Edgar Bernxardt: "Andijon"da qo‘shimcha rag‘bat va’da qilinar ekan, nega vazifani bajarmasligimiz kerak? "Mustang"da yurishni orzu qilaman"

  • 10 mart, 2021, 18:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubi yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida tarkibiga legionerlarni ham qo‘shib olganidan xabardorsiz. Jamoa safiga birinchilardan bo‘lib, Edgar Bernxardt qo‘shildi.

Tecno

Qirg‘iziston terma jamoasining etakchilaridan biri bor e’tiborini “Andijon” jamoasiga qaratgan. Kuni kecha sports.uz muxbiri ushbu legioner bilan uchrashdi va ko‘plab qiziqarli mavzularda suhbat uyushtirdi.

- Aytishim kerakki, O‘zbekistonda ilgari ikki marta bo‘lganman, - deya suhbatni boshladi Bernxardt. - Shu sabab, taklif olganimdan so‘ng, uzoq o‘ylanib o‘tirmadim. Chunki do‘stim va murabbiyim ham yurtingiz haqida menga bilganlarini aytib berishdi. Markaziy Osiyoda eng zo‘r futbolni o‘zbek Superligasida o‘ynashlarini bilganim uchun ham bu taklif meni quvontirib yubordi. Oldin ham O‘zbekistonda o‘ynash niyatim bo‘lgan, desam mubolag‘a qilmayman. Chunki o‘zbek futboli texnik jihatdan yaxshi shakllangan. Taktik tomondan ham yaxshi rivojlanganidan xabarim bor. Boya aytganimdek, Markaziy Osiyoda eng yaxshi futbolni aynan O‘zbekistonda o‘ynashadi.

- Bungacha yurtimiz futbolidagi taassurotlaringiz qanaqa edi va “Andijon” haqida fikringiz qanday bo‘lgan?

- Oldinlari ikki do‘stim orqali O‘zbekiston haqida ham ko‘p narsa eshitgandim. To‘g‘ri, avvaliga menda atrofda bo‘layotgan mish-mishlar tufayli biroz ikkilanish ham bor edi. Shu bois, oldinda o‘zimni nima kutib turganini tasavvur qila olmadim. To‘g‘risini aytsam, Toshkentda to‘p surishga hozirlik ko‘rgandim. “Andijon”dagi shart-sharoitlardan mutlaqo bexabar edim. Klubda stadionning holatini yaxshilash uchun ish olib borilayotganiga guvoh bo‘ldim. Hozir dastlabki taassurotlarim bilan o‘rtoqlashishim biroz qiyinroq. Bu erda sharoit super darajada bo‘lmasa ham, nolishga biror-bir sababni ko‘rmayapman. Qolaversa, bu erga qanday maqsadda kelganimni o‘zim yaxshi bilaman. Ustiga-ustak rahbariyat ham jamoa oldiga yangi boshlanajak mavsum uchun katta vazifalarni qo‘ygan. Biz futbolchilar buni bajarishimiz kerak bo‘ladi.

- O‘zbekistonga bog‘liq joyingiz borligini eshitdim. Onangiz farg‘onalik ekan...

- Mening onam Farg‘onada tug‘ilgan. Men sobiq Ittifoqda tug‘ilgan bo‘lsam, onam shu Ittifoq tasarrufiga kirgan O‘zbekistonda dunyoga kelgan. Esimda, bolalik chog‘imda onam bilan buvimni ko‘rgani Farg‘onaga bir necha marta kelgandim. Adashmasam, o‘shanda besh yoshdan oshgan bolakay edim. Ota-onam turmush qurishdan oldin Qirg‘izistonda tanishishgan ekan. Olti yoshga to‘lganimda oilamiz Germaniyaga ko‘chib ketgan. Shu sababli, Farg‘ona haqidagi xotiralarim elas-elas xayolimdan o‘tib turadi.

- Futbolga kirib kelishingiz tarixi qanday bo‘lgan?

