
EChL. “Leyptsig” – “Atletiko”: Prevyu
Kecha mavsumning bir kashfiyoti turnirni tark etdi. “Atalanta” futbolchilari parijliklar darajasi qurboniga aylandi. Klass o‘z so‘zini aytdi. Demak, “Leyptsig” uchun bosim yanada ortadi. Nega? Chunki katta jamoalar bunday muhim uchrashuvlarni o‘z foydasiga burib yuborish qudratiga ega. Raqib ham anchayin jiddiy “Atletiko”. Yana kimsan amaldagi chempionlarni nimchorakda qoldirib keldi ular. Qiziqarli-a? Chorak final ostonasida Mourinoga hech qanday imkoniyat qoldirmagan Yulian Nagelsmann shogirdlari hamda Klopp armiyasini kuchli taktika evaziga mahf etgan Diego Simeone yigitlari.
Bir qarashda ushbu qarama-qarshilik favoriti aniqdek. Ammo vaziyatga boshqa tomondan yondashsak, intriga paydo bo‘laveradi. Ya’ni, “buqalar” tarkibida hujumga o‘tishni yoqtiradigan, vaziyatlarni samarali yakunlashi mumkin bo‘lgan futbolchilar etarlicha. Timo Vernerning ketishi jamoa o‘yiniga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin, lekin butunlay o‘ldirmadi. Shu sababli, bugun nemis klubidan yorqin futbol kutayotganlar adashmayapti. O‘z navbatida, “matraschilar”da ham ushbu mavsum ajoyib imkoniyat tug‘ildi. Ular o‘z tarixida ilk bor “shalpangquloq”ni boshlari uzra baland ko‘tarishlari mumkin. Barchasi ularning o‘ziga bog‘liq.
“Leyptsig”
Yuqorida ta’kidlanganidek, “buqalar” hujumga o‘tishdan charchamayapti. Ular ushbu mavsum umumiy hisobda 105 ta to‘p kiritishdi. Har bir o‘yinda darvoza tomon o‘rtacha 16 ta zarba berishdi. Bundesliga bronza medallari egasi uchun yomon natija emas, nazdimizda. Shuningdek, ular himoyani ham unutib qo‘ymagan holda harakat qiladi. Orqa chiziq markazida Dayo Upamekano tartibga javob beradi. Uning ishonchli o‘yini tufayli nimchorak finaldan o‘rin olgan ikki o‘yinni ham Nagelsmann shogirdlari gol o‘tkazmay yakunladi. Raqib o‘tgan mavsum finalchisi “Tottenxem” ekanligini hisobga olsak, “Leyptsig” himoyasi ishonchli o‘yin ko‘rsatishiga yana bir bor amin bo‘lamiz.
Yaqindagina “Chelsi” tomonidan sotib olingan Timo Vernerning o‘rni sezilishi tabiiy. Zabitser, Shik kabi futbolchilar esa uning yo‘qligini sezdirmaslik uchun yanada ko‘proq harakat qiladi.
Taxminiy tarkib: Gulachi, Klostermann, Upamekano, Xalstenberg, Laymer, Zabittser, Kampl, Myukile, Forsberg, Nkunku, Shik
Ishtirok eta olmaydi: Konate
Tarkibga kiritilgan: Ugo Novoa
Qaydnomadan o‘chirilganlar: Ampadu, Yakel, Verner, Volf
“Atletiko”
Bu yil “matraschilar” yomon o‘yin ko‘rsatmayapti. Grizmann kabi etakchisini yo‘qotgan jamoa uchun bunday o‘tayotgan mavsumni muvaffaqiyatli, deb atashga to‘liq haqlimiz. Negaki, Simeone yigitlari bir futbolchiga bog‘lanib qolmaganliklarini isbotladi. Argentinalik mutaxassis ham transfer bozorida bir qancha aqlli yurishlarni amalga oshirdi. Nimchorak finaldagi “Liverpul” ustidan qozonilgan g‘alabada aynan mavsum avvalida jamoaga olib kelingan Lorente va uning kerakli vaqtda jangga tashlanishi muhim omil bo‘ldi. Bugun ham Simeonedan mana shunday yurishlar ko‘rishimiz mumkin.
Madridliklar safida koronavirus yuqtirib olgan Anxel Korrea va Shime Vrsalko jamoa bilan Germaniyaga kelmadi. Ammo “Atletiko” sardori Yan Oblak bu ularga katta muammo tug‘dirmasligini aytib o‘tdi: “Biz qiyin vaziyatga tushib qolmadik. Aynan kasallikka chalingan jamoadoshlarimiz uchun ham g‘alaba qozonishimiz shart”.
Taxminiy tarkiblar: Oblak, Arias, Ximenes, Savich, Lodi, Lorente, Koke, Saul, Karrasko, Joau Felish, Kosta
Ishtirok eta olmaydi: Vrsalko, Korrea
So‘roq ostida: Tomas Partey
Tarkibga kiritilgan: yo‘q
Qaydnomadan o‘chirilganlar: yo‘q
Murabbiylar
Yulian Nagelsmann: “Biz faqat o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratamiz. Ularda Chempionlar Ligasi tajribasi borligini juda yaxshi bilaman. Ammo hammasi bir o‘yinda hal bo‘lishini hisobga olsak, barchasi yuz berishi mumkin. Bu kuchli bosim va kimning asablari mustahkam bo‘lsa, uning qo‘li baland keladi. Men futbolchilarimga shunchaki futbolda rohat olish kerakligini tushuntirdim”.
Diego Simeone: “Bizni katta ishlarni amalga oshirayotgan iste’dodli murabbiyga qarshi ajoyib o‘yin kutib turibdi. Ular ham biz kabi o‘z ligasida bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Shunchaki g‘alaba qozonish muhim emas. Bu ishtiyoqni yagona variantga aylantirish muhim. O‘zimda mavjud barcha narsani amalga oshirib, bu o‘yinga yigitlarni tayyorlayman. Qaytaraman, bu shunchaki g‘alaba emas, u yagona tanlov”.
Murabbiylarning fikrlaridan ham bahs haqiqiy jangga aylanishini sezish qiyin emas. Albatta, tajribali hamda yosh mutaxassis bellashuvi hech kimni e’tiborsiz qoldirmaydi.
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar