
Davron Fayzievning "Andijon"ga o‘tishi katta tavakkalchilik, og‘ir vaziyatdan chiqib ketish uchun mo‘’jiza kerak - Baxtiyor Ashurmatovdan yordamchisi va sobiq klubi haqida munosabat
Bosh murabbiysiz qolgan “Andijon” klubini ikkinchi davrada kim boshqarishi hozircha so‘roq ostida turibdi. Oldin xabar berganimizdek, klubning yangi rahbariyati bosh murabbiylikka asosan ikkita nomzodni – Aleksandr Xomyakov bilan Davron Fayzievni ko‘rib chiqishayotgandi.
Kuni kecha “Buxoro” ustozi Jamshid Saidov o‘zining maslahatchisi bo‘lgan Xomyakovning “Andijon”ga qaytishi borasida o‘z munosabatini bildirib, uni klubda qolishini istayotgani xususida aytgandi.
Xo‘sh, Fayziev masalasi nima bo‘ldi? Ma’lumki, u “Qo‘qon-1912”da bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatovga yaqindan yordam beryapti. O‘z vaqtida Ashurmatov ham “Andijon”da ishlab ketgan. Shu sababli Baxtiyor A’zamovich “Andijon”dagi o‘zgarishlarga, yordamchisi Fayzievga bo‘lgan qiziqishlariga befarq emasdi. Shu sababli Ashurmatov sports.uz saytiga sobiq jamoasining hozirgi holati va Davron Fayzievning taqdiri to‘g‘risida gapirdi.
- “Andijon” jamoasida yaxshi tomonga o‘zgarishlar bo‘lib turganidan xursandman, - deya gap boshladi Baxtiyor A’zamovich. - Oxirgi yillarda klub turli qiyinchiliklarga duch kelyapti va doim Superligada qolish uchun kurashayotgan yoki pro-ligadan chiqayotgan bo‘ladi. Umid qilamanki, jamoadagi o‘zgarishlar yaxshilikka va o‘z muxlislarini chiroyli o‘yinlari bilan xursand qila oladi. Yangi rahbariyatning esa klubda o‘zgarishlarga qo‘l urishi turgan gap. Mana, Viktor Kumikov ishdan ketdi va o‘rniga yangi murabbiy izlashyapti. “Andijon”ning Davron Fayzievga bo‘lgan taklifi borasidagi munosabatim shundayki, u mening yaqin do‘stim, yilning boshida “Qo‘qon-1912”ga taklif qilganimizda ham agar o‘zida mustaqil ishlash imkoniyati bo‘lsa, qo‘yib yuborishimiz mumkinligi, xohish-istagiga qarashimiz haqida aytganmiz. Shu sababli Fayziev mustaqil ishlayman desa rahbariyat bilan birga uning qarorini qo‘llab-quvvatlaymiz. Biroq u bilan birga jamoamizdagi ishimiz samarali bo‘lyapti. Shunday ekan, Fayziev biz bilan qolsa tabiiyki xursand bo‘lamiz. Ammo uning hozircha “Andijon”ga o‘tishi amalga oshmadi deb aytishimiz mumkin. Hozir aytganimdek, o‘zimizning klubimizdagi ishlarimiz chakki emas. Yaxshi o‘rinda ketayotgan jamoadan Superligada qolish uchun kurashayotgan klubga borishi bu - katta tavakkal.
Bilaman, Davron Fayziev qiyinchiliklardan qo‘rqmaydi. Bungacha “So‘g‘diyona”da ham, “Dinamo”da ham ishlab tarkibda yulduz futbolchilar bo‘lmasa-da, jangovor jamoani shakllantirgandi. Boz ustiga o‘sha klublarda moliyaviy ahvol u qadar yaxshi emasdi. Albatta, Fayzievning borgan joyida ishlab ketishiga ishonaman. Lekin hozirgi paytda “Andijon”da ishlash boya aytganimdek, katta tavakkalchilik. Rahbariyat bilan uchrashganimizda ular ko‘p yillik reja tuzishayotganini va murabbiydan birdaniga natija talab qilinmasligini Davronga aytishgan. Ammo u mendan natija talab qilishmayapti, bemalol ishlasam bo‘laveradi, degan fikrdan yiroq. Borgandan keyin baribir ishonch bildirgan insonlarning va muxlislarning umidlarini oqlashi kerak bo‘ladi. Qolaversa, Andijonda ishqibozlar qanchalik talabchan ekanligini men ham yaxshi bilaman. Bu borada Fayziev bilan ham maslahatlashdik. Buning ustiga “Andijon” taklif borasida ham ozgina kech qoldi. Hozir hech qanaqa selektsiya qila olmaydi. Agar 10 kun oldin taklif bo‘lganida ham u erga borib harakat qilib ko‘rishi mumkin edi.
