
"Buxoro"ni Superligaga olib chiqishga ishonmaganimda uyda nafaqada jimgina o‘tirgan bo‘lardim". Hakim Fuzaylov "Dinamo"dagi "hunari"ni yana takrorlashi kerak
Xabaringiz bor, “Buxoro” jamoasini yangi mavsumda tojikistonlik Hakim Fuzaylov boshqaradi. O‘tgan yili pro ligada Samarqandning “Dinamo”sini Superligaga olib chiqqan Hakim Qayumovich xuddi shu ishni endi “Buxoro” bilan takrorlashiga to‘g‘ri keladi.
Afsuski, murabbiyga Superligada ishlash nasib qilmadi. Ammo Superligaga chiqishga juda ishtiyoqmand bo‘lib turgan jamoani o‘z niyatiga erishishi uchun ham mazkur murabbiy olib kelindi. Shu sababli Fuzaylov o‘tgan yili qanday jiddiy ishga kirishgan bo‘lsa, bu safar ham yana shunday qaynoq ish jarayoniga sho‘ng‘ib ketdi.
Bu masalada Sports.uz muxbiri Fuzaylovni bir qancha savollar bilan “bezovta” qildi.
- “Buxoro”da bosh murabbiy sifatida ish boshladingiz. Maqsad esa Superligaga qaytish. Shunday ekan, hozirda tayyorgarlik rejalari qanday ketyapti?
- Yangi mavsumga tayyorgarlik me’yorida ketyapti. Adashmasam, yaqinda klub bosh direktori bilan bog‘langaningizda ham bu xususida gapirib o‘tgandi. Bizda hammasi joyida. 3 yanvardan bir joyga yig‘ilib mavsumoldi tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordik. O‘tgan vaqt davomida futbolchilar bilan yaqinroq tanishdim. Aytishim kerakki, bugungi kunga kelib tayyorgarlikning ilk bosqichi nihoyasiga etib bo‘ldi. Qarshida nazorat uchrashuvida “Nasaf” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadik. Endi esa yig‘inni Toshkentda tashkil etishga qaror qildik. U erda ham nazorat uchrashuvlaridan uchtasini o‘tkazishni rejalashtirib qo‘yganmiz. Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi bilan kuch sinashdik. Aytishim joizki, hozir tayyorgarligimizni 50 foizga baholagan bo‘lardim. Hali amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Bir qancha o‘yinchilarni ko‘rikdan o‘tkazishimiz kerak. Jumladan, yangi taklif etilgan ayrim yigitlarni sinab ko‘rmoqchimiz. Hammasini ko‘zdan kechirib chiqamiz.
- O‘tgan yili “Dinamo”ni Superligaga olib chiqqan holda vazifani bajardingiz. Lekin shartnoma uzaytirilmadi. Bu sizni xafa qilmadimi?
- Nega xafa bo‘lay?! Klub bilan tuzilgan shartnomamni oxiriga etkazdim va hech qanday xafagarchiliksiz Samarqandni tark etdim. Ularga qarshi hech qanday ginam yo‘q. Aksincha, “Dinamo”ga yangi boshlanadigan mavsum Superligada yaxshi ishtirok etishni tilab qolaman xolos. “Dinamo”dagilar bilan o‘rtamizda umuman muammo bo‘lgan emas.
- Yana pro ligada ishlayapsiz. Oldin ham “Buxoro”da ishlaganingizni bilamiz. Bu erdagi vazifa ham klubni Superligaga olib chiqish. Chempionat oxiriga borib vazifa bajarilganidan so‘ng “Buxoro” bilan ham xuddi “Dinamo”dagi holat takrorlanmasmikin...
- Men “Buxoro”da o‘ynamaganman. Ammo xuddi “Dinamo”da bo‘lgani kabi o‘z vaqtida klubga ustozlik qilgandim. Samarqanddagi holat takrorlanmasmikin, deya u erdan ham basharti vazifa bajarilgan taqdirda ketib qolishim mumkinligini nazarda tutyapsizmi? Buning bari faqat mengagina bog‘liq emas. Aksincha, hozirdan butun diqqat-e’tiborimni tayyorgarlik ishlariga qaratganman. Shunisi aniqki, Superliga yo‘llanmasi uchun kurashish yana qiziq bo‘ladi. Bu yo‘lda tarkibni mustahkamlashimiz kerakligi shundoq ko‘rinib turibdi. Agar “Buxoro” oldingi yillardagi muammolarini bartaraf eta olsa va tarkibni kutilgan darajada shakllantirsa, u holda jamoa bemalol elita yo‘llanmasi uchun kurashga da’vogarlardan biriga aylanadi.