- Men Qirg‘izistonda – Bishkekda tug‘ilganman. Bizning oilamiz silsilasi olis o‘tmishga borib taqaladi. Aniqroq aytganda, ikkinchi jahon urushi davrlariga. Hammasi shundan boshlangan. Buvimni buvisi nemis askariga turmushga chiqqan.

Futbolni Germaniyada o‘ynashni boshlaganman. Vaqti kelib, ikkinchi bundesligada to‘p surganman. Futbol o‘ynashga maktabning boshlang‘ich sinfida o‘qiyotgan paytimdan kirishgandim. Bunga qadar, asosan qishloq jamoalarida to‘p surganman. Regional mintaqalarda qadamba-qadam oldinga o‘tib borganman.

bernxardt4

- Futbolchilik faoliyatingiz davomida 20 dan ortiq klubda o‘ynagansiz. Tez-tez jamoa almashtirgansiz, ko‘pi bilan bir jamoada ikki yil o‘ynagan ekansiz...

- Taqdir taqozosi bilan shu paytgacha ko‘plab klublarda o‘ynadim. 12 ta mamlakatda to‘p surishga ulgurdim va buning orasida 18-19 ta jamoada harakat qildim. Rostini aytadigan bo‘lsam, klublarni almashtirish o‘zimga ham yoqadi. Chunki shuning evaziga turli madaniyatlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘laman. Ayniqsa, Osiyo meni o‘ziga alohida tortib kelgan. Osiyoda ustiga-ustak legionerlarni tez-tez almashtiradilar. Evropada – Polshada besh yil o‘ynaganman. Niderlandiyada ikki yil. Finlyandiyada 3,5 yil o‘ynadim. Qaerdadir klubni almashtirdim, qaerdadir bir jamoada nisbatan uzoqroq qolib ketdim. O‘zimga yoqadigan joy va mos futbolda ko‘proq qolishni istayman. Qolaversa, murabbiylarni tanlashga ham odatlanganman. Agar murabbiy bilan munosabatim ko‘ngildagidek chiqmasa, sharoitni o‘zgartirish payiga tushaman. Shunday murabbiylar bo‘ladiki, ular shogirdlariga ko‘rsatma berayotgan mahalda falon-falon taktikada, to‘pni paslar bilan o‘ynashimiz haqida gapirishgan paytlar bo‘lgan. Amalda esa chop va tep usulida o‘ynardik. Bunday paytda o‘zimni qulay his qilmayman.

- Endi siz yangi jamoa va boshqa mamlakatda o‘ynaysiz. Bu erdagi mentalitet to‘p surishingizga ta’sir qilmasmikin...

- Hech qanaqasiga ta’sir qilmaydi. Axir men Qirg‘iziston terma jamoasida etti yil to‘p surganman! Men u musulmon, bunisi nasaroniy ekan, deb qarab o‘tirmayman. Yana sizga bir sirni ochishim kerakki, rafiqam muslima. Shunday ekan, mahalliy mentalitet menga umuman xalaqit bermaydi.

Bernxardt

- “Andijon”ga kelishingizdan asosiy maqsadingiz nima?

- O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘ynagan chog‘imda bu erda maydonlar qanday holatda ekanligini bilganman. Bundan keyin ham yaxshi saviyada to‘p surishga harakat qilaman. Qirg‘izistonda chempionatni yutganman. Ammo, to‘g‘risini aytsam, qirg‘iz birinchiligi menga yoqmagan. U erda xuddi O‘zbekistondagi kabi infratuzilma va shart-sharoitlar yo‘q. Har qanday futbolchida bo‘lgani kabi men ham iloji boricha kuchliroq chempionatda to‘p surishni xohlayman. Ehtimol, 34 yoshda ekanligim bois, ayrimlar Bernxardt bundan keyin o‘sishdan to‘xtagan bo‘lsa kerak, degan xayolga borishlari ham mumkin. Biroq shu yoshimda ham o‘zimni bardam, tetik his qilyapman. Kishi qanday yoshda bo‘lmasin, istagan taqdirda o‘z malakasini o‘stirishi mumkin. Agar buni istamasa, hammasi aksincha tus oladi. Bunday paytda kishi o‘zini qarigan, hech qanday ishga yaramaydigandek his eta boshlaydi. Shukurki, hozir menda bunday holat kuzatilayotgani yo‘q.

