
Chirchiqda belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi
Joriy yilning 25-26 mart kunlari Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida kichik o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur chempionat Chirchiq shahrining 90 yilligiga bag‘ishlandi va chempionat doirasida belbog‘li kurash bo‘yicha Chirchiq shahar hokimi kubogi uchun ham bellashuvlar tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan jam bo‘lgan 400 nafardan ortiq yosh polvonlar belbog‘li kurashning erkin va klassik yo‘nalishlarida chempionlik uchun kuch sinashishdi. Musobaqaning birinchi kunida reglamentga ko‘ra, tantanali ochilish marosimi tashkil etildi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan mazkur ochilish marosimida Chirchiq shahar hokimi Murodjon Abdurahimov, Parkent tumani hokimi, Toshkent viloyati belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Sardor Isaqulov, Toshkent viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Rustam Boboqulov, Osiyo belbog‘li kurash konfedratsiyasi prezidenti Mo‘min Muratov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Chirchiq shahar sektor rahbarlari, deputatlar va korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.
Ochilish marosimida Chirchiq shahar hokimi Murodjon Abdurahimov, Parkent tumani hokimi, Toshkent viloyati belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Sardor Isaqulov Toshkent viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Rustam Boboqulov, Osiyo belbog‘li kurash konfedratsiyasi prezidenti Mo‘min Muratov hamda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirovlar so‘zga chiqib, sportchilarni qutlashdi va ularga omad tilashdi. Shundan so‘ng Ravshan Dastirov bir guruh faxriy mehmonlarga belbog‘li kurash federatsiyasining esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Marosim so‘nggida badiiy jamoalar tomonidan namoyish etilgan raqs va kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilarida yanayam zavq-shavq bag‘ishladi. Ochilish marosimi yakunlangach, dastlab Chirchiq shahar hokimi kubogi uchun bellashuvlarida g‘olib aniqlandi. Unga ko‘ra, 50 kg. vazn toifasida mezbon sportchi Otabek Shavkatov barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, Chirchiq shahar hokimi kubogini qo‘lga kiritdi.
Ikki kunlik bellashuvlarda Kamron Nosirjonov (Namangan), Daurxan Tursunbaev (Qoraqalpog‘iston), Husan Enverov (Toshkent v.) Iskandar Obidov (Farg‘ona), Azamat O‘rolov (Sirdaryo), Ergashxon Kamolova (Andijon), Shaxrizoda Ubaydullaeva (Qashqadaryo), Hilola Faxriddinova (Navoiy) singari yosh belbog‘li kurashchilar o‘z vazn toifalarida chempionlikka erishdi.
Musobaqa yakuniga etgach, g‘olib sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanishdi.


.jpg)

.jpg)
.jpg)
.jpg)





Fikrlar