Deyan Jurjevich: "Navbahor"ning chempionatdagi holati murakkab, ammo Babayan jamoani barqarorlashtirish uchun aniq reja tuzayotgan bo‘lsa ajab emas"

  • 14 iyul, 2021, 16:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan serbiyalik Deyan Jurjevich ayni paytda o‘z yurti – Serbiyada. Bilsangiz, uning yurtimizdagi oxirgi klubi “Navbahor” edi. Shundan so‘ng, ma’lum vaqt Samvel Babayan bilan birga Xitoy klubida ishladi. Keyin Serbiyaga qaytdi. Kuni kecha Jurjevich sports.uz saytiga intervyu berdi.

Tecno

- Ayni paytda qaerdasiz va nima ish bilan mashg‘ulsiz?

- Salom, yosh do‘stim. Hozir men Belgraddaman. “Kolubara” klubida ishlayapman. Bu jamoa 120 yillik tarix davomida ilk bor Superligaga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Bu mening qadrdon shahrim. Poytaxt Belgraddan shahrimiz orasini 45 daqiqalik masofa ajratib turadi. Hozir men u erda bosh murabbiy bo‘lib ishlayapman. Tayyorgarlikni tugatdik. Kelgusi haftadan chempionat boshlanadi.

- Yaqin do‘stingiz Samvel Babayan “Navbahor”da maslahatchi murabbiy sifatida ish boshladi. Uni Namanganda nima kutyapti, deb o‘ylaysiz?

- Ha, men Babayanning “Navbahor”da ish boshlaganini eshitdim. Men uchun u O‘zbekistondagi murabbiylar orasida eng yaxshisidir. Ayni paytda “Navbahor”ning chempionatdagi holati ancha murakkab. Janob Babayan klubda bosh murabbiy emas, balki maslahatchi murabbiy sifatida ishlayotganini bilaman. To‘g‘ri, shunday bo‘lsa ham unda ish ko‘p. Men uning maslahatchi rolida ham yaxshi ishlayotganiga aminman. Babayan jamoani barqarorlashtirish yo‘lida aniq bir reja tuzayotgan bo‘lsa ham ajab emas.

jurjevich2_1

- O‘tgan vaqt davomida O‘zbekistondan xizmatingizga qiziqishlar bo‘ldimi?

- Ha, agar yana taklif bo‘lsa, bunga jon, deb rozi bo‘lardim. O‘zbekistonni tez-tez yodga olib turaman. Yurtingizda uzoq vaqtni o‘tkazdim. U erda ko‘plab do‘stlar orttirdim. Agar jiddiy taklif bo‘lsa, O‘zbekistonga qaytib jon, deb ishlashga tayyorman. Ammo ertaga nima bo‘lishini hech kim oldindan aytib bera olmaydi. Shuni ta’kidlamog‘im joizki, O‘zbekiston men uchun ikkinchi vatan bo‘lib qolgandi.

- O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionati saralashidagi omadsizligini nima bilan bog‘lagan bo‘lardingiz?

- Hozir menda jahon chempionati saralash bahslariga doir ma’lumotlar unchalik ko‘p emas. O‘zbekistonning oldingi avlod futbolchilari – Kapadze, Jeparov, Haydarov, Ahmedov... Ular butunlay boshqa darajadagi ijrochilar sanalardi. Hozir yangi avlod futbolchilari to‘p surmoqda. O‘zbekistonda ishlab yurgan paytimda vaziyatdan harqalay boxabar bo‘lib turardim. O‘shanda ham terma jamoada keyinchalik avlodlar almashinuvi bilan bog‘liq muammo yuzaga kelishi mumkinligini his qilib turardim. Agar ishlar to‘g‘ri olib borilsa, avlodlar almashinuvi bilan bog‘liq vaziyatdan yaxshi xulosa chiqarib, ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.

- Babayan bilan aloqani saqlab qolganmisiz? Agar sizni chaqirsa qaytasizmi?

- Janob Babayan bilan birga uzoq ishlaganman. Bir-birimizni juda yaxshi bilamiz. Shunday murabbiy bilan birga ishlaganimdan xursandman. Birgalikda juda yaxshi damlarni o‘tkazganmiz. Hozir vaziyat shunday ko‘rinish olganki, men o‘z yurtimda bosh murabbiy vazifasida ishlayapman, Babayan esa “Navbahor”da maslahatchi murabbiy vazifasida faoliyat yuritmoqda. Yana birga uchrashishimiz qachon yuz berishini bilmayman. Agar fursati kelib, Babayan bilan birga ishlash imkoni tug‘ilsa, bunday imkoniyatni qo‘ldan boy bermasligim aniq.

- “Navbahor” klubidagi faoliyatingizdan qanday xotiralar qolgan?

