
Elnur Abduraimov: Mirjalol Qosimov bilan uchrashishni orzu qilardim
Jahon chempionati sovrindori va Osiyo chempioni, boksda o‘z texnikasi bilan barchaning e’tiboriga tushgan iste’dodli bokschi Elnur Abduraimov SPORTS.uz mehmoni bo‘ldi. E’tiboringizga bo‘lib o‘tgan suhbatni havola qilamiz.
- Elnur, nega aynan boksni tanlagansiz?
- Dadam sababli boksni tanlaganman. Ular ham o‘z vaqtida yuqori saviyali bokschi bo‘lganlar. Qonimda bor sheklli, men ham ushbu sport turiga bog‘lanib qoldim. Esimni taniganimdan beri boksdaman. Ya’ni, 5-6 yoshimdan boks qo‘lqopini kiyib katta bo‘lganman. Boksdan boshqa sport turlariga ham borib ko‘rganman. Futbol, karate bilan shug‘ullanganman. Lekin baribir boks ustunlik qilgan.
- Boksda erishgan ilk g‘alabangiz esingizdami?
- Bolaligimda shaharlararo o‘tkazilgan musobaqada 26 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqanman. O‘sha turnirdagi g‘alaba men uchun birinchisi bo‘lgan. Xursandchiligimning chegarasi yo‘q edi o‘shanda.
- Ustozlaringiz haqida ham aytib o‘tsangiz?
- Birinchi ustozim dadam. Ular hozir ham shaxsiy murabbiy sifatida meni janglarga tayyorlaydilar. Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga kirganimdan keyin To‘lqin Qilichev, Rustam Saidov kabi tajribali murabbiylardan ham ko‘p narsa o‘rgandim.
- Boksda eng noqulay raqibingiz kim?
- Bu yil Germaniyada bo‘lgan jahon chempionatigacha o‘zimga eng noqulay, deb kubalik jahon chempioni Lazaro Alverezni bilardim. Germaniyadagi jahon chempionatida ham asosiy raqib sifatida Alvarez bo‘ladi deb o‘ylardim. Unga uch marta yutqazganman. To‘rtinchi jangda uni yutishni istardim. Xayolimda faqat kubalik bokschi bilan bo‘ladigan jang edi. Boshqa uchrashuvlarni osonlikcha o‘z foydamga hal qilaman, deb o‘ylardim. Lekin xato qilgan ekanman. Jahon chempionatining chorak finalida menga to‘qnash kelgan armanistonlik Otar Eranosyan juda pishiq, o‘ta noqulay bokschi ekan. Har tomonlama mendan ustunlik qildi. Agar undan o‘tganimda yarim finalda Alvarez bilan to‘qnash kelardim. Umuman, jahon chempionatiga o‘zimni noto‘g‘ri tayyorlagan ekanman. Men o‘zimga faqat kubalik bokschini raqib, deb bilganim eng katta xato bo‘ldi. Bundan xulosa chiqardim.
- Elnur, ringdagi yutuq va kamchiliklaringiz nimada?
- Kamchiliklar har bir sportchida bor. Biz ham ringda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yamiz. Bularni murabbiylarimiz jang tugagandan keyin bizga tushuntirishadi. Shu bilan birga o‘zimiz ham jangdan so‘ng ringda tushgan videolarimizni ko‘rib, kamchiliklarimizni o‘rganamiz. Keyin shuni ustida ishlaymiz. Yutuqlarimiz esa biz qilgan mashaqqatli mehnatimiz samarasi, deb o‘ylayman. Bokschida omad ham bo‘lishi kerak. Jahon chempionatida Murodjon Ahmadalievga ham omad etishmadi, deb o‘ylayman.
- Jahon chempionatida sizga ham omad etishmadimi?
- Germaniyadagi musobaqada Murodjon Ahmadaliev, Isroil Madrimov, Bektemir Meliqo‘ziev va Hasanboy Do‘stmatovning mag‘lubiyati ko‘p jihatdan hakamlarga bog‘liq bo‘ldi, degan fikrlar bor. Lekin men mag‘lub bo‘lgan jangda hakamlar adolatli ishladi. Ayb o‘zimda, yuqorida aytganimdek, katta xatoga yo‘l qo‘ydim. Jahon chempionatida kuchsiz bokschi bo‘lmasligiga amin bo‘ldim.
Qolaversa, mavsum davomida vaznimni o‘zgartirgandim. Avval 60 kiloda, keyin 64 kilogramm vazn toifasida ringga chiqdim. Endi yangi vaznga moslashganimda yana 60 kiloga qaytdim. Bu ham menga salbiy ta’sir qilgan bo‘lsa kerak, maqsadimga etolmadim.
- Aslida siz uchun qaysi vazn qulay?
- Menga farqi yo‘q, ikkala vaznda ham jang qilishga tayyormay. Bu ko‘p jihatdan murabbiylar qaroriga, maslahatiga bog‘liq.
- Jahon chempionatidan so‘ng bokschilarimizning aksariyatiga professional boks promouterlaridan taklif bo‘lyapti. Sizda professional boksga o‘tish niyati bormi?
- Har bir havaskor bokschi professional ringda ham o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rishni istaydi. Menda ham shu niyat bor. Hozir takliflar bor. Lekin bir qarorga kelganim yo‘q. Men kelajakda “Golden Boy Promotions” kompaniyasi bilan ishlashni orzu qilaman.
- Jahon chempionatida o‘zbekistonlik va kubalik bokschilar raqobati ko‘pchilik e’tiborini qozondi. Kuba boksining kuchli tomonlari nimada?
