
Buxoroda o‘q otish musobaqalari yakunlandi
Buxoro shaxridagi viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi o‘n kun davomida mamlakatimizning eng kuchli merganlari o‘rtasida o‘tgan musobaqalar mezboni bo‘ldi, deya ma’lum qiladi O‘zbekiton o‘q otish federatsiyasi matbuot xizmati.
Dastlab O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi ochiq kubogi g‘olibligi uchun qatnashchilar merganlik salohiyatini namoyish etishgan bo‘lsa, 29 fevraldan 4 martga qadar Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi tomonidan 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston kubogining birinchi bosqichi tashkil etildi. Har ikki musobaqa ham murosasiz kurashlarga boyligi, g‘oliblik uchun keskin raqobat bo‘lgani bilan bir biridan qolishmadi.
O‘q otish sporti bo‘yicha O‘zbekiston kubogining pnevmatik miltiqdan o‘q otish bahslari (VP-6 mashqi)da Oybek Asilov, Zaynab Pardaboeva (ikkalasi ham Toshkent vil.) pnevmativ tupponchada o‘q otish (PP-6 mashqi) musobaqalarida Jahongir Axmadjonov (Farg‘ona vil.) Iroda Azimboeva (Toshkent vil.)lar eng yaxshi natijaga erishishdi. Ayni yo‘nalishlarda Namangan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand viloyati vakillari kuchli uchlikka kirishdi.
O‘zbekiston kubogining birinchi bosqichida umumjamoa hisobida poytaxt viloyati vakillari 2260 ochko bilan birinchi, Andijon viloyati sportchilari 2253 ochko bilan ikkinchi, Namangan viloyati sportchilari 2238 ochko bilan uchin o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Kuchli beshlikka Xorazm hamda Farg‘ona viloyati merganlari kirishdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘q otish sporti bo‘yicha O‘zbekiston kubogining ikkinchi bosqichi 18-22 aprel kunlari Andijon shahrida, uchinchi bosqichi 6-10 iyun kunlari Navoiy shahrida, yakunlovchi to‘rtinchi bosqich (final) 15-19 avgust kunlari Namangan shahrida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar