
"Chetdan rasmiy takliflar keldi, biz "Dinamo"ga va’da berib bo‘lgandik, klubga o‘tishimga Abramov 99 foiz sababchi" - Odil Abdumajidov
Kuni kecha Samarqandning “Dinamo” klubi o‘z safini iqtidorli futbolchi Odil Abdumajidov bilan to‘ldirdi.
O‘tgan mavsumni “Olimpik”da o‘tkazgan o‘yinchi endi “Dinamo” sharafini himoya qiladi va asosiy e’tiborini yangi klubiga qaratgan. Sports.uz jurnalisti Abdumajidovdan intervyu oldi.
- Avvalo, "Dinamo"ga o‘tishingiz haqida so‘ramoqchiman. Bu qanday yuz berdi?
- “Dinamo”dan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, gaplashdik. Keyin agentlarimni raqamini berdim. Barcha masala bo‘yicha gaplashib, kelishib olishdi. Yaxshi variant bo‘lib, taklif qilishgani uchun bu amalga oshdi. Maqsadlar bir-biriga to‘g‘ri kelgani uchun kelishuv yuz berdi.
- Nega aynan "Dinamo"ni tanladingiz? Chunki sizda chetdan ham variantlar bor edi...
- Rosti, O‘zbekiston chempionatida qolish niyatim yo‘q edi. Chetdan menga rasmiy taklif bilan chiqishdi. Faqat ularda transfer oynasi ochilmay qolgani sababli vaqt cho‘zilib ketdi. Agentlarim ham boshida meni xorijga ketishimni aytishgandi. Ungacha “Dinamo” chaqiruvini inobatga olib, jamoa yig‘iniga qo‘shildim. U paytda esa men va agentlarim “Dinamo”ga so‘z berib qo‘ygandik, qo‘l tashlashdik. Keyin chetdan ikkita klubdan rasmiy taklif tushdi, shartnoma jo‘natishdi. Lekin kech qolishdi. Biz “Dinamo”ga va’da berib bo‘lgandik.
- Ha, siz "Dinamo"ga barvaqt qo‘shilgandingiz. Chunki BAAdagi yig‘inida ham qatnashdingiz va yaqindagina shartnoma tuzdingiz. Orada nega “pauza bo‘lgani yuqoridagi javob bilan bog‘liqmi?
- Orada “Metallurg” bilan shartnomam borligi sababli avval yig‘inga borib kelaver, keyin gaplashib olaveramiz deyishgani uchun borib keldim.
- "Dinamo" ilk turni Namanganda "Navbahor"ga qarshi o‘tkazadi. Siz buni kutganmidingiz yoki...
- Boshida uchta turda chempionlik uchun kurashadigan klublar bilan o‘ynaymiz. Bir tomondan boshida ular bilan o‘ynashimiz qiziq. Xudo xohlasa, yaxshi bo‘ladi.
-. "Dinamo"da qaysi raqamni tanladingiz va raqamni siz uchun ahamiyati bormi?
- Raqamni farqi yo‘q. O‘tgan yili 4-raqamda to‘p surdim. Ko‘proq shu raqamda to‘p surayotganim uchun bu erda ham 4 ni oldim.
- “Dinamo” ustozi Vadimi Abramov haqida fikringiz qanday, ilk suhbatda nimalar dedi?
- “Dinamo”ga o‘tishimga 99 foiz Abramov sabab bo‘ldi. Chunki u O‘zbekistondagi eng kuchli murabbiylardan biri. Futboli ham yaxshi. Taktikalari yoqadi. Birinchi qo‘ng‘iroq qilganida o‘zi bilan gaplashdim. Maqsadlari ham menga yoqdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar