Chempionlikdan uzoqlashgan, Liga va O‘zbekiston Kubogidan chiqib ketgan "Loko"!

  • 11 avgust, 2019, 17:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek futbolida o‘ziga yarasha shov-shuv ko‘targan voqealardan biri Samvel Babayanning «Lokomotiv» bosh murabbiyi etib tayinlanishi bilan bog‘liq holat edi. Bungacha klub tizimida bolalar futboliga e’tibor qaratib kelayotgan mutaxassisning keyinchalik jamoa bosh murabbiyiga aylanganiga har kim turlicha munosabat bildirdi. Lekin klub rahbariyati Babayanni bosh murabbiylikka munosib nomzod deb baholagan holda ishonch bildirishdi. Shu tariqa, Samvel Vyacheslavovich ma’lum tanaffusdan yana bosh murabbiylikka qaytdi. Bu borada gap ketganda, go‘yoki yana katta sahnaga qaytgandek tuyuldi.

Tecno

Hech kimga sir emas, Babayan bilan bog‘liq voqealar barchaga yaxshi ma’lum edi. Shu sababli uni ko‘pchilik tanqid qildi va hozir ham uni yoqtirmaydiganlar bor. Bilasiz u bungacha qo‘lga kiritgan yutuqlariga asosan «Paxtakor»dagi faoliyati orqali erishgan. Taqdirning charxpalagini qarangki, mening qonimda «Paxtakor»ning DNKSi bor deydigan murabbiy endilikda sobiq jamoasining asosiy raqobatchisiga aylandi. Tan olish kerakki, ko‘pchilik Babayan qaytganidan keyin chempionatdagi intriganing yana sezilarli darajada oshishini taxmin qila boshlashdi. Har holda o‘ziga nisbatan juda ko‘plab tanqidlar yog‘dirilgan Babayan bosh murabbiylikka tayinlanish imkoniyatidan foydalanib, o‘zini yana bir bor ko‘rsata olishi mumkinligi borasidagi fikrlar ham bildirilayotgandi. Birinchi davraning oxirgi turida Toshkentda «So‘g‘diyona»ga qarshi uchrashuv Babayanning debyut o‘yini bo‘ldi va unda temiryo‘lchilar 2:0 hisobida zafar quchishdi.

Shundan keyin navbat Liga Kubogi musobaqasiga keldi. Aytish mumkinki, Samvel Babayan bosh murabbiylik lavozimini egallaganiga qadar «Loko» bu musobaqaning ilk turida «Buxoro»ni 2:1 hisobida enggandi.  Guruhda esa yana «Qo‘qon-1912» bilan «Paxtakor» ham bor edi. Ammo murabbiy uchun Liga Kubogining ahamiyati yuqori emasligini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Natijada «Qo‘qon-1912» hamda «Paxtakor»ga qarshi uchrashuvlarga asosan o‘rinbosarlar tarkibini maydonga tushirdi. Shunga yarasha qo‘qonliklarga 0:4, «Paxtakor»ga esa 1:2 hisobida yutqazdi va shu tariqa Liga Kubogi musobaqasi «Lokomotiv» uchun tugadi. To‘g‘ri, aksariyat jamoalar bu musobaqaga u qadar jiddiy qarashmadi. Lekin Liga Kubogining chorak finaliga yo‘l olgan 8 jamoa orasida «Paxtakor», «Nasaf», «Andijon», «Metallurg», AGMK, «Dinamo», «Sho‘rtan», «Qo‘qon-1912» kabi klublar bor, ammo «Loko» yo‘q. Aytmoqchimizki, har qanday holatda ham Liga Kubogi PFLning rasmiy musobaqasi edi. Babayan esa «Lokomotiv» bilan birga bu turnirdan chiqib ketdi. Vaholanki, ularda hali chorak finalga chiqish uchun imkoniyat bor edi. Qolaversa, uning uchun Superliga va O‘zbekiston Kubogi asosiy o‘rindaligi ham namoyon bo‘lgandek edi…