- Shuningdek, sizga “Paxtakor”dan taklif bo‘lgani haqida eshitgandim...

- Meni taklif qilishmagandi. Balki klubda kelishim yuzasidan suhbatlar bo‘lib o‘tgan. Jumladan, sport direktori bilan. O‘shanda kimlargadir yoqqandim. Lekin ba’zilarga katta yoshda ekanligim erish tuyulgan. Shu sababli, “Paxtakor”ga o‘tishim yuzasidan bo‘lgan masalaga nuqta qo‘yilgan. Bu borada boshqa hech narsani qo‘shimcha qila olmayman. Menda hamon yosh o‘yinchidek maydonda yugurish uchun etarlicha shijoat bor. To‘g‘ri, o‘sha klubga ko‘chib o‘tishim amalga oshmay qolganidan biroz xafa bo‘lganman. Endi “Andijon” o‘yinchisi sifatida “Paxtakor”ga qarshi o‘tadigan uchrashuvda o‘sha kishilarga o‘zimni ko‘rsatib qo‘yish ishtiyoqida to‘p surishim aniq.

- Qirg‘iziston terma jamoasi safida sizni oxirgi marta 2019 yilgi Osiyo Kubogida ko‘rgandik. Bu termadagi faoliyatingiz qanday kechgan va u erda o‘ynaganingizdan afsuslanmaysizmi?

- Terma jamoada to‘p surish men uchun nega qulay bo‘lmasin? To‘g‘ri, Qirg‘iziston O‘zbekiston terma jamoasi singari kuchli emas. Ammo biz baribir yigitlar bilan maydonda jonimizni jabborga berib, to‘p surishga harakat qilamiz. To‘g‘ri, Qirg‘iziston chempionati ishtirokchilari O‘zbekiston Superligasidagi singari kuchli va ko‘p emas. Qolaversa, o‘zbek Superligasidan Osiyo Chempionlar ligasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmalar taqdim etiladi. Qirg‘iziston chempionati g‘olibiga esa bunday imtiyoz pley-off orqaligina taqdim etilishi mumkin xolos. Yuqorida aytganimdek, shu yoshimda ham o‘zimni navqiron paytimdagidek his qilyapman va bundan keyin ham o‘yinimni davom ettiraveraman.

bernxardt8

- Qirg‘izistonning Osiyo Kubogidagi natijasi yuqori cho‘qqi bo‘lib turibdi. Bundan ham yuqori ko‘rsatkich qayd eta olishi mumkinmi?