- Aslida Kuba boks maktabi avvaldan kuchli. Aynan qaysi taraflama kuchli ekanini bilmayman. Biz Kuba bokschilari bilan birga mashg‘ulot ham olib bordik. Mashg‘ulotlarida deyarli farq yo‘q. Lekin ularning tabiiy xususiyatlari qandaydir ustunlik bersa kerak, deb o‘ylayman. Lekin jahon chempionatida bokschilarimiz kubaliklar bilan tengma-teng kurashdi. Demak, o‘zbek boks maktabi ham dunyoda eng kuchlilardan ekanini isbotladik.
- Yana qaysi davlatlarning bokschilari dunyoda etakchilardan hisoblanadi?
- Qozog‘iston bokschilari haqiqatan kuchli. Bundan tashqari, Angliya bokschilari ham ringda o‘zini yaxshi ko‘rsatib kelmoqda. Frantsiyaliklarni alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Uslubi umuman boshqacha. Ular bilan mashg‘ulot olib borganmiz. Mashg‘ulotlarda bor kuchi va imkoniyatini ko‘rsatmaydi. Shu ham bokschimi?, deb o‘ylagan paytlarim bo‘lgan. Xususan, jahon chempioni bo‘lgan Sufian Oumixa ham shunaqa ayyorlik qiladi. Mashg‘ulotda o‘zini kuchsiz bokschidek tutadi. Ringda esa umuman boshqa odamga aylanadi.
- Bokschilarimizdan qaysi birining uslubi mukammal?
- Hammasi o‘ziga xos. Menga Shahram G‘iyosovning ayyorligi yoqadi. Ringda ayyorona zarbalari bilan raqibni dovdiratib qo‘yadi. Uning qanday harakat qilishini bilish qiyin. Hasanboy Do‘smatov esa, mustahkam himoyalanadi. Zarbalari aniq. Ortiqcha harakat qilmaydi. Yana Bektemir Meliqo‘zievni aytish mumkin. Birinchi ko‘rganimda, bokschiga o‘xshamas ekan, degandim. Ko‘p raqiblar ham uni ko‘rganda oson yutaman, deb o‘ylaydi. Lekin bir-ikki zarbasini egandan keyin qiyin ahvolga tushadi. Bektemir juda qattiq uradi. Ulardan ko‘pi narsa o‘rgansa bo‘ladi.
- Nega sizni “klassik boskchi” deyishadi?
- O‘zim ham bunga o‘xshash ta’riflarni ko‘p eshitganman. Yana meni boks kitobida qanday yozilgan bo‘lsa, shunday boks tushadi, deb ham aytishadi. O‘ylashimcha, haqiqatan shunday. Dadam boks kitoblarida qanday yozilgan bo‘lsa, shu shaklni singdirgan. Boks nazariyasida qanday usullar qo‘llangan bo‘lsa, hammasi mening harakatlarimga ko‘chirilgan. Ya’ni, klassik bokschi qanday bo‘lish kerak bo‘lsa, dadam meni shunday tarbiyalagan. Albatta, terma jamoadagi murabbiylarim bilan bu usuldan chiqishga harakat qilib ko‘rdim. Lekin uncha o‘xshamadi. Menga o‘zim o‘rgangan usul qulay. Albatta, o‘zim ham Hasanboy kabi kutilmagan va muxlislarga yoqadigan usullarni qo‘llashni istayman. Lekin klassik usuldan uzoqlasholmayman.
- Yana qaysi sport turlarini kuzatib borasiz?
- Futbolga. O‘zimiz mini-futbol o‘ynaymiz. Muxlis sifatida jahon futbolini kuzataman. Mirjalol Qosimov o‘ynagan paytlari qiziqish bilan kuzatardim. Xatto, Mirjalol akaning muxlisi bo‘lganim uchun ular bilan uchrashishni juda xohlardim. Mana bu orzuyimga bokschi bo‘lib erishdim. Ular bilan ko‘rishdim, Osiyo chempionatida birga o‘tirdik.
- Sizda kutilmagan g‘alaba bo‘lganmi?
- Bo‘lgan. 2015 yilgi jahon chempionatida olimpiya litsenziyasi o‘ynalgan. Jahon chempionatida ikkita uchinchi o‘rinni olgan bokschilar Rio Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun o‘zaro jang qilishi kerak edi. Men braziliyalik Robson Kanseysao bilan jang qilganman. To‘g‘risi, uni engishimga o‘zim ham ishonmaganman. Ustozlarim ham uncha ishon bildirmagan, faqat “Elnur litsenziya kerak bo‘lsa harakatingni qil!”, deyishgan. Men bor kuchimni ishga solib, kuli raqibni engganman. Keyinchalik, Robson ham o‘z vatanidagi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi va yakunda chempion bo‘ldi.
Taqidirimga Rio Olimpiadasiga borish yozilmagan ekan, mening vaznimda Braziliyaga Xurshid Tojiboev ketdi. U ARV yo‘nalishida jahon chempioni bo‘lgani uchun olimpiya litsenziyasiga ega bo‘lgandi.
- Oldindagi rejalar qanday?
- Oldinda O‘zbekiston chempionati bor. Hozir shunga tayyorgarlik ko‘ryapman. Terma jamoa asosiy tarkibidagi o‘rnimni himoya qilishim kerak.
- Havaskor boksda erishmagan biror maqsadingiz qoldimi?
- Mening maqsadim Olimpiyada chempioni bo‘lish va bu orzuga, albatta, erishaman. Xatto, buni Instagramdagi sahifamga ham inglizchada yozib qo‘yganman. Havaskor boksdan ketsam ham Olimpada chempioni bo‘lib ketaman. Professional boksga maqsadimga erishganimdan so‘ng o‘tishim mumkin.
- Suhbat uchun rahmat.
Shahzoda Abdullaeva suhbatlashdi
Fikrlar