Diyor Imomxo‘jaev: "Bu mavsum Superliga yonadi!"

  • 20 fevral, 2021, 21:50
  • Abdullajon .
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, bugun "Milliy stadioni"da Superliga yangi mavsumi uchun qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi. Marosim yakunida PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev qur’a hamda Superliganing yangi mavsumi xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

- "Qur’aga ko‘ra, dastlabki turning eng markaziy o‘tishi kutilayotgan o‘yini sifatida qaysi uchrashuvni ko‘rsata olasiz?"

- "Menimcha, 1-turda dastlabki to‘rttala o‘yin markaziy bo‘ladi. "Nasaf" - "Paxtakor", AGMK - "Lokomotiv", "Navbahor" - "So‘g‘diyona", "Turon" - "Qo‘qon-1912" o‘yinlari qiziq o‘tadi. Ayniqsa, "Nasaf" - "Paxtakor" o‘yini juda zo‘r tushdi, sababi ular Superkubokda ham to‘qnash keladi. Hammasi tabiiy, hech qanaqa shubhaga o‘rin yo‘q".

- "Bu mavsum "Paxtakor"ning Superligadagi yurishi, kuchsizlanishi haqida fikringiz qanday? Ular bu yil nimalarga qodir?"

- "Fikrimcha, "Paxtakor" kuchsizlanmadi, aksincha, bitta relsga tushib oldi. Ya’ni, O‘zbekiston Chempionatidan umidli yosh futbolchilarni sotib olib, ularni yulduz darajasiga olib chiqyapti hamda xalqaro maydonda ko‘rsatib, bemalol sotyapti. Yangi futbolchilarni ham sotib olyapti. Germaniyada "Bavariya" xuddi shunaqa tendensiyada ish yuritadi.
   Men xursand bo‘lgan jihatim, "Nasaf" xudo xohlasa, muammolarini hal qilib, Ro‘ziqul Berdievni saqlab qolsa, AGMK murabbiyini ketkazmasa bu juda zo‘r. Tarkib yildan-yilga kuchayib boryapti. Xuddi shunday holat "Metallurg"da ham kuzatilyapti, "Qo‘qon"ga ham mos tushadi. "Andijon" va "Turon" xususiy klub, hozirda ularning mas’uliyati katta, ularning zimmasiga ko‘p narsa yuklangan. "Lokomotiv" ancha kuchayganini hamma ko‘rdi, yangi murabbiy keldi, tarkibda o‘zgarishlar katta. Shuning uchun, bu yilgi chempionat o‘tgan yilgidan ancha qiziq o‘tishiga ishonaman, qisqa qilib aytganda bu mavsum Superliga yonadi!"

- "Nima deb o‘ylaysiz, debyutant "Turon" ilk mavsumda qay darajada qiynaladi, o‘tgan mavsumlardagi debyutantlar kabi ularda ham muammolar kuzatiladimi?"

- "Endi birinchi mavsum albatta, oson bo‘lmaydi. Hech kimda birinchi mavsum oson kechmagan. Har sohada birinchisi doim qiyin bo‘lgan. Qaysidir ma’noda bu yaxshi va kerakli. Chunki, keyin qiynalishmaydi. Hozirda "Turon" stadionini tanib bo‘lmaydigan darajaga olib kelgan, 1-turni o‘zida o‘tkaza olmasligi ham mumkin. Buyog‘iga "Qo‘qon" bilan kelishishadi, ular aka-uka jamoalar. Muammo bo‘lmaydi".

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!