- Qirg‘iziston terma jamoasi Osiyo Kubogida ilk bor ishtirok etib anoyi emasligini ko‘rsatib berdi. Bunday parvoz tasodif emasligini isbotlab berishimiz kerak. Bu biz uchun birinchi navbatdagi vazifadir. Ikkinchisi chempionatda g‘oliblik uchun bitta-ikkita da’vogar bor xolos. Biroq biz bu yo‘lda kurash olib boruvchi da’vogarlar sonini 4-5 taga etkazishimiz kerak bo‘ladi. Shuning evaziga terma jamoada ham raqobat o‘z-o‘zidan ortadi. Albatta, terma jamoamizni boshqarayotgan murabbiy o‘z ishini yaxshi biladi. Lekin terma jamoada bundan keyin ham ko‘proq futbolchilar paydo bo‘lishini istaymiz. To‘g‘ri, oxirgi paytlarda termamizda yosh futbolchilar etishib chiqdi. Masalan, “Qayrat”dagi Aljigit o‘zidan yomon taassurot qoldirmayapti. Futbolni faqat 11 o‘yinchi o‘ynamaydi. Terma jamoada teng kuchga ega bo‘lgan 25 nafar futbolchi bo‘lsagina natijalar yaxshilanib borishi mumkin. Biz ham shu yo‘lda harakat qilyapmiz. Terma jamoaning o‘yiniga milliy chempionatning saviyasi ta’sir o‘tkazmasdan qo‘ymaydi. Hozir bizda asosiy o‘yinchilar milliy chempionat vakillari sanalishadi. Legionerlar soni esa unchalik ko‘p emas. Alimardon Belarusda, Aljigit esa Qozog‘istonda o‘ynayapti. Valeriy Kichin Rossiyada, bir so‘z bilan aytganda, qirg‘izistonlik legionerlar soni ham asta-sekinlik bilan ortib borayotgani kishini xursand qilmasdan qolmaydi. Men esa O‘zbekistonda o‘ynayapman. Biz futbolchilar nima qilib bo‘lsa ham, Qirg‘iziston terma jamoasining saviyasini oshirishga harakat qilyapmiz. Yana shuni aytish kerakki, milliy chempionat darajasini ham shakllantirish va rivojlantirish albatta zarur. Buning uchun akademiyalarni kuchaytirish eng ma’qul yo‘l bo‘lardi. Axir Qirg‘izistonda ham mahoratli yoshlar talaygina.   

-  O‘zbekiston chempionatiga kelganingiz bu siz uchun faoliyatingizda oldinga tashlangan qadammi?

- Albatta, men buni oldinga tashlangan qadamlardan biri, deb hisoblayman. O‘yinchi imkon qadar kuchliroq birinchiliklarda to‘p surgisi, shunga mos ravishda sheriklariga moslashishi kerak. Shuningdek, futbolchi o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasligi zarur. Albatta, ko‘p narsa baribir sheriklarining o‘yiniga moslashishga borib taqaladi. Aytaylik, futbolchi top-chempionatlardan biriga Germaniya yoki Angliyaga borib qoldi. Shunda u har qanday holatda ham jamoadoshlarining o‘yiniga moslashgan holda to‘p surishi kerak bo‘ladi. Buning aksi o‘laroq, ijrochi Bangladesh yoki Indoneziya kabi davlatlarning chempionatlariga borib qolsa, o‘z ustida ishlashiga hojat qolmaydi. Chunki u mamlakatlarda futbolning darajasi yuqori emas. Ammo buning yomon tomoni shundaki, vaziyat shu taxlit tus olsa, futbolchi o‘z ustida ishlashdan to‘xtaydi va boshqa sheriklari darajasiga tushib qoladi. Men har doim o‘z ustimda ishlashdan to‘xtamayman. Umid qilamanki, endi o‘zbek Superligasida ham shu yoshimda binoyidek o‘yinchi ekanligimni isbotlay olaman.

bernxarjt1

- “Andijon” taklifini qabul qilishingizda asosiy omil nima bo‘ldi? Moddiy ta’minotmi yoki boshqa narsami?

- Men bu savolingizga aniq javob bera olmayman. To‘g‘rirog‘i berishni istamagan bo‘lardim. Axir bu erda gap o‘yinchining shaxsiyati ustida boradi. Agar “Andijon”ga ko‘chib kelishimda pullar va yaxshi taklif asosiy rol o‘ynadi, desam boshqalarga erish tuyulmasdan qolmaydi. Lekin o‘tishimning sababini pullar bilan bog‘lash kerak emas. Chunki taklifni qabul qilmasimdan oldin ham “Andijon”da moliyaviy muammolar etarli ekanligidan xabardor edim. Chunki shundoq ham ko‘pchilik oldingi rahbariyatdan so‘ng, klubning yomon ahvolda qolib ketganidan xabardor. Endi yangi rahbar – prezident va uning qo‘li ostidagilar vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishga tushganlar. Nafaqat men, balki boshqa ijrochilar ham “Andijon”da faqat pul tufayli qolishmoqda deya olmayman. Binobarin, ularning o‘zlari ham klubning byudjetida hozir katta summadagi pullar yo‘qligini bilishadi. Bu erda hammasini moliyaviy jihat bilan bog‘lash noto‘g‘ri bo‘lardi. Taklifni qabul qilish oldidan murabbiy bilan “Andijon”dagi rolim qanday bo‘lishi yuzasidan suhbatlashib oldim. Uning falsafasi, o‘yinni tashkil etish borasidagi qarashlari meni to‘la qanoatlantirgani uchun ham qarshingizda savollaringizga javob qaytarib o‘tiribman. Yana takrorlayman: “Andijon”ga ko‘chib o‘tishim faqat pullar bilan bog‘liq emas.

