
Bunday natija ilk bor yoxud "Lokomotiv" "Paxtakor"ni necha bor yirik hisobda yutgan?
Superliganing 3-turini “Lokomotiv” – “Paxtakor” uchrashuvi boshlab berdi. Toshkent derbisida yirik hisob qayd etildi. Unda maydon egalari amaldagi chempion darvozasini javobsiz uch marta ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldilar. Shu bois bu kun “Lokomotiv” uchun o‘zgacha va unutilmas bo‘lib qoladi.
Rosti, o‘yinda 3:0 hisobi kuzatilishini deyarli ko‘pchilik o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Ayniqsa, “Lokomotiv”ning xuddi shu hisobda “Sherlar”ni taslim qilishini kim o‘ylabdi, deysiz?!
O‘yin “Lokomotiv”ning nazorati va o‘ylagan rejasi ostida kechdi. To‘g‘risi, “Paxtakor”ni tanimadim. Shatskix jamoasida juda ko‘p braklar kuzatildi. Uchrashuvdan keyin Maksim Aleksandrovich ta’kidlaganidek, uchala golni “Paxtakor” futbolchilari raqibga sovg‘a qilishdi. Oqibatda “Paxtakor” juda og‘riqli mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.
“Loko” “Paxtakor”ni so‘nggi bor o‘z maydonida 2018 yili mag‘lub etgan. O‘shanda ham “Temiryo‘lchilar” 3 ta gol urgan, ammo 2 ta javob golini qabul qilib olgan va yakuniy hisob 3:2. Oradan 6 yil o‘tib, “Lokomotiv” yana printsipial raqibi ustidan zafar quchdi. Klublarning chempionatimizdagi 40-to‘qnashuvida “Lokomotiv” muxlislarini quvontirdi.
Bu ikki klubning o‘zaro uchrashuvlarida yirik hisoblar uchrab turgan. Bu borada “Paxtakor” raqibini 7 marta yirik hisoblarda enggan. Eng “dahshat”li hisoblar sifatida “Paxtakor”ning 7:1 va 7:0 natijalarini misol keltirish mumkin. “Lokomotiv”ning eng yirik g‘alabasi 2015 yilga to‘g‘ri keladi. O‘sha yilning 8 mart kuni o‘tkazilgan uchrashuvda “Temiryo‘lchilar” 4:0 hisobida tor-mor keltirgan. Lekin 3:0 hisobi ilk bor qayd etildi. “Lokomotiv” hali bunday hisob bilan “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratmagandi. Endilikda “Loko”ning “Paxtakor”ga qarshi o‘zaro uchrashuvlari tarixida 3:0 hisobi ham yozib qo‘yildi. E’tiborlisi, “Temiryo‘lchilar” O‘zbekiston chempionatlaridagi o‘zaro o‘yinlari mobaynida yirik hisobda ikkinchi marotaba “Sherlar”ni taslim qilmoqda.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar