
"Chelsi" - "Bavariya" uchrashuvida kimning imkoniyatlari yuqori?
Xabaringiz bor bugun UEFA Chempionlar ligasining 1/8 finalidan o‘rin olgan yana 2 ta bellashuv bo‘lib o‘tadi. “Chelsi” – “Bavariya” bahsi shular jumlasidandir.
Biz esa ushbu bellashuv oldidan jamoalarning imkoniyatlarini baholab chiqamiz.
Mavsumni yangi murabbiy bilan boshlagan “aristokratlar” avvaliga ajoyib o‘yinlar ko‘rsatishdi. Biroq, Frenk Lempard shogirdlaridan negadir oxirgi 5-6 ta o‘yinda omad yuz o‘girmoqda. Ular so‘nggi 6 ta bellashuvning 2 tasida mag‘lub bo‘lishdi, 2 tasida durang o‘ynashdi va qolgan 2 tasida esa g‘alaba qozonishdi. Ko‘rinib turibdiki jamoa o‘yiniga barqarorlik etishmayapti.
Shu o‘rinda “Chelsi”ning himoya chizig‘ida ham etarlicha muammolar borligini alohida ta’kidlash lozim. Londonliklar so‘nggi 6 ta o‘yinda o‘z darvozalaridan 9 ta gol o‘tkazib yuborishgan.
Hujum chizig‘i ham a’lo darajada o‘yin ko‘rsatmayapti. Oxirgi 6 ta o‘yinda “Chelsi” hujumchilari raqib darvozasiga bor yo‘g‘i 8 ta gol urgani ham buni isbotlab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, “Chelsi” Chempionlar ligasining guruh bosqichida o‘zi ishtirok etgan “H” guruhida 11 ochko bilan “Valensiya”dan so‘ng 2-o‘rinni egallagan edi.
“Chelsi”ning so‘nggi 6 ta o‘yinda qayd etgan natijalari:
“Nyukasl” – “Chelsi” 1:0
“Chelsi” – “Arsenal” 2:2
“Xall Siti” – “Chelsi” 2:1
“Lester” – “Chelsi” 2:2
“Chelsi” – “Manchester Yunayted” 0:2
“Chelsi” – “Tottenxem” 2:1
“Bavariya” mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlagach, jamoa rahbariyati bosh murabbiy Niko Kovachni iste’foga chiqardi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach esa jamoa o‘yini yana avvalgi holatiga qayta boshladi. Qayd etilayotgan natijalar esa Xans-Diter Flik bu borada myunxenlik futbolchilar bilan anchayin salmoqli ishlarni amalga oshirayotganini ko‘rsatib turibdi.
Nemis grandi so‘nggi 6 ta o‘yinning 5 tasida zafar quchdi. Faqat 2-o‘rinda borayotgan “RB Leyptsig”ga qarshi o‘yindagina durang qayd etdi xolos.
Shu o‘rinda “Bavariya” hujumchilari naqd “zambarakning o‘qi” ekanliklarini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Ular oxirgi 6 ta o‘yinda raqiblari darvozasiga naqd 19 ta gol urishgan.
Flik shogirdlarining himoya chizig‘idagi o‘yinlarini ham e’tirof etish kerak. Har holda jamoa so‘nggi 6 ta o‘yinda bor yo‘g‘i 7 ta gol o‘tkazib yuborgan. Shularning 2 tasida darvoza daxlsizligi saqlanib qolingan.
Eslatib o‘tamiz, “Bavariya” Chempionlar ligasining guruh bosqichida o‘zi ishtirok etgan “B” guruhida barcha 6 ta o‘yinda g‘alaba qozonib, 18 ochko bilan 1-o‘rinni egallagan edi.
“Bavariya”ning so‘nggi 6 ta o‘yinda qayd etgan natijalari:
“Bavariya” – “Shalke” 2:0
“Maynts” – “Bavariya” 1:3
“Bavariya” Xoffenxaym” 4:3
“Bavariya” – “RB Leyptsig” 0:0
“Kyoln” – “Bavariya” 1:4
“Bavariya” – “Paderborn” 3:2
Xulosa o‘rnida. Yuqoridagilarni inobatga olgan hola aytish kerakki, Londondagi bellashuvda kichik ustunlik “Bavariya” tomonida. Ammo, “aristokratlar” ham o‘z muxlislari qarshisida g‘alaba qozonishga harakat qilishlari aniq. Ushbu o‘yinda katta ehtimol bilan har ikkala tomn darvozalari ham ishg‘ol etilishi mumkin.
Ushbu jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi bellashuv 2017 yilning 25 iyulida Xalqaro Chempionlar kubogi tijoriy turniri doirasida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda 2:3 hisobida "Bavariya" g‘alaba qozongan edi.
Eslatib o‘tamiz, “Chelsi” – “Bavariya” uchrashuvi bugun Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da boshlanadi. Jamoalarning javob bahsi 19 mart kuni Myunxenda bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar