
Davron Fayziev: Saudiyaliklar Ko‘rfaz kubogida? Bu biz nima qilamiz? deydigan darajada jiddiy muammo emas
O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichida Saudiya Arabistoniga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Uchrashuv oldidan Qatarda faoliyat yuritayotgan hamyurtimiz Alisher Nikimbaev SPORTS.uz saytiga intervyu berib, vakillarimiz g‘alaba qozonishlarini aytib o‘tgandi. Taxminlari o‘zini oqlamagach Nikimbaev telegram kanalidagi sahifasida murabbiyni tanqid qildi. Shuningdek, mutaxassis terma jamoaning o‘yini kuchayishida qanday rejalar borligini mutasaddilardan so‘rab qolgandi.
“SPORTS.uz haftasi” ko‘rsatuvida O‘FA matbuot xizmati rahbari Davron Fayziev ushbu murojaatga va Nikimbaevning fikrlariga javob berdi.
- Alisher Nikimbaev kuchli mutaxassis. O‘zining shaxsiy fikrlari, qarashlari bor. Ammo bilishim bo‘yicha Nikimbaevda Abramovni o‘zgina bo‘lsa ham yoqtirmaslik kayfiyati bor, deb o‘ylayman. Shu narsa ham jamoa haqida fikr shakllanishiga ta’sir qilishi mumkin. Chunki Nikimbaev aytdiku “jamoa vaqtli yig‘ildi, shu payt nima qildi, o‘zi nima kerak 12 kun oldin yig‘ilib, mana boshqa jamoalar 3-4 kun oldin jamlanib o‘ynamoqdaku” dedi. Bundan kelib chiqadiki, bahordagi o‘yingacha hech narsa qilmay, uchrashuvga 3-4 kun qolganda yig‘ilib o‘ynasak bo‘ladi. Ko‘rfaz kubogi bu Saudiyaning omadi. Ushbu musobaqa shunday paytga to‘g‘ri keldi. Ular tayyorlanib olishadi, bu plyus. Lekin shundan keyin jamoa ochko yo‘qotib qo‘ysa, unga bu turnirda nima qildi? deb savol berilmaydiku. Bu musobaqaning martdagi uchrashuvlarga umuman aloqasi yo‘q. Chunki jamoa u paytgacha boshqacha forma va tarkibda bo‘lishi mumkin. Aytmoqchimanki, bahordagi o‘yinlarimizga noyabr – dekabr oylaridagi voqealar chambarchas bog‘liq emas. Saudiyada ham huddi shunday. U paytda nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Saudiyaning ishlash uslubidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ular Ko‘rfaz kubogidagi hamma bahslarda mag‘lubiyatga uchrashsa, Erve Renarni ishdan olib tashlashlari mumkin.
Shuning uchun saudiyaliklar Ko‘rfaz kubogida keyingi turlarga yaxshiroq tayyorlanadi. Bizda esa o‘sha payt bunday turnirimiz yo‘q. Biz nima qilamiz? degan darajada jiddiy muammo emas.
Bizda menimcha, yanvarda yig‘ilib, jamoaning ritmini ushlab qolish uchun balki bir yoki ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilar. Bu hali aniq emas. Mantiqan olib qaraganda, shunday. Qolaversa, mart oyidagi JCh saralashidan avval bitta nazorat bahsi o‘tkazilsa kerak. Shu bizning tayyorgarlik. Qaysi biri to‘g‘ri: yig‘in avvalroq tashkil etib, jiddiy tayyorlanishmi yoki 3-4 kun oldin yig‘ilib shunchaki o‘ynab ketishmi? Buni endi mutaxassislar bor, ular tahlil qilishmoqda. Shaxsiy fikrimcha, FIFA kunlari agar imkoniyat bo‘lsa sal avval yig‘ilib, bitta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib, rasmiy uchrashuvga etib olish yaxshi. Lekin 4 kun avval jam bo‘lib rasmiy o‘yin o‘tkazish ham fojea emas, - dedi Davron Fayziev.
Fikrlar