
Davron Fayziev: "Buxoro"dan hech qaerga ketganim yo‘q, Anvar Berdiev nomzodini o‘zim tanladim"
“Buxoro” jamoasida murabbiylar borasida yuz berayotgan turli gap-so‘zlarga chek qo‘yish ilinjida klub matbuot xizmati amaldagi bosh murabbiy Davron Fayziev bilan vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida suhbat uyushtirdi.
- Jamoaning navbatdagi Buxoroda tashkil etilgan yig‘inida ishtirok eta olmadingiz, bu esa muxlislar orasida turli mish-mishlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Shu xususida oydinlik kiritib o‘tsangiz.
- Gapimni qisqacha qilib aytsam, menda jamoani tark etish niyati bo‘lmagan, rahbariyat bilan yaxshi aloqadaman. Mana shu vaqtlar ichida oilaviy muammolar bo‘lib o‘tdi, ya’ni, onamning biroz mazasi bo‘lmay qoldi. Bilasiz, yaqinda “PRO” litsenziyasi o‘quv-kurslarining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tadi. Nasib qilsa, 15 martga qadar ushbu o‘qishim ham yakunlanadi. Pandemiya sababli o‘qish muddati ham cho‘zilib ketgandi. Mana shunday sabablar bilan uyda ozgina ushlanib qoldim. Bu borada klub rahbariyatidan 3-4 kunga ruxsat so‘ragandim.
Bu orada Anvar Berdiev Davron Fayzievning o‘rniga bosh murabbiy bo‘libdi, degan mish-mishlar chiqib ketdi, bu bo‘lmagan gap. Muxlislardan bir narsani iltimos qilardim, xar xil asoslanmagan xabarlarga ishonishmasin. Yordamchi murabbiy lavozimiga Anvar Berdiev variantini o‘zimiz, klub rahbariyati bilan kelishib bir to‘xtamga kelgandik. Anvarni nomzodini yordamchi sifatida o‘zim tanlab olganman. Qanaqadir tushunmovchilik sababmi bilmayman, ayrim internet nashrlarida noto‘g‘ri ma’lumot ketib qolib, bu muxlislar orasida shubha va gumonlarni urchitgan. Men yana bir bor jamoamiz ishqibozlaridan bosiqlik bilan ushbu vaziyatni to‘g‘ri tushunishlarini so‘rardim, ularga hurmatim cheksiz.
Shu o‘rinda “Istiqlol” klubiga o‘z tashakkurimni bildiraman, Berdiev hamda Lebedevni bizga yordamga kelishlariga to‘sqinlik qilmaganlari uchun. Biz barchamiz bu erga “Buxoro” jamoasini Superligaga qaytarish maqsadida eng shimarib ishga kirishganmiz. Suhrob Qobilov va Mirislom Hasanov ham biz bilan birga o‘z vazifalarini davom ettirishadi. Ular klubning kelajakdagi murabbiylari hisoblanishadi, kim kelishidan qat’iy nazar ular jamoada qolishadi. Biz katta bir ahil oila bo‘lib, maqsad sari intilyapmiz.
- Nega aynan Anvar Berdiev nomzodiga to‘xtaldingiz?
- Anvar Berdievni tanlashimdan maqsad, hujum chizig‘imizda juda ko‘p vaziyatlar yaratilyapti, lekin unumli foydalanish koeffitsienti juda past. Bilasiz, Anvar o‘z vaqtida mamlakatimizdagi tajribali hujumchilardan biri edi. U menga hujumchilarni tanlashda yordam beradi, qolaversa, ularning malakasini oshirib boradi.
- Siz bilan suhbatni Buxoro shahrida olib boryapmiz...
- Sizni tushundim, ayni paytda Buxorodaman, men hech qaerga ketganim yo‘q va ketish niyatim ham bo‘lmagan. Faqat ayrim ommaviy axborot nashlarining shoshqaloqligi bilan noto‘g‘ri xabarlar chiqib ketgan xolos. Men bu erda hech qanday muammo ko‘rmayapman. Nasib qilsa, biz hammamiz bir oila bo‘lib, maqsadimiz sari harakat qilamiz.
Fikrlar