- “Navbahor” klubida o‘ziga xos tarix bor. “Navbahor”da juda yaxshi potentsial bor. Klubda ajoyib stadion va muxlislar mavjud. Boshqa tomondan olib qaraganda, jamoaga barqarorlik etishmayapti. Chempionat avvalida “Navbahor” o‘zidan yaxshi taassurot qoldiradiyu, keyinchalik pozitsiyasini boy berishga tushadi. Klub Chempionlar ligasini ko‘zlaydi, bu tabiiy. Lekin ayni paytda “Navbahor”ning bunga tayyor emasligi aniq. Boya aytganimdek, jamoaga barqarorlik etishmaydi. Buning uchun sabr qilib ishlash kerak. Ehtimol, jamoaning poydevorini qurish uchun bir yoki ikki yil kerak bo‘lar. Agar yuqoridagilar va muxlislar “Navbahor”dan darhol natija talab qilishsa, vaziyat yanada ayanchli tus olishi tabiiy. Buning oqibatida klub o‘raga tushib qoladi va o‘zi bilan o‘zi bo‘lib, o‘radan chiqa olmaydi va natijalar ham shunga mos ravishda yomonlashib ketadi. Meni xursand qilayotgani shuki, hozir murabbiylar shtabida Babayandek mutaxassis ishlamoqda. “Navbahor”da ekanligimda vaziyat hozirgidan ancha farq qilardi. Biz yaxshi jamoani shakllantirishga erishgandik. Poydevor qurishga ham ulgurgandik. Futbolda poydevor qurish juda muhim omillardan biri hisoblanadi. Mening fikrim shunday: yaxshi poydevor bo‘lmas ekan, klub bir joyda depsinib turaveradi. Shunisi aniqki, “Navbahor”da bunday poydevorni tashkil etish uchun hamma narsa mavjud: yaxshi stadion, infratuzilma, jonkuyar ishqibozlar... Endi faqat ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak xolos. Boya aytib o‘tganimdek, buning uchun vaqt kerak bo‘ladi. Faqat sabr bilan kutish darkor.

jurjevich_1

- “Navbahor”ga kelgan chog‘ingizda Oston O‘runov ketgandi. Negadir uning Rossiyadagi ishlari yurishmayapti. Sizningcha, bu nima bilan bog‘liq?

- Oston O‘runovni yaxshi bilaman. Men “Navbahor”ga kelganimda, u bu erda emasdi. Biroq u bilan uchrashganman. O‘shanda Oston “Lokomotiv” bilan shartnoma imzolab, Namangandan ketgandi. O‘runovni yoshlar terma jamoasidagi o‘yinlari orqali ham bilardim. U chindan ham iqtidorli futbolchi. Unda iste’dod bor. Ammo buning o‘zi zo‘r futbolchi bo‘lib etishishni ta’minlay olmaydi. Buning uchun o‘yinchi o‘z ustida muntazam ishlamog‘i darkor. Aytish mumkin bo‘lsa, zo‘r ijrochiga aylanish uchun iqtidor 30 foiz, qolgan 70 foiz mehnat talab etiladi. Asosiysi, O‘runovda yaxshi potentsial bor. Unda yana shunday muammo borki, Oston shu potentsiali bilan yaxshi klubda bemalol o‘ynab keta olaman, deb o‘ylagan. Lekin klublar darajasi o‘rtasida katta farq bor. Xuddi shunday fikrni ligalar doirasida ham bildirish mumkin. Futbolchi bir chempionatdan ikkinchisiga ko‘chib o‘tar ekan, yangi joyga moslashishda qator qiyinchiliklarga duch keladi. Maqsad sari esa qadam-baqadam harakatlanmoq darkor. Oston O‘runovda potentsial bor. Futbolchilar o‘zlari faoliyatida o‘zgarish yuz berib, biror-bir jamoaga kelar ekan, o‘sha erda o‘ynab keta olishini his qiladi. Ba’zida buni sezmas ekan, qanchalik harakat qilmasin ishlari yurishmaydi. Ostonda shunday holat yuz bergan. Undan top-darajadagi futbolchi chiqish-chiqmasligini esa vaqt ko‘rsatadi.

- Vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Ishlaringizga omad tilaymiz.

- Siz ham rahmat, O‘zbekistondagi jurnalistlarni doim eslayman. Nafaqat, mahalliy jurnalistlar, balki O‘zbekistondagi ko‘plab do‘stlarim bilan yaxshi munosabat o‘rnatgandim. Ayrimlari bilan aloqani hamon saqlab turibman. Masalan, Ravshan Haydarov mening eng yaqin do‘stlarimdan biri. Shuningdek, mahalliy murabbiylar, federatsiyadagilar orasida ham tanishlarim ko‘p. Yuqorida aytganimdek, O‘zbekistonni esga olsam, xayolimga faqat yaxshi fikrlar keladi. U erda o‘tgan davrimni unutmayman. Agar yana yordamim tegadigan bo‘lsa, bundan faqat xursand bo‘laman.    

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!