Butun mavsumni so‘nggi o‘rinlarda o‘tkazgan jamoa La Ligani tark etishdan norozi
"Espanol" klubi La Liga rahbariyatidan quyi ligaga tushirib yubormaslikni va koronavirus pandemiyasidan keyingi restart o‘yinlarini bekor qilishni so‘rab, bayonot bilan chiqdi.
"Restartdan keyingi yaratilgan barcha sharoitlarni, bir nechta klubning adolatsizlik va muhim qarorlarning etishmasligidan norozi bo‘lganligini, so‘nggi kunlarda ro‘y bergan voqealarni inobatga olgan holda, "Espanol" jamoasi La Liga tomonidan tashkillashtirilgan barcha bahslarni bekor qilish tarafdori.
Stadionlarda muxlislarning etishmasligi barcha jamoalar uchun katta muammo edi, ammo bizning vaziyatimizda bu holat yanada sezilarli bo‘ldi. Sababi, La Ligada jon saqlab qolish uchun o‘ta muhim bo‘lgan 5 ta uchrashuvda maydonga tushdik.
Mart va aprel oylarida koronavirusga chalingan futbolchilari ko‘p bo‘lishiga qaramay, "Valensiya" yoki biz kabi jamoalar odatdagidek o‘ynashga intildik, ammo bu bir necha hafta ichida natijalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi," - deyildi bayonotda.
Bundan tashqari, "Espanol" liga rahbariyatini Segundadagi vaziyatga qaratdi, bu erda koronavirus pandemiyasi tufayli, ligani tark etishga yaqin turgan "Deportivo" va pley-off yo‘llanmasi uchun kurashayotgan "Fuenlabrada" jamoalarining o‘rtasidagi bahs qoldirilgan va bu qolgan jamoalarning e’tirozlari va noroziliklariga sabab bo‘lgan. Chunki, so‘nggi turning barcha o‘yinlari bir vaqtda bo‘lib o‘tishi kerak edi.
Ta’kidlash joizki, "Espanol" mavsum to‘xtagan paytda 20-o‘rinda edi va restartdan keyin ham so‘nggi pog‘onada qolib ketdi. Bundan tashqari, jamoa butun mavsum davomida faqat bittagina turdan so‘ng, xavfli zonadan yuqoriga ko‘tarila olgan holos! Jamoa 15-turdan buyon, oxirgi pog‘onadan joy olib keldi.
Fikrlar