
Eldor Shomurodov va Odil Ahmedov “maxsus” termadan joy oldi!
Har bir yurtning mashhur futbolchilari bor. Ular o‘zlarining milliy terma jamoasini g‘alabalarga etaklash orqali muxlislar qalbidan muqim joy oladi. Yaqinda mutaxassislar Rossiya va Ukrainadan tashqari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududidan etishib chiqqan futbolchilardan tarkib topgan ramziy terma jamoani tuzib chiqdi.
“Maxsus” termadan quyidagi futbolchilar joy oldi.
Darvozabon: Gedryus Arlauskis
Litvalik darvozabon Gedryus Arlauskis “Rubin” tarkibida Rossiya kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritgan. “Unirey” va ChFR klublarida jami uch bor Ruminiya chempioni bo‘lgan. Faoliyati davomida “Uotford” va “Espanol” kabi mashhur jamoalar darvozasini ham qo‘riqlagan.
Chap qanot himoyachisi: Dmitriy Shomko
Ham himoyachi, ham yarim himoyachi vazifasini mahorat bilan uddalay olgan Dmitriy Shomko “Astana”ning ishongan tog‘i edi. U jamoasi bilan olti karra Qozog‘iston chempioni bo‘ldi. 2021 yildan Rossiya premer-ligasida “Rotor” sharafini himoya qilmoqda.
Markaziy himoyachi: Aleksandr Martinovich
Belaruslik futbolchi himoyaning haqiqiy “devori”. 33 yoshli futbolchi 2010 yildayoq Minskdan “Krasnodar”ga kelgandi. Bu jamoa tarkibida 200 dan ziyod uchrashuv o‘tkazib, uch marta chempionat bronza medaliga ham sazovor bo‘ldi. Evropa Chempionlar ligasi havosini olgan o‘yinchilardan biridir. Belarus terma jamoasida 75 ta uchrashuv o‘tkazdi.
Markaziy himoyachi: Solomon Kvirkveliya
Gruziyalik futbolchi “Rubin” tarkibida Rossiya kubogida zafar quchgan. Keyinchalik “Lokomotiv”ga o‘tib, “to‘miryo‘lchilar” himoyasini mustahkamladi. 29 yoshli futbolchining o‘yinida pasayish kuzatilayotgani bois, u “Rotor”ga jo‘natildi. Terma jamoaga ham chaqirmay qo‘yishdi.
O‘ng qanot himoyachisi: Ragnar Klavan
Ragnar estoniyalik futbolchilar orasida eng mashhuri. Bu himoyachi AZ tarkibida Niderlandiya chempioni bo‘lgan. Bundesligada “Augsburg” sharafini munosib himoya qilgan. “Liverpul”da o‘ynab yurgan kezlari Angliya premer-ligasida gol urgan va klubi bilan Chempiondar ligasining finaliga chiqqan. Hozir A Seriyada “Kalyari”da to‘p tepmoqda.
Tayanch yarim himoyachisi: Odil Ahmedov
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Rossiya premer-ligasida besh yil faoliyat ko‘rsatdi. “Anji” va “Krasnodar” jamoalarining sovrindorlar qatoridan joy olishiga munosib hissa qo‘shdi. Jahon yulduzlari bilan Xitoy chempionatida ham qatnashdi va “Shanxay SIPG” klubida chempion bo‘ldi.
Ma’lum muddat erkin agent maqomida yurgan Odil Ahmedov yaqinda Xitoydagi uchinchi klubi bilan rasman shartnoma tuzdi.
Yarim himoyachi: Artur Ionitse
Moldovalik futbolchi ayni paytda “Benevento”ning A Seriyada qolishi uchun kurashmoqda. 30 yoshli futbolchi bungacha “Verona” va”Kalyari” jamoalarida 200 dan ziyod uchrashuvlarda qatnashib, katta tajriba to‘plagan. “Benevento”da 31 ta o‘yinda bir juft gol urishga erishdi.
Yarim himoyachi: Genrix Mxitaryan
Armanistonlik futbolchi MDH hududidan etishib chiqqan eng qimmatbaho futbolchidir. O‘z vaqtida “Shaxtyor”, “Borussiya”, “Manchester Yunayted” va “Arsenal”da porlagan Genrix hozir “Roma” etakchilaridan. Mxitaryan joriy mavsumda A Seriyada 9 ta gol urib, sakkizta golli pas oshirdi. Evropa ligasida esa, bittadan gol va golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Yarim himoyachi: Xvicha Kvaratsxeliya
20 yoshli gruziyalik futbolchi “Rubin” etakchisiga aylandi. Texnikasi o‘ta kuchli bo‘lgan Xvichani Evropa klublari o‘z safida ko‘rmoqchi. Kvaratsxeliyaning Ispaniya terma jamoasi darvozasini ishg‘ol qilganidan keyin xaridorlari ko‘payib ketganini ta’kidlash lozim.
Hujumchi: Sarkis Adamyan
Armanistonlik futbolchi o‘tgan mavsumda “Xoffenxaym”ning etakchilaridan biri bo‘ldi. Uning Bundesligadagi beshta goli jamoasining Evropa Liahgasiga qaytishiga yordam berdi. Adamyan joriy mavsumda asosiy tarkibda kam ko‘rinyapti. 27 yoshli hujumchi Bundesligada bitta, Evropa Ligasida ikkita to‘p kiritdi.
Hujumchi: Eldor Shomurodov
Aslida MDH hududida yuqori saviyali hujumchilar juda kam. Shunga qaramay, ushbu ramziy terma jamoadan Shomurodov haqli ravishda joy oldi. “Rostov”da porlagan hamyurtimiz “Jenoa”ga o‘tgach, o‘z salohiyatini namoyish qila oldi. Italiyada o‘nta golli vaziyatda bevosita ishtirok etdi. Shomurodovning o‘zi to‘rtta gol urdi. Har holda “Yuventus” singari Italiya chempioni nishoniga tushgani ham bejiz emas, albatta.
Fikrlar