"Bunyodkor" maydonida OKMK allaqachon noqulay raqibga aylangan, chunki...

  • 6 avgust, 2023, 14:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 15-tur uchrashuvi bugungi ikkita o‘yin orqali yakuniga etkaziladi. Ikkalasi ham Toshkentda o‘kaziladi. “Bunyodkor” OKMK bilan, “Olimpik” esa “So‘g‘diyona”ga qarshi. Biz “Bunyodkor” stadionida bo‘ladigan bahsga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

O‘tgan turda “Bunyodkor” uyida “So‘g‘diyona”ga 0:2 hisobida engildi. OKMK esa “Surxon”ga 2:3 natijasi bilan mag‘lubiyatga uchradi. Demak, ikkita yaralangan sher o‘rtasida bugun chinakam jang ko‘ramiz.

“Bunyodkor”ga yaqinda rossiyalik Aleksandr Krestinin bosh murabbiy etib tayinlandi. Yaxshi mutaxassis. Ammo debyutini mag‘lubiyat bilan boshlashiga to‘g‘ri keldi. U jamoani o‘zining uslubiga moslashtirib olishi uchun vaqt talab qilinishi tayin. Balki shuning fonida o‘tgan turda raqibga imkoniyat boy berilgandir. Ammo bu safar ham “qaldirg‘ochlar”ni jiddiy sinov kutyapti.

bun-ok

O‘zi aslida Superligada sira oson o‘yinlar qolmagan. Tabiiyki, Krestinin “Bunyodkor”ning natijalarini yaxshilashi uchun ancha ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. Rahbariyat va muxlislar undan natija talab qilishayotgani tushunarli. Yangi bosh murabbiy yangi jamoasida ham tezroq ilk g‘alabani nishonlash ishtiyoqida yuribdi. Bu yoqda AGMKni o‘ziga ham uch ochko nihoyatda zarur. Aks holda yo‘qotilgan har bir ochko Mirjalol Qosimov jamoasini sovrinli o‘rinlardan uzoqlashtiraveradi.

Kecha “Nasaf”ning “Turon”ga yutqazib qo‘ygani olmaliqliklar uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin. Agar bugun OKMK uch ochkoni qo‘lga kiritishni uddalay olsa, turnir jadvalida “Nasaf”ni ortda qoldiradi va 4-pog‘onaga chiqib olishi mumkin.

Ikkala jamoa o‘yinlari statistikasi ham qiziq raqamlarni taqdim etmoqda. Ular 31 marta to‘qnashishgan. Ustunlik “Bunyodkor” tomonida. 17 marta g‘olib chiqqan, OKMK esa 7 marta. Yana 8 ta qarama-qarshilikda kuchlar teng kelib qolgan. To‘plar nisbati esa tabiiyki “Bunyodkor” foydasiga 49\33.

bun-ok1

“Bunyodkor” o‘z maydonida OKMKga qarshi oxirgi beshta o‘yindan beri yutolmayapti. So‘nggi marotaba 2017 yili raqibini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. Ko‘rib turganingizdek, olmaliqliklar uchun “Bunyodkor” maydonida mezbonlarga qarshi o‘ynash ancha qulay, shekilli. Boisi, OKMK 3 g‘alaba va 2 durangga erishgan.

Bu yilgi mavsumning birinchi davrasidagi to‘qnashuvda “Bunyodkor” “Paxtakor” stadionida OKMK mezbonligdagi uchrashuvda 3:2 hisobida g‘alaba qozonganini bilsangiz kerak. Ustiga-ustak OKMK o‘tgan turda kutilmaganda “Surxon”ga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu yo‘qotilgan ochkolar esa medallar uchun kurashayotgan jamoaga mavsum oxirida pand berishi mumkin.

Xullas, bugun, yana bir nechasoatdan keyin “Bunyodkor” va OKMK ishtirokida jiddiy va murosasiz o‘yin guvohiga aylanamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!