
Denis Ivankov yana "Nasaf"ga qaytishi mumkinmi?
Yurtimizda tajribali mutaxassislar ko‘p va muxlislarning mehrini qozonganlari ham talaygina. Ammo bosh murabbiy bo‘lmasdan ham ko‘pchilikning e’tiborini qozonib, o‘zidan iliq taassurot qoldirgan holda tajribasi bilan foyda keltirayotgan mutaxassislarimizni ham unutmasligimiz lozim. Misol uchun darvozabonlar murabbiyi sifatida barchamizga yaxshi tanish bo‘lgan Denis Ivankovni o‘z ishining haqiqiy ustasi deyishimiz mumkin. Futbol jamoatchiligidagi aksariyat insonlar uni yurtimizdagi eng yaxshi darvozabonlar murabbiyi deya e’tirof etishadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hozirda u milliy terma jamoamizda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. U o‘z tajribasi bilan ko‘plab darvozabonlarni tarbiyaladi va hozirda ular terma jamoalarda ham ishtirok etmoqdalar. Bizni qiziqtirgani shundaki, Ivankov o‘zini bosh murabbiylikda ham tasavvur qila oladimi? Shuningdek, yana biror-bir klubda o‘z ishi bilan shug‘ullanishi ham mumkinmi yoki faqat terma jamoadagi ishini davom ettiradimi? Aynan shunday savollar bilan mutaxassisning o‘ziga murojaat etdik.
- Denis Aleksandrovich, yana qachondir Superliga klublaridan birida ishlashingiz mumkinmi? Shu masalada o‘zingiz to‘xtalib o‘tsangiz.
- Meni ma’zur tuting, savolingizni unchalik tushunmadim. Superliga ishtirokchilaridan birini boshqarish?
- Bu borada o‘zingizni tasavvur qila olmaysizmi? Balki biror-bir klubdan aniq taklif bo‘lgandir...
- Aytishim kerakki, shu paytgacha hali biror marta bosh murabbiy bo‘lib ishlamaganman. Faqat darvozabonlarni shug‘ullantiruvchi murabbiylik lavozimi bilan mashg‘ul bo‘lganman.
- Lekin sizga qaysidir klubdan taklif bo‘layotgani haqida ham eshitib turibmiz...
- Hammasi mish-mish bo‘lsa kerak. Hozircha biror-bir klubdan menga mana shunday taklif bilan hech kim murojaat qilgani yo‘q. Agar shunday ish yuz bersa, bu men uchun juda qiziqarli bo‘lardi.
- Bungacha asosan klublarda faoliyat ko‘rsatgansiz. Ammo oxirgi paytlarda terma jamoada ishlab kelmoqdasiz. Siz uchun terma bilan klubdagi ishingizning qanday farqli tomonlari bor?
- Klub bilan terma jamoa o‘rtasida ishlash borasida juda katta farq bor. Masalan, klubda biror-bir reja asosida ishlashning iloji bor. Bunday paytda esa o‘yinchilarni mavsumga munosib tayyorlash mumkin. Shuningdek, klubda futbolchilar bilan har hafta muntazam ravishda ishlashning ham ilojisi bo‘ladi. Terma jamoada esa bunday emas. U erda asosiy urg‘u taktik o‘yinlarga qaratiladi xolos. Ochig‘ini aytsam, menga shogirdlarimni hafta davomida shug‘ullantirish yoqadi.
- Shuningdek, siz “Nasaf”da ham ancha samarali ishlagansiz. Yana u erga qaytishingiz ham mumkinmi?
- Shuni alohida aytmoqchimanki, “Nasaf” uchun umrimning olti yilini berdim. U erda hamma men uchun xuddi oila-a’zolarimdek qadrdon bo‘lib qolishgan. Ammo hozir bu klubda murabbiy ishlamoqda! Shunday ekan...
- Ayni paytdagi karantin chog‘ida nima bilan bandsiz?
- Ayni chog‘da butun e’tiborimni nazariy tomondan bilimimni yanada oshirishga qaratganman. Shu yo‘lda kerakli qo‘llanmalarni o‘qiyapman, boshqa mamlakatlardagi hamkasblarim bilan esa muntazam muloqot qilib turibman. Uyda esa jismoniy holatimni bir maromda ushlab turishga alohida e’tibor qaratganman.
Fikrlar