‘ynash kerakligini sodda tilda tushuntiradi, qolganini esa Kroos, Modrich hamda Benzema kabi "maydondagi murabbiylar" boshqaradi. "Real"ning yutug‘i ham, kamchiligi ham shu futbolchilardadir.

benzema

"Real" Madrid binosini shu uch ustun ko‘tarib turibdi. Bugun bildirilayotgan taxminlarga quloq tutsak, mehmonlar tarafdorlari ozroq ekanligiga iqror bo‘lamiz. "Qirollik klubi" oxirgi o‘yinlarida katta qiyinchiliklarga uchramoqda, har o‘yin oldidan "bu safar yutqazadi", - qabilidagi fikrlar aytilishiga qaramay, jamoa irodasini ko‘rsatib kelyapti. Himoyadagi kamchiliklar jamoani katta o‘yinlarda qiyin ahvolga tushirib qo‘ydi. Lekin unutmasligimiz lozimki, "Real" Madrid "Chelsi"ga qarshi bahsda ham favorit hisoblanmagandi.

pep guardila

Gvardiolaning peshonasiga Madrid shahri jamoalari bilan jang qilish yozilgan ekan. Avvalgi bosqichda Madridning "Atletiko"sini yutish uchun ko‘p qon to‘kishiga to‘g‘ri keldi. Lekin bu safargi raqib uslub jihatidan qulayroq. Chunki "Real" hech qachon "Atletiko"dek butun jamoa bo‘lib himoyalanmaydi, garchi buni xohlasa ham. Pep jamoasi bilan ikkita katta titul uchun harakat qilyapti. Agar shu ikkisidan birini tanlash kerak bo‘lsa, shak-shubhasiz Angliya premer-ligasi rad etiladi. Sababi "Man Siti" bu kubokni bir necha marotaba qo‘lga kiritib bo‘ldi. Evropa chempionlar ligasining bosh sovrini esa Gvardiola uchun daraxtning uchidagi mevadir. Pep bu mevaga ko‘p bora intildi. Lekin doimo oxirgi shohchaga kelganda sirpanib pastga quladi. Gvardiola qo‘l ostida o‘n bitta mexanizmdan tashkil topgan mashina bor. Ya’ni, u jamoani ma’lum bir futbolchiga bog‘lab qo‘ymagan. Agarda qaysidir futbolchi jarohat olsa, uning o‘rniga, shu ampluaga to‘laqonli moslashgan boshqa bir futbolchi tushadi. Umuman olganda, "Siti"da teng kuchli ikkita tarkib bor va ularning hammasi Pepning uslubiga moslashgan. Gvardiola qo‘l ostida qisqa paslar orqali to‘pni nazorat qiladigan, tartibli, harakatchan, 90 daqiqa bir xil tempda harakatlana oladigan jamoani tuzdi. Agarda "Siti" bu bosqichdan o‘ta olmasa, o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmaganligi uchun bo‘ladi.

De Bryuyne

"Siti"da  realizatsiya bilan etarlicha muammolar bor. Shaharliklar safida sof hujumchining yo‘qligi muammoning asl sababidir. Bugun "Siti" yarimhimoyachilari g‘alaba uchun ko‘p ter to‘kishlari kerak. Anchelottining fishkasi bo‘lgan Modrich hamda Kroosga bo‘sh hududlar bermasliklari va hujumdagi Karim Benzemani nazardan qochirmasliklari lozim. Katta ehtimol bilan Gvardiola Benzemaga qarshi personal o‘yinchi qo‘yadi. Chunki Benzemani Diash orqali bog‘lasa, "Real Madrid"ning hujumlari u qadar havfli tus olmaydi. Diash Benzemani qo‘riqlay oladigan darajada kuchli himoyachimi? "Siti"ning yarimhimoyachilari o‘yin tizginini ushlab turadigan darajada kuchlimi? Gvardiolaning tizimli jamoasi Anchelottining yulduzlar jamoasiga qarshi qanday natija qayd etadi? Bularning barini bugun soat 00:00da bilib olamiz!

Taxminiy tarkib:

“Manchester Siti” — “Real”

"Manchester Siti" (4-3-3): Ederson — Uoker, Stounz, Lyaport, Ake — de Bryuyne, Rodri, Gyundogan — Maxrez, Foden, Bernardu Silva Maydonga tushmaydi: Joau Kanselu (diskvalifikatsiya)

"Real" (4-3-3): Kurtua — Karvaxal, Nacho, Alaba, Mendi — Modrich, Kazemiro, Kroos — Valverde, Benzema, Vinisius Junior

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!