Diyor Imomxo‘jaev: Jamoalarni birdaniga chopib tashlay olmaymiz

  • 14 aprel, 2022, 14:36
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev o‘zining telegramdagi kanalida stadionlarning holati haqida fikr bildirdi.

Tecno

"AGMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov kecha Xorazmdagi sun’iy maydon haqida fikr bildirib o‘tdi. Bizga aynan shu kerak.

Superliga va kubok boshqa-boshqa musobaqa. 2022 yildan boshlab projektori talabga javob bermaydigan Superliga klublari uy uchrashuvlarini o‘tkaza olmayapti: Surxon, Olimpik va Qo‘qon-1912. AGMK va Metallurg shu yilning o‘zida projektorini yaxshilashi shart.

Qizilqum, Surxon, AGMK, Olimpik, Neftchi maydonlari bu yil yaxshi bo‘ladi. Mazkur holatda bizda faqatgina 1 ta muammoli maydon qoladi — So‘g‘diyona. Biroq jizzaxliklar ham 2023 yilgacha gazonni talab darajasiga keltirmasa, u erda ham o‘yinlar bo‘lmaydi.

Kubokda esa darajasi turlicha klublar to‘qnash keladi. Biz bosqichma-bosqich Ikkinchi liga etakchilariga ham katta klublar bilan o‘ynash imkonini berdik. O‘sha Xorazm va o‘sha Nukusdagi futbol muxlislari ham katta o‘yinlarni, katta jamoalarni ko‘rishga haqli. Katta jamoalarning kelishi esa muammolarning tezroq echim topishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham Qosimov kabi mutaxassislarning fikri bizga as qotadi.

Ha, Xorazmdagi stadion juda yomon. Ammo biz indamay Pro ligada yurgan klubni birdaniga chopib tashlay olmaymiz. Talab bosqichma-bosqich qo‘yilishi kerak. Aytaylik, kecha O‘FA viloyat hokimiga qandaydir xizmatlari uchun nishon berdi. Bu yaxshi qadam. Ko‘kragiga futbolning o‘sha nishonini taqqan kishi, ketidan Qosimov kabi dunyo ko‘rgan kishining Xorazm maydoni haqidagi fikrlarini o‘qiydi va katta ehtimol bilan viloyat paysalga solib yotgan katta stadionni bitirish ishlarini tezlashtiradi. Shuning uchun ham O‘zbekiston kubogida biz o‘yinlarni ko‘chirmaymiz. Kubokda tajribasizlar tajribalilardan o‘rganishi, o‘rnak olishi biz uchun juda muhim.

2021 yilda Xorazmga Qizilqum bordi, Aralga esa Lokomotiv va Andijon. Bu yil ular safiga AGMK qo‘shildi. Balki kelasi mavsumda Nasaf yoki Paxtakor o‘sha erlarda mehmon bo‘lar. Unga qadar talablar Pro ligada ham ma’lum nuqtaga etgan bo‘ladi.

P.S. Biz maydonga talab qo‘yayotganda iqlimni ham albatta inobatga olamiz. Hozircha Xorazm va Qoraqalpog‘iston sun’iy maydondan foydalanishi normal holat. Kelajakda ham bu ish davom etishi mumkin. Biroq talab FIFA normalariga javob beruvchi sun’iy maydon bo‘ladi. Unday sun’iy maydonda esa hatto Evropa klublari ham mashg‘ulot o‘tkazib turadi. Shunchaki biz past sortli sun’iy maydonlarga o‘rganib qoldik. Albatta unday maydonlar futbolchilar salomatligiga katta ziyon keltiradi. FIFA talabidagi esa bunday bo‘lmaydi".

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!