Debyut: Mayk Taysonga sparring sherik bo‘lgan yoxud Don King bilan hamkorlik qilgan o‘zbek bokschisi...

  • 16 aprel, 2020, 18:33
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

  Xorazmlik charmqo‘lqop ustasi Timur Ibragimovni barcha o‘zbekistonlik boks muxlislar yaxshi bilishsa kerak. Ayni vaqtda AQShda istiqomat qilayotgan ushbu yurtdoshimiz o‘z vaqtida havaskor yo‘nalishning  -81 va 91 kg vazn toifalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan edi. U bir necha bor O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi va 1997 yil Osiyo chempionatining oltin medalini ham qo‘lga kirita olgandi. 1996 yilgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan va unda xorvatiyalik Stripe Drvishga  imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Bahsli tarzdagi jangda g‘alaba xorvat bokschisiga berilgandi. Xullas, “Debyut” ruknimizning bu galgi “qahramon”i aynan ushbu vatandoshimiz bo‘ladi.

Tecno

t

  Ibragimov havaskordagi ushbu natijalardan so‘ng, o‘z omadini professional boksda sinab ko‘rishga ahd qiladi va AQShning "Warriors Boxing" promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolaydi. Ushbu kompaniya shafeligi ostida 22 ta jang o‘tkazadi. O‘zining ajoyib janglari bilan hamyurtimiz professional boks olamida tom ma’nodagi afsona Don King nazariga tushadi va u bilan hamkorlik qilishni boshlaydi. Shu tariqa Timur Ibragimov  faoliyati mobaynida 36 ta jang o‘tkazib, ularning 31 tasida g‘alaba qozonishga erishadi. 4 marotaba mag‘lubiyatga uchraydi va bir bora durang qayd etadi. Raqiblari ustidan 16 bor nokaut evaziga zafar quchadi.

  AQShdagi faoliyati mobaynida rossiyalik sobiq WBO chempioni Sulton Ibragimov bilan yaqin do‘stlarga aylanishadi va ular birgalikda mashg‘ulotlar o‘tkazishadi. O‘z o‘rnida vatandoshimiz 2004 yillarda Mayk Taysonga sparring partnyor bo‘ladi. Shuningdek, uning bir nechta teleshoularida ham ishtirok etadi. U faoliyati mobaynida WBA Pan African, IBA Intercontinental, NABA, WBC FECARBOX kamarlarini qo‘lga kiritadi. U professional boksdagi so‘ngi jangini  2012 yil 25 iyunda Namangan shahrida WBA Pan African tituli uchun o‘tkazadi. Unga Janubiy Afrika Respublikasi vakili Dlomo Vaysmen raqiblik qiladi. Mazkur jangda yurtdoshimiz ochkolar hisobiga ko‘ra, g‘alaba qozonadi. Bu uning professional boksdagi sarguzashtlarining intixosi edi. Shundan so‘ng, Timur Ibragimov o‘z faoliyatiga yakun yasaydi. Mazkur jang professional boksdagi ilk jangidan 12 yil o‘tib sodir bo‘lgandi.

  Qahramonimiz professional yo‘nalishda birinchi bor, 2000 yil 29 mart kuni Rossiyaning Ekaterinburg shahrida mezbonlar vakili Dmitriy Naumovga qarshi jang qiladi va ochkolar hisobida ustun keladi. Rossiyalik charmqo‘lqop ustasi esa, yurtdoshimizga to‘qnash kelgunga qadar, 2 ta jang o‘tkazib, har ikkisida g‘alaba qozongandi. Ibragimovdan mag‘lubiyatga uchrashi uning faoliyatiga yakun yasaydi. Chunki, uning professional boksdagi faoliyati uchta jang bilan cheklanadi.

Yakunda shuni aytishimiz mumkinki, Timur Ibragimovning o‘zbek boksida o‘z o‘rni bor va uni muxlislar ajoyib janglari bilan yodda saqlashadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!