babayanyangi

Shundan so‘ng birinchi davra tugadi va yozgi yig‘in boshlandi. Selektsiyada ham o‘zgarishlar kuzatildi, albatta. Babayan kelganidan keyin jamoani bir qator futbolchilar tark etishi borasida gap-so‘zlar chiqqandi. Ammo bunday bo‘lmadi, faqat uch nafar futbolchi ketdi. Filip Rayevats Serbiyaga qaytdi, Aziz Haydarov faoliyatini yakunlagan bo‘lsa, Husniddin G‘ofurov «Paxtakor»ga o‘tib ketdi. Babayan «Lokomotiv»ga Oston O‘runov, Javohir Sohibov, Sherzod Karimov, Medina Ariagner Smit, Ibrohim G‘anixonov va Javohir Esonqulovni olib keldi. Bosh murabbiyning oldida esa ikkita frontdagi kurash turgandi. Biri Superliga bo‘lsa, ikkinchisi O‘zbekiston Kubogi musobaqasi. To‘g‘risi, ikkinchi davrada chempionatimizda chempionlik uchun kurash yanada jiddiy tus olishi kutilgandi. Harqalay Samvel Babayan «Lokomotiv» rahbariyati tomonidan bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor kuch va imkoniyatini ishga solishi taxmin qilingandi. Babayan kelgunga qadar esa «Paxtakor» bilan «Lokomotiv» o‘rtasidagi ochkolar farqi 8 tani tashkil etayotgandi. O‘z oldiga chempionlik vazifasini qo‘ygan temiryo‘lchilar esa ikkinchi davrada umuman ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q edi. Shuni ham unutmaslik kerakki, «Loko» O‘zbekistonning nafaqat amaldagi chempioni, balki oxirgi uch mavsumdan beri chempionlikni hech kimga bermay kelayotgan klub edi. Ko‘pchilikni esa bir savol qiziqtirayotgandi. Babayan «Paxtakor» bilan oraliqdagi 8 ochkolik farqni yo‘qqa chiqara oladimi? Lekin bu borada o‘ylanganlarimiz ancha xom bo‘lib chiqdi. Chempionlik yo‘lida har bir o‘yinda g‘alaba qozonishi shart bo‘lgan «Lokomotiv» ikkinchi davraning ilk turidayoq Jizzaxdan quruq qo‘l bilan qaytib keldi. Oxirgi daqiqada o‘tkazilgan gol tufayli temiryo‘lchilar yakunda bir ochkodan ham mahrum bo‘lishdi. Oqibatda nima bo‘ldi? «Paxtakor» yana g‘alabali yurishini davom ettirdi va qarabsizki, «Paxtakor» bilan «Lokomotiv» o‘rtasidagi ochkolar farqi 11 taga etdi. Keyin esa temiryo‘lchilar Termizda «Surxon» bilan durang o‘ynashdi. «Paxtakor» esa raqiblarini yutishda davom etmoqda. Natijada o‘rtadagi ochkolar farqi 13 taga ortdi. Go‘yoki, «Loko» muxlislarining shashti so‘ngandek bo‘ldi. Hamma boshqacha kurashni kutayotgan bir paytda Babayan boshchiligidagi «Loko»ning ochkolarni yo‘qotayotgani tufayli chempionatdagi intriga tugib qolgandek taassurot uyg‘otmoqda. To‘g‘ri, har qanday murabbiyga birdaniga natija ko‘rsatish murakkab jarayon. Lekin u qandaydir o‘rtamiyona jamoani emas, balki chempion jamoani qabul qilib olgandi. Shuni ham unutmaslik kerakki, bungacha Samvel Babayan bizga doimo g‘alabalarga chanqoq, kurashishdan charchamaydigan, hamisha g‘oliblikni o‘zi uchun ham asosiy maqsad qilib qo‘yadigan murabbiy sifatida gavdalangandi. Lekin ikkinchi davrani mag‘lubiyat bilan boshlashi xuddiki «Loko» bu safar chempionlikni qo‘ldan chiqarib yuborganini anglatayotgandek. Albatta, hali oldindan o‘yinlar ko‘p va mantiqan olib qaralganda «Lokomotiv»da hali ham chempionlik uchun imkoniyat bor. Biroq «Paxtakor» va Shota Arveladze «Loko»ning etib olishi uchun jimgina qarab turadi deb o‘ylaysizmi? O‘zi shundoq ham Arveladze uch yil deganda «Paxtakor»ni o‘zi istagan darajaga keltirib, nihoyat chempionlik uchun katta qadam tashlayotgan bir paytda og‘zidagi oshni oldirib qo‘yadimi? Hali sherning og‘zidagi oshni birovga oldirib qo‘yganini ko‘rmaganmiz yoki eshitmaganmiz. «Paxtakor»ning taxallusi esa «Sherlar» ekanligini eslatib o‘tmoqchimiz.

