
"Endi "Sog‘lom avlod" stadionidagi muhit menga etishmasligini bilaman"! Yoxud Aleksandr Xomyakov andijonlik ishqibozlarga xayrlashuv maktubini yo‘lladi
O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida “Andijon”da bosh murabbiy sifatida faoliyatini boshlagan rossiyalik mutaxassis Aleksandr Xomyakov yaqinda 3-tur doirasida “Navbahor”ga qarshi bo‘lib o‘tgan vodiy derbisidan keyingi matbuot anjumanida iste’foga chiqish uchun ariza yozganini va klubdan ketayotganini ma’lum qilgandi. Murabbiy esa bunga sabab sifatida jamoasining chempionatni qoniqarsiz boshlanganligini, dastlabki uchta o‘yinning ikkitasida mag‘lubiyat va bitta durang qayd etilgani bilan izohladi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, murabbiy turli qiyinchiliklarga qaramasdan hali katta futbolda o‘z so‘zini aytmagan o‘yinchilar bilan o‘zi istagan jamoani shakllantirishga kirishgandi va dastlabki uchta uchrashuvda “Andijon” garchi g‘alabalar qozona olmagan bo‘lsa-da, uning boshchiligidagi jamoaning ko‘rsatgan o‘yini ko‘pchilikda yomon taassurot qoldirmayotgandi. Eng muhimi, Xomyakov andijonlik muxlislarning qalbidan joy olgandi. Shu boisdan uning ketishini ishqibozlar istashmagandi va qolishini juda-juda xohlashgandi ham.
Hozirgi paytda Xomyakovga qiziqayotgan klublar bir nechtani tashkil qilmoqda. Chunki uning “Andijon”dan ketganini eshitgan holda unga bee’tibor bo‘lmagan jamoalar paydo bo‘lmoqda. Shu sababli Aleksandr Andreevich uzoq vaqt ishsiz qolmasligi ham katta ehtimol. Bu masalada o‘zi bilan ham gaplashib, aynan qanday sabablarga ko‘ra “Andijon”dan ketayotganini va keyingi ish joyi qaysi klub bo‘lishi haqida so‘raganimizda murabbiy bu borada sukut saqlashini lozim deb topgandi. Lekin olgan ma’lumotlarimizga qaraganda, Xomyakovning “Qizilqum” bosh murabbiyi sifatida ish boshlashi ham mumkin. Murabbiy “Andijon”dan ketganidan beri vaziyat qanday tus olishini bilish uchun o‘zi bilan doimiy aloqada bo‘lib turibmiz. Ammo Xomyakov 10 yil davomida tinmasdan ishlaganini va hozirda biroz tanaffus olib xordiq chiqarishi ma’qul yo‘l ekanligini aytdi. Shu bilan birga “Andijon” jamoasidagi faoliyati ham uning uchun tajriba maktabi bo‘lganini ham ta’kidladi. Natijada rossiyalik mutaxassis klubdan ketganini rasman ma’lum qilgan holda biz orqali o‘zining xayrlashuv so‘zlarini bildirishni joiz deb topdi.
- Klubning ajoyib va jonkuyar ishqibozlariga chin dildan minnatdorchilik bildirishni istayman. Chunki ular ilk kunlardan meni iliq qabul qilishdi va qo‘llab-quvvatlashdi. Muxlislar tomonidan jamoa va menga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlash so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan darajada ekanligini aytishim kerak. Barchangizga rahmat. Sizlar eng yaxshisisizlar!!! “Sog‘lom avlod” stadioniga kirib kelgan paytimda ishqibozlarning qo‘llab-quvvatlashi va u erdagi muhit bundan keyin menga etishmasligini bilaman. “Andijon” va uning ishqibozlaridan xotiramda unutilmas voqealar saqlanib qoladi. Murabbiy sifatida bu erda olgan tajribam keyinchalik menga asqotishidan umid qilaman.
Shuningdek, o‘z shogirdlarimga mavsumning qolgan qismida omad yor bo‘lishini tilayman. Fursatdan foydalangan holda ularga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Bunday yigitlar bilan birgalikda ishlash men uchun yoqimli bo‘ldi. O‘ylaymanki, jamoa shunday ajoyib futbolchilarning xizmati evaziga o‘z imkoniyatini to‘liq namoyish etadi va jonkuyar ishqibozlarini g‘alabalar bilan quvontiradi.
O‘z navbatida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Qo‘shoqboevich Abdurahmonovga esa ulkan rahmat aytmoqchiman. Shu bilan birga menga bildirilgan ishonch uchun klub rahbariyati va xodimlariga ham minnatdorchiligimni bildirib o‘tmoqchiman. Ular tufayli men shu jamoada ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldim.
Shak-shubhasiz o‘ylagan rejalarimizni to‘liq amalga oshira olmaganimizdan ko‘nglim to‘lmadi. Ammo, o‘ylaymanki, jamoa bo‘lajak o‘yinlar uchun etarlicha bazani shakllantirib bo‘ldi va rivojlanishda davom etadi. O‘z navbatida rivojlanish klubga omad keltiradi. “Andijon”ning har bir xodimiga – murabbiylar shtabi vakillari, o‘rinbosarlar jamoasida ishlayotgan murabbiylar va akademiyada tarbiyalanuvchilarga saboq berayotgan mutaxassislar, klub shifokorlari, ma’muriyati, stadion xodimlari, baza ishchilari, OAV va ish jarayonida men bilan hamkorlik qilgan barcha jurnalistlarga ham chuqur minnatdorchiligimni bildirib o‘taman. Shuningdek, xaydovchilar va oshpazlarga ham rahmat. Ular nafaqat meni, balki butun jamoa a’zolarini chin dildan qo‘llab-quvvatlab kelishlarini ishga bo‘lgan munosabati bilan namoyon qilmoqdalar. Hammasi ajoyib ko‘rinish oldi va men buni bir umr eslab yuraman.
Chin yurakdan “Andijon” klubiga omad va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman. Umid qilamanki, yuzaga kelgan murakkab vaziyat va qiyinchiliklarga qaramay, Andijon viloyati futboli bundan keyin ham rivojlanishda davom etadi. Eng avvalo klubning Superligada o‘z o‘rnini saqlab qolishini, chempionatning to‘laqonli ishtirokchisi bo‘lib, uzoq yillar jonkuyar muxlislarini chiroyli o‘yinlari va g‘alabalari bilan quvontirib yurishini istayman, - deya xayrlashuv fikrlarini bildirdi, Xomyakov.
Fikrlar