- Klub rahbari “Andijon” kuchli uchlikka kirsa mashina va’ada qildi. Bunga qanday qaraysiz?

- Rahbariyat, murabbiylar va biz futbolchilarning o‘z maqsadimiz bor. Albatta, agar prezident mana shunday bonuslar taqdim etishni maqsad qilgan ekan, bu har qanday futbolchini ruhlantirib yuboradi va uning kuchiga kuch qo‘shishi tayin. Men tabiatan optimistman va voqelikka real nigoh bilan qarashga odatlanganman. Hammasi kishining ruhiyatiga bog‘liq. Agar bu ishni uddalab bo‘lmaydi, deb hali tugamasdan oldin xafsalasi pir bo‘lar ekan, ko‘zlagan maqsadi albatta hosil bo‘lmaydi. Gaplarni va orzularni amalga oshirish uchun esa harakat qilish, intilish darkor. Buning uchun har bir kishi astoydil ter to‘kishi kerak bo‘ladi. Agar qo‘shimcha rag‘bat va’da qilinar ekan, nega endi rejani amalga oshirmaslikka intilmaslik kerak?! Axir orzuga ayb yo‘q, degan turma’no naql bor. “Andijon” bilan kelasi yili chempionatni yutishni orzu qilishning biror-bir yomon tomonini ko‘rmayapman. Ammo buning uchun qadamba-qadam maqsad sari intilish darkor. Albatta, rahbariyatning vazifa bajarilgan taqdirda bonus bilan taqdirlash haqidagi va’dasi har birimizning ishtiyoqimizga kuch bermasdan qolmaydi. To‘g‘ri, buni amalga oshirish oson emas. Biroq shaxsan o‘zim ham “Mustang”da yurishni orzu qilaman. Jamoada etuk, aqlan raso futbolchilar bor. Ular ham xuddi men singari o‘ylayotgan bo‘lishlari tabiiy.

bernxardt9

- “Andijon”da iqtidorli yoshlar ko‘p. Ular siz kabi etakchilarga qarab o‘rganishadi. Yoshlar bilan ishlash sizlarga qo‘shimcha muammolar tug‘dirmayaptimi?

