Chempionlar Ligasidagi mashaqqat bilan erishilgan 5 g‘alaba

  • 17 aprel, 2020, 21:40
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbol olami tanaffusda. Koronavirus sabab barcha chempionatlar vaqtinchalik to‘xtatilgan. Televizorda ham avvalgi o‘yinlar namoyish etilmoqda.

Keling, biz ham Chempionlar Ligasidagi chiroyli g‘alabalarni yodga olamiz.

“Chelsi” – “Barselona” (yarim final, 2012)

Barsa Chelsi

O‘sha vaqtlar “aristokratlar”ning vaqtinchalik murabbiyi Roberto Di Matteo edi. Qandaydir mo‘jiza sabab “Chelsi” “Barselona” ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Ikkala o‘yinda ham “Chelsi” to‘p nazorati bo‘yicha ancha past ko‘rsatkich namoyish etgandi (uyda 28%, mehmonda 27%)  Shuning uchun kataloniyaliklar Londonda raqib darvozasiga 6 ta zarba bera olgan bo‘lsa, “Kamp Nou”da esa 5 ta zarba bergan. Javob o‘yinida Leo Messi penaltidan unumli foydalana olmagan edi. Keling, o‘sha o‘yinni esda qolgan vaziyatlari haqida suhbatlashamiz.

“Barsa” Serxio Buskets va Andres Inestaning gollari evaziga oldinga chiqib olgan edi. Umumiy hisob 2:1. Lekin bu juda qaltis hisob edi. “Chelsi” kurashishda davom etdi va Ramiresning goli umumiy hisobni tenglashtirdi. Bu gol mehmonda urilgani evaziga londonliklarga keyingi bosqichga chiqishga yordam berardi.

Ammo Gari Kexillning jarohat olishi, Jon Terrining qizil kartochka olishi “Chelsi”ning markaziy himoyachilarsiz o‘ynashiga sabab bo‘ldi.

Haligacha “Chelsi” 10 kishi bo‘lib “Barselona”ni to‘xtatib qolgani muhokamalarga sabab bo‘ladi. Bu omadmidi? G‘alaba bo‘lgan ishonchmidi? Har kim har xil xulosa qiladi.

O‘yin oxirida esa Fernando Torresning goli “Chelsi”ni oldinga olib chiqdi. O‘sha o‘yinda bir kishini qahramon deb ko‘rsatib bo‘lmaydi. Butun boshli jamoa birdamlikda harakat qildi.

“Inter” – “Barselona” (yarim final, 2010)

Inter

Joze Mourinoning “Inter”i “Barselona”ni Chempionlar Ligasi yarim final bosqichida to‘xtatib qoldi. Portugaliyalik mutaxassisning faoliyatidagi ajoyib g‘alabalardan biri. Lekin jamoa tarkibida ham juda ko‘p yulduzlar bor edi. Darvozada – Julio Sezar, qanotlarda Maykon va Xaver Zanetti, markazda Lusio,Valter Samuel va Marko Materatstsi. Yarim himoyada Esteban Kambyasso va Tiago Motta, hujumda esa Uesli Sneyder, Samyuel Eto’o va Diego Militolar bor edi.

Mourino qo‘l ostidagi ajoyib tarkibdan qanday foydalanishni bilar edi. Birinchi o‘yinda qarshi hujumda o‘ynab, 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Sneyder, Maykon va Militoning goliga “Barselona” Pedroning goli bilan javob bergan edi.

Birinchi o‘yinda kataloniyaliklar 71% to‘pga egalik qilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘yinda bu ko‘rsatkich 86%ga oshdi. Sezar darvozasi tomon 20 ta zarba berildi.

Lekin “Inter” mustahkam himoyalandi. Tiago Motta qizil kartochka olib chiqib ketgandan so‘ng, himoyaviy o‘yin yanada kuchaydi. Milanliklar “Barselona”ni yarim finalda qoldirib finalda yo‘l olishdi.

Finalda esa ularni “Bavariya” kutib turardi.