- Pro ligada Superliga yo‘llanmalari uchun asosiy favoritlar deb qaysi klublarni ko‘rsata olasiz?
- Shak-shubhasiz, bu o‘tgan mavsum yakuniga ko‘ra elita bilan xayrlashgan klublar bo‘lishadi. Avvalo, “Andijon”ni ko‘rsatib o‘tgan bo‘lardim. Bu 100 foiz. Ulardan tashqari G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasi ham Superliga yo‘llanmasi uchun kurashadi, deb hisoblayman. Xuddi shuningdek “Xorazm”ni ham ayta olaman. O‘z-o‘zidan yangi mavsum qiziqarli kurashlarni hozirdanoq va’da qilmoqda. Bunday kurashda ishtirok etish bir tomondan qiziqarli, ikkinchi tomondan esa juda murakkab bo‘lishi tayin.
- “Buxoro”ga bir qancha yangi o‘yinchilar kelyapti va bu hol davom etmoqda. Masalan, “Dinamo”da birga ishlagan futbolchilar ham ko‘chib o‘tishdi. Umuman, selektsiya ishlari qanday davom ettirilmoqda?
- Gapingiz rost, “Dinamo”dan tarkibimizga yangi futbolchilar kelib qo‘shilishdi. Ular o‘tgan mavsum Superliga yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishida asosiy rollarni ijro etishgandi. Qolaversa, men bu yigitlarni endi juda yaxshi bilaman. Lekin tarkib hali bizda to‘liq shakllanib ulgurmagan. Oldinda qilinadigan ishlar talaygina. Bizning ro‘yxatimizda ukrainalik legionerlar ham bor. Ulardan tashqari serbiyalik darvozabon Stoshichni ham ko‘rsatib o‘tishim dakror. Bu posbon “Istiqlol”ga ustozlik qilib yurgan kezlarimda qo‘l ostimda o‘ynagandi. Uning ko‘magida “Istiqlol” xuddi o‘tgan yili “Nasaf” kabi OFK Kubogi finaligacha etib borgandi.
- Hozirda qaysi futbolchilar bilan shartnoma tuzildi?
- Ayni paytda aynan qaysi futbolchilar bilan shartnomalar tuzilganini birma-bir aytib berishim qiyin. Men o‘yinchilar bilan to‘ldirilgan ro‘yxatni klub direktoriga berganman. Aynan u futbolchilar bilan birga shartnomalarni tuzadi. Hozirga kelib 15 nafar futbolchi bilan shartnoma imzolanib bo‘ldi. Bu hali hammasi emas. Yana bir qancha futbolchilar bilan tez orada kelishib olinadi.
- O‘tgan yili ham “Buxoro” Superliga yo‘llanmasi uchun kurashdi. Ammo yil davomida bir qator murabbiylar o‘zgardi, rahbariyatda ham o‘zgarishlar yuz berdi. Bu safar ham mavsum davomida o‘tgan yili kabi o‘zgarishlar bo‘lishi sizni xavotirga solmaydimi?
- Bu masalada biror narsa deyishni istamagan bo‘lardim. Qolaversa, o‘tgan ishlarni muhokama qilishni yoqtirmayman. Boz ustiga o‘sha ishlar sodir bo‘lganda klubda emasdim. Agar bu xususida gapiradigan bo‘lsam, rahbariyatga erish tuyulishi aniq. Bevosita bugungi kunga kelsak, yuqoridagilar ancha jiddiy insonlardir.
- “Buxoro” rahbariyati sizga qanday sharoitlarni yaratib berdi?
- Klub rahbarlari, bosh homiy va bosh direktor menga juda yaxshi muomalada bo‘lishmoqda. Ular har tomonlama ishimizda yordamlashmoqdalar. Agar bundan keyin ham shu zaylda davom etadigan bo‘lsa, ishlash o‘z-o‘zidan qiziqarli bo‘ladi. Natijada yigitlar Superliga yo‘llanmalaridan birini qo‘lga kiritish uchun yanada ruhlanib maydonga tushishga kirishadilar.
- Demak, siz “Buxoro”ni Superligaga qaytarishga ishonasiz?
- Agar ishonmaganimda uyda xuddi nafaqaxo‘rlardek jimgina o‘tirgan bo‘lardim. Axir har qanday murabbiy oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishga astoydil harakat qiladi. Men ham bunday xohishdan mustasno emasman.
Fikrlar