- Yoshim katta bo‘lgani bois kichik yoshdagi o‘yinchilar bilan doim gaplashib kelaman. Sheriklarimga o‘z vaqtida ularning yoshida yo‘l qo‘ygan xatolarimni takrorlamaslikni maslahat beraman. Har bir futbolchi ertangi kuni yaxshiroq bo‘lishi uchun bugun maksimum kuch bilan ishlashi zarur. Yosh o‘yinchilarga o‘z ustilarida tinmasdan ishlashni maslahat berarkanman, ularga shu ruhda davom etgan taqdirda kuchliroq chempionatlarga yo‘l olishi uchun imkoniyatlari ko‘p bo‘lishini ta’kidlashdan charchamayman. O‘zingiz o‘ylang, kim ham Evropada to‘p surishni istamaydi? Agar futbolchilar shunday yo‘l tutishsa, birinchidan milliy chempionat kuchayadi. Milliy chempionatning kuchayishi legionerlar soni ortishiga turtki berish bilan birga milliy terma jamoaning musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etish omili bo‘lib xizmat qiladi. Ilgari “Bunyodkor”da o‘ynagan bir o‘yinchingiz Italiyaga yo‘l oldi (Eldor Shomurodovni nazarda tutyapti). Tabiiyki, boshqalar ham unga nazar tashlagan holda intilish payida bo‘ladilar. Shuni aniq bilamanki, O‘zbekiston terma jamoasining potentsiali ulkan. Sizlarda kuchli tomonlari ko‘p bo‘lgan ijrochilar talaygina. Individual tomondan kuchli bo‘lish bilan jamoaviy o‘yin uyg‘unligi yo‘lga qo‘yilsa, umumiy maqsad hosil bo‘lishi tayin. Bu masalada ko‘p narsa deyish mumkin. Ammo men hozir chempionatingizdagi boshqa yosh iqtidor egalarini ko‘rishga ulgurmadim. Jasur Jaloliddinovning mahoratli ekanligini eshitgandim. Endi u bilan bir jamoada to‘p suraman. Axir “Lokomotiv”dek klub yosh futbolchi uchun o‘z-o‘zidan mablag‘ to‘lab qo‘ymagan-ku. Futbolchi nimagadir erishishni istasa har tomonlama o‘zgarishga harakat qilmog‘i kerak. Agar futbolchi o‘zida bor narsa bilan kifoyalanib to‘xtab qolsa, hech narsaga erisha olmaydi. Har kim yaxshiroq va kuchliroq ligada to‘p surishga intilmog‘i kerak. Ayniqsa, yosh futbolchilar buni zinhor unutmasliklari darkor. Agar futbolchi o‘zidagi bori bilan kifoyalanib, bor iqtidorini namoyish etmasdan o‘ynashda davom etib, to‘p surishni yakunlar ekan, keyinchalik afsuslanmasdan qolmaydi. Qolaversa, muxlislar essiz unda shunday katta iqtidor bor bo‘lib, bir joyda qotib qolgan holda faoliyatini tugatdi, deya achinishlari tayin.

bernxardt3

- Jasur Jaloliddinovni “Andijon”ga o‘tishini kutmagandingizmi?

- Jasurning “Andijon”ga kelishi men uchun kutilmagan voqea bo‘lgani yo‘q. Chunki men u bilan Toshkentda ikki bor uchrashdim. Qolaversa, murabbiy bilan ham shu masalada gaplashishga ulgurgandim. Biz o‘rtoqlik uchrashuvida olimpiyachilar bilan o‘ynagan paytimizda ham o‘zaro gaplashgandik. Albatta, klubga mana shunday yosh iqtidor egasi kelgani meni quvontirmasdan qolmadi. O‘ylaymanki, u “Andijon”ga katta yordam bera oladi.

- Edgar, sizga “Andijon”dagi faoliyatingizda omad tilaymiz. Muxlislarning ishonchini oqlaysiz, degan umiddamiz.

- Menga “Andijon”dagi faoliyatim uchun omad tilaganingizdan minnatdorman. Butun murabbiylar shtabi va rahbariyat uchun boshlanajak mavsum muvaffaqiyatli yakunlanishidan umid qilib qolaman. Hammasini noldan boshlaymiz. Maqsad aniq. Intilishga arziydigan jihat esa bor. Bu bilan nimani nazarda tutayotganimni takrorlashim shart bo‘lmasa kerak. Asosiysi, vazifa bor. Umuman aytganda, tanishtiruv marosimi menga juda yoqdi. Endi bor kuch va g‘ayratimizni klub muxlislarini xursand qilishga sarflaymiz. Biz bir oila bo‘lib harakat qilsak, yaxshi chiqadi deb umid qilaman. Hozirdan mashqlarga zo‘r berib ishlayapmiz. Hammasi yaxshi tugashidan umid qilgan holda chempionat boshlanishini sabrsizlik bilan kutib qolaman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Bek 56
10/03/2021 20:15
Эдгарбек сиз ва жамоангиз Андижонга галаба тилаймен!