Xullas, Superligadagi poygada «Paxtakor»dan ancha ortda qolayotgan temiryo‘lchilar oldida yana bir musobaqa turgandi. Bu O‘zbekiston Kubogi. Nimchorak finaldan musobaqaga qo‘shilgan «Lokomotiv» Termizda «Surxon»ga qarshi bahs olib bordi. G‘olib nomi faqat bitta o‘yindan iborat bo‘lgan ushbu juftlikda Babayan yana «tarsaki» edi. Bosh murabbiysiz qolgan «Surxon» taniqli murabbiysi bor bo‘lgan «Loko»ni 3:1 hisobida mag‘lub etib, musobaqadan chiqarib yubordi. Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Liga Kubogidan chiqib ketdi, chempionlik uchun kurashdan uzoqlashib, endi 2-o‘rinni saqlab qolishi ham qiyin masalaga o‘xshab ko‘rinyapti. Bu yoqda esa O‘zbekiston Kubogi bilan xayrlashdi. Ochig‘i, Samvel Babayan klubda ish boshlagach, «Lokomotiv» o‘zi ishtirok etayotgan frontlardan bu qadar tez taslim bo‘lishini kutmagandik. Balki futbolchilar yangi murabbiyning uslubiga moslashishi qiyin kechayotgandir va bu borada ularga vaqt kerakligi ham bor gap. Lekin tajribali klubning birdaniga chempionlikdan uzoqlashib ketishi, Liga va O‘zbekiston Kubogidan chiqib ketgani g‘alati tuyular ekan…

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Кахрамонжон Сафаров
11/08/2019 23:42
Баба...ян жуда куп узбек футболини кушандаларга едириб сингдириб юборган керак булса уни кулида Туз карталар турибди терма жамоани синдирганида Локоматив нима унга, В.Жалилов ,А Никимбаев хозирда узини хуроздек тутаётган сирли жамоа бош тренери ........ .. лар билан яхши суриштирув текширув ишлари олиб борилса нима учун УЗБЕКИСТОН терма жамоаси шунча йилдан бери ЖЧ саралашидан ута олмаётгани аникланади Баба...ян бировларни кутини очмаслик учун у ифлос нима деса шуни клиб келишяпди яъни еб булишган айрим футболистлар хам уларни айтган сузини бахариб эл , халк олдидаги бурчини унутиб пул дардида юрибди , а Баба...ян ва уни окахонлари халк устидан куляпди илохим кур булишсин мен шахсан бошка давлатлардан Узбек футболини устун кураман ва жонимни бераман Баба...ян айрим итларни бокиб келганидан ,уларни тилини кисиб олган окибатда у хаммамиз устидан куляпди, бу хали хаммаси эмас бой ота, Баба...ян магрур биз хокисор улееее
Низомтой Эргашев
11/08/2019 19:00
Локоматив рахбарятига халкти фикри бир тийин булмаса халк каргищига учраган Бабаянди олиб келадими
Нодирбек Ахмедов
11/08/2019 18:39
Хакикатдан хам локони иштиёки сунди
&
Surxon turon
11/08/2019 18:21
Баттар бӯлсин