
Davron Fayziev: "Futbolchilardan hech qanday ayb qidirmaslik kerak"
“Qo‘qon-1912” “Dinamo”ni qabul qilib oxirgi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol evaziga g‘alabani qo‘ldan boy berishdi. Uchrashuvdan keyin mezbonlar murabbiyi Davron Fayziev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Kechdan ko‘ra hech yaxshi deyishganidek, avvalambor ommaviy axborot vositalari xodimlari bayrami bilan sizlarni tabriklayman. Bugun ikkala jamoaga uch ochko kerak edi. Ustunlik biz tomonda bo‘ldi deb aytsam, tabloda 1:1 hisobi ko‘rinib turibdi. O‘zimizni oqlashga hech qanday sabab yo‘q. Biz murabbiylar shtabi biroz xatolikka yo‘l qo‘ydik, deb o‘ylayman. O‘yin oxirida bitta foydalanilmagan o‘zgarishni amalga oshirishda kechikdik. Qolaversa, ikkala jamoaga jangovar o‘yin uchun rahmat aytaman. Eng alamlisi, ikkita uchrashuvdan beri oxirgi daqiqalarda gol o‘tkazib yuboryapmiz. Futbol shunisi bilan qiziq. Yana o‘z ustimizda ishlashimiz kerakligi dars bo‘ldi. O‘tgan safargi uchrashuvdan keyin ushbu bahsda yigitlarga xushyorlikni yo‘qotmaslik haqida aytib o‘tgandik. Baribir darvozani ishg‘ol qilishda oqsadik. Bu birinchisi emas. Birinchi davrani tahlil qilsak, bittadan ko‘p gol ura olmayapmiz. Hujum va himoya ustida ishlashga e’tibor qaratishimiz kerak bo‘ladi.
- Gol o‘tkazilgan paytda Oybek Rustamov qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi...
- O‘sha vaziyatda hech nimani o‘ylamasdan to‘pni tepib yuborsa bo‘ldi, edi. Burchak zarbasi yoki aut bo‘lardi. Buni birgina Oybekni xatosi desak noto‘g‘ri bo‘ladi. Raqibni o‘sha hujum tashkil qilishini boshidan tahlil qilsak, Avaz Mamatxo‘jaev ham to‘pni tepib, maydon tashqarisiga chiqarib yuborishi ham mumkin edi. Ularning hujumi davom etdi, to‘p maydondan chiqmadi va o‘zgarish qilishimiz kechikdi. Gol o‘tkazilganida bir futbolchini ayblash noto‘g‘ri. Futbol jamoaviy o‘yin. Ayb avvalo biz murabbiylardan boshlanadi. Bu – futbol. Hatto, bundan ham o‘ta qo‘pol xatolar uchrab turibdi, o‘zimizni chempionatda ham. Shu ahvolga o‘zimiz tushdikmi, bundan o‘zimiz chiqishimiz kerak. Balki jamoaga qandaydir o‘zgarish kerakdir. Buni klub rahbarlari hal qilishadi. Bizga oxirigacha ishonib, qo‘llab-quvvatlayotgan muxlislarimizga rahmat.
- “Qo‘qon-1912” jamoasi hujumda oqsayapti. Yozgi selektsiyada hujumchi olish rejada bormi?
- Aslida juda katta rejalar bor. Ammo imkoniyatimizdan kelib chiqib ish tutamiz. Oybek Rustamovni markaziy himoyada o‘ynatyapmiz. Masalan, himoyachi va hujumchi olish rejamizda bor. Hammasini ko‘rib chiqamiz. Har bir jamoadan so‘rasangiz hujumchi kerak deyishadi. Bunday iqtidorlarni biz murabbiylar topishimiz kerak. Hammasi klub byudjetidan kelib chiqib amalga oshadi va ularga ishonch bildiramiz.
- Mo‘min Melievni o‘yini qovushmayapti. O‘rniga Anvar Hojimirzaev maydonga tushirilsa bo‘lmasmidi?
- Sizni futbolga qarashingiz muxlis sifatida. Biz murabbiy sifatida qaraymiz. Meliev katta hajmdagi ishni bajaryapti. Faqat texnik xato bo‘lishi mumkin, pas berish yoki boshqa narsada. Lekin raqib jamoada bosim o‘tkazishda va himoyachilar bilan kurashishda ancha faollik ko‘rsatyapti. Anvarni ham maydonga tushirish rejamizda bor edi. Faqat “Dinamo”da baland bo‘yli himoyachilar borligi uchun Melievga ishonch bildirgandik. Alamli ikki ochkoni yo‘qotdik. Bugun biz yoki raqib yutganida haqiqiy xursand bo‘lardi. Bir ochkoni turnir jadvalida bizga ham, ularga ham ta’siri katta. Uchinchi yil ishlayotgan bo‘lsak, omadsizlik bilinyapti. Chunki ketgan futbolchilarning o‘rnini to‘ldira olmadik. Javohir Sidiqov va Quvondiq Ro‘ziev kelib, o‘rtani to‘ldirdik. Ammo boshqa chiziqlarda to‘ldira olmadik, deb o‘ylayman. Qachonki yutganda jamoa yutadi, yutqazganda murabbiy yutqazadi. Futbolchilardan hech qanday aybni qidirmaslik kerak. Yaxshi murabbiy doim o‘zidan qidiradi, demak biz aybdormiz.
Fikrlar