“Chelsi” – “Bavariya” (final, 2012)

Chelsi

“Barselona” ustidan kutilmaganda g‘alaba qozonilgach, “Chelsi” finalda Yupp Xaynkesning “Bavariya”siga duch keldi.  

Bu safar ham angliyaliklar to‘p nazorati borasida raqibga ustunlikni boy berdi. “Bavariya” 64% to‘p nazoratiga ega bo‘lib, darvoza tomon 17 ta zarba berdi, ulardan 6 tasi aniq. “Chelsi” esa 3 ta zarba berdi va 3 ta zarba ham aniq.

Nemislar o‘z uylarida o‘ynayotgan edi va tabiiyki, hamma ularni favorit deb hisoblardi. Jamoa tarkibida ham juda ko‘p yulduzlar bor edi. Mario Gomesning o‘zi Chempionlar Ligasida 12 ta gol urgan edi. Lekin negadir finalda uning ishi yurishmadi. 83 daqiqada Tomas Myuller hisobni ochgan bo‘lsa, oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan Xuan Mataning burchak zarbasidan oshirgan to‘pini Dide Drogba darvozaga joylab, hisobni tenglashtirdi.

Qo‘shimcha bo‘limlarda Aren Robben penaltidan unumli foydalana olmadi. Petr Chex darvozasi ishg‘ol qilinmadi. Va o‘yin penaltilar seriyasigacha bordi. Dide Drogba g‘alaba golini kiritib qahramon bo‘lgan bo‘lsa, Petr Chex Olich va Shvanshtaygerning zarbasini qaytarib qahramonga aylandi.

“Atletiko” – “Bavariya” (yarim final, 2016)

ATM

Diego Simeonening “Atletiko”si finalda “Real” bilan o‘ynadi. Ungacha esa yarim finalda “Bavariya” bilan bo‘lgan o‘yin ham hayajonga boy bo‘lgandi. Umumiy hisob 2:2 va mehmondagi gol evaziga madridliklar finalga chiqqan edi.

Birinchi o‘yin Gvardiola shogirdlari 74%  ko‘rsatkich bilan to‘p nazoratini qo‘lga olgan edi. Ammo “matraschilar” Saulning goli evaziga o‘z uylarida g‘alaba qozonishdi.

Javob o‘yini esa yanada qiziqarli bo‘ldi. Nemislar 33 marta darvozaga zarba berishgan bo‘lsa, ulardan 11 tasi aniq edi. Madridliklar 4 marta raqib darvozasini bezovta qilishdi va ulardan bittasi gol bilan yakunlandi. Antuan Grizmanning goliga Xabi Alonso jarima zarbasidan gol urib, javob qaytardi.

Robert Levandovski ham o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi va umumiy hisob 2:2 ko‘rinishga keldi. Ammo “Atletiko” mehmondagi gol evaziga finalga chiqdi.

“Barsa”dagi singari “Bavariya”da ham Gvardiola to‘p nazoratiga ko‘proq e’tibor qaratdi. Lekin Simeonening qarshi hujumga asoslangan taktikasi ustun keldi.

“Atletiko” – “Liverpul” (pley-off, 2020)

Liverpul

Yillar o‘taveradi, ammo “Atletiko” o‘zgarmaydi. Diego Simeone qarshi hujumga asoslangan taktika istalgan kuchli raqibni ham to‘xtatib qolishi mumkinligini yana bir bor isbotladi.

“Vanda Metropolitano”da bo‘lib o‘tgan birinchi o‘yinda “Atletiko” har tomonlama ustunlikka erishdi. Saulning goli evaziga oldinga ham chiqib olishdi. “Liverpul” futbolchilari 7 ta zarba bergan bo‘lsa, birortasi ham Oblakni bezovta qila olmadi.

Javob uchrashuvida esa umumiy hisobda 3:2 bilan “matraschilar” keyingi bosqichda chiqishdi. “Qizillar” 35 marotaba zarba berdi va ulardan 12 tasi aniq zarbalar edi. Bu “Atletiko”ning eng yaxshi o‘yini emas, bundan ham yaxshi o‘yinlarda ishtirok etishgan. Lekin ular amaldagi chempionni to‘xtatib qolishdi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!