Agar keyingi mavsum boshida yana taklif bo‘lsa va tarkibga o‘zi xohlagan o‘yinchilarni qo‘sha olsa, bemalol yaxshi jamoa tuza oladi. Hozircha esa bu masalani yopib turishga qaror qildik. Albatta, aniq javobni Davronni o‘zidan ham eshitish mumkin. Ammo bevosita o‘zim ham bu taklif va shart-sharoitlar haqida bilib turgandim. Shu bois bemalol aytishim mumkinki, bu o‘tish amalga oshmadi. Aslida Fayziev qiyinchiliklardan aslo qo‘rqmaydi, u kelajakda ishlashi va yaxshi jamoa tuzishi mumkin. Hozir esa selektsiya qilib bo‘lmaydi, vaqt esa juda kam qolgan. Unga ishonch bildirgan rahbariyatning ishonchini qozonish esa hozirgi vaziyatda juda qiyinligini hamma bilib turibdi. Bunday og‘ir vaziyatdan chiqib ketish uchun mo‘’jiza kerak, deb aytishim mumkin. Masalan, “Andijon”ning etakchi o‘yinchisi Jamshid Hasanov ham ketib qolgan. Bunday olib qarasak, ayni paytda klubda etakchi o‘yinchining o‘zi yo‘q. Qolaversa, muzokara jarayonida bir-ikkita masala bo‘yicha ham bir to‘xtamga kelinmadi. Biroq Davron andijonliklarning taklifiga minnatdorchilik bildirdi va do‘stona xayrlashildi. O‘z vaqtida men ham qiyin vaziyatga tushganman. U bilan masalaning hamma tomonini o‘ylab ko‘rgan holda Fayziev bilan boshlagan ishimizni birga davom ettirishga qaror qildik.
Qo‘qonda ishlab turib “Andijon”ning imkoniyatlari to‘g‘risida fikr bildirishim noto‘g‘ri bo‘ladi. Agarda ikkala tomon bir to‘xtamga kelganida biz ham imkon darajasida yordam berishga tayyor edik. Fayzievning “Andijon”ga o‘tishi vaqtliroq amalga oshganida balki kerakli pozitsiyalarga ikki-uchta o‘yinchi berib turish ehtimolimiz ham bor edi. Bu borada “Andijon”ni va Davron Fayzievni qo‘llab-quvvatlashga tayyor edik. Unga boshqa joylardan takliflar bo‘lganida bu variantlarni ko‘rib chiqmadik. Ammo “Andijon”ga befarq bo‘lmaganimiz va u erda tanish do‘stlarimiz ishlashayotgani sababli ular bilan ko‘rishdik va Fayziev muzokara o‘tkazib ko‘rdi.
Xolis fikrimni aytadigan bo‘lsam, “Andijon”ni juda og‘ir o‘yinlar kutib turibdi. Superligada qolish yo‘lida katta rejalar bilan ishga kirishgan yangi rahbariyatga omad tilayman xolos. Biroq meni hozirda ko‘proq o‘zimizning o‘yinlarimiz qiziqtiradi. Negaki, jamoamizni ham oldinda murakkab bellashuvlar kutib turibdi. Boshqa klub haqida fikr bildirgandan ko‘ra o‘z jamoam to‘g‘risida ko‘proq o‘ylaganim va shug‘ullanganim ma’qul deb o‘ylayman. “Andijon” jamoasida ham murabbiylar o‘zgarib turibdi, baribir bu holat ham natijalarga ta’sir qiladi. Birinchi davrada yaxshi selektsiya qila olishmagani va murabbiylar o‘zgarishi tufayli ham g‘alaba qozona olmadi. Hozirdan bu klubni Superligadan tushib ketadi yoki qoladi, deydigan fikrlar bildira olmayman. Albatta, o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishsa xursand bo‘laman. “Andijon”ning yangi rahbariyati Davron bilan uchrashganida ular bilan men ham tanishib, gaplashdim. Rahbariyatning rejalari katta va bu yo‘lda Xudoning o‘zi qo‘llab-quvvatlashini istab qolaman. Shunaqa qiyin vaziyatda Andijon futboli uchun yordamga kelishdi. Bunday damda yuzlari yorug‘ bo‘lishini tilayman, - dedi Ashurmatov.
Fikrlar