
Chernogoriyalik mutaxassis "Bunyodkor" U-21 jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi
Barchaga ma’lumki, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullaevning tashabbusi bilan klub va akademiya faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha so‘nggi vaqtda qator islohotlar o‘tkazib kelinmoqda. Klubdagi transformatsiya va islohotlar jarayoni katta va jiddiy maqsadga qaratilgan – yosh futbolchilarni bugungi kun talabiga to‘liq javob beradigan, evropacha futbol andozalariga mos tarzda tarbiyalash.
“Bunyodkor” akademiyasining faoliyatini yanada yaxshilash, ushbu zamonaviy dargohning foydali ish koeffitsientini keskin ko‘tarish maqsadida, o‘tgan haftada akademiya rahbariyatida o‘zgarish qilingan edi.
Bugun klub tizimida yana bir almashuv amalga oshirildi. Shu kunga qadar ikki yarim yil mobaynida “Bunyodkor” akademiyasida ishlab kelgan chernogoriyalik mutaxassis Ivan Boshkovich “Bunyodkor” U-21 yoshlar jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. So‘nggi bir yarim yil davomida o‘rinbosarlarimizga ustozlik qilib kelgan Abduhamid Qodirov yoshlar jamoamizda katta murabbiy sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Ushbu o‘zgarishga klub tizimida bosh jamoaga iqtidorli futbolchilarni tayyorlab berish ko‘rsatkichini yuqoriga ko‘tarish maqsadida qo‘l urildi. Zero, “Bunyodkor” akademiyasi yangi nomlarni kashf etish bo‘yicha mamlakatimizdagi eng ilg‘or futbol dargohlaridan biri hisoblanadi. Bu dargohda futbolning ilk sir-asrorlarini o‘rgangan “qaldirg‘ochlar” albatta bosh jamoada to‘p surishlari kerak. O‘rinbosarlar jamoasi esa bu yo‘lda katta “ko‘prik” vazifasini o‘tab beradi.
Eslatib o‘tamiz, Ivan Boshkovich yaqindagina yakunlangan “Pro” toifasidagi xalqaro murabbiylik litsenziyasi uchun kurslarni muvaffaqiyat bilan tamomlagan edi.
“Bunyodkor” matbuot xizmati.
Fikrlar