
Faoliyatida pasayish kuzatilgan futbolchimiz qo‘shni chempionatda "katta sahna"ga chiqmoqda...
20 nafar hamyurtimiz Tojikiston chempionatida to‘p surishmoqda. Albatta, ularning oralarida o‘zlarini ko‘rsata olayotgan va muxlislarning e’tiborini tortayotgan futbolchilarimiz ham topiladi.
Aytaylik, eng ko‘p o‘yinchimiz to‘p surayotgan “Xo‘jand” jamoasining ham joriy yildagi maqsadlari katta. Shu maqsadda ular o‘z tarkibiga to‘rt nafar o‘zbekistonlik o‘yinchilarni jalb etishganidan xabarangiz bo‘lsa kerak. Ularning orasida esa yarim himoyachi Sanjar Rixsiboev ham bor.
Bunga qadar “Xo‘jand” klubida to‘p surayotgan hamyurtlarimizdan Ma’mur Ikromov va Andrey Sidorovning u erdagi taassurotlari haqida ma’lumotlar berdik. Shuningdek, klub bosh murabbiyi Nikola Lazarevich ham ilk bor saytimiz orqali o‘zining fikr va mulohazalarini bildirib o‘tgandi. U esa jamoasida o‘zbekistonlik futbolchilarga katta ishonch bildirayotganiga ham alohida to‘xtalgandi.
Oxirgi paytlarda esa ushbu murabbiyning qo‘li ostida o‘ynayotgan hamyurtlarimizdan biri Sanjar Rixsiboev Tojikistonda ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda. Boisi, u o‘z o‘yinlari hamda gollari bilan nafaqat jamoadoshlari, balki muxlislarning ishonchini qozonmoqda.
Xo‘sh, aslida Rixsiboevning tojik klubida paydo bo‘lishi qanday yuz berdi? Bunga kim sababchi? Sanjar ushbu masalada gapirar ekan, “Xo‘jand”ga o‘tishida turtki bo‘lgan insonga minnatdorchilik bildirdi.
- “Xo‘jand” jamoasiga kelishimga katta sababchi bo‘lgan “Bunyodkor” klubi direktori Ulug‘bek aka Mirzaevga katta minnatdorchilik bildirib o‘tmoqchiman. Agar bu inson bo‘lmaganida nafaqat “Xo‘jand”da bo‘lmasdim, balki futbolni tugatgan ham bo‘lishim mumkin edi. Yangi jamoada esa meni juda yaxshi kutib olishdi. Yangi jamoadoshlarim bilan ham tezda til topishib ketdim. Birinchi marta legioner bo‘lib o‘ynayapman. Hozircha bu erdagi ishlarim yaxshi va umid qilamanki, bundan keyin ham barchasi bardavom bo‘ladi.
Iqtidorli yarim himoyachi bunga qadar o‘zimizning chempionatda ham bir qator klublarda to‘p surgandi. Biroq tan olish lozimki, uning Tojikistondagi faoliyati bir muncha omadli boshlandi. U erda uchta gol muallifi bo‘ldi. Lekin O‘zbekiston chempionatida Rixsiboevni bunchalik ko‘zga tashlanganini payqash qiyin edi.
- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, bir yarim yil davomida barqaror ravishda o‘ynay olmadim, - deya mavzuni davom ettirdi, Sanjar. - Balki shuning uchun ham e’tibordan chetda qolib ketdim shekilli. Elitadagi debyutimni esa men Jizzaxda boshlagandim. Undan keyin “Obod” jamoasida faoliyatimni davom ettirganman. U erdan esa meni AGMKga taklif qilishgan. “Bunyodkor”ga kelishimdan oldin olti oy, bir yilcha davomida futbol o‘ynaganim yo‘q. Balki shu bois ham muxlislar meni unutib qo‘yishgandir. Tojikistonda esa faoliyatim yaxshi boshlandi, gollar uryapman. Aslida ham futbolchini futbolchi qilib turadigan bu muxlislardir. Agar futbol o‘ynab o‘zingizni ko‘rsataversangiz, ularning e’tiborida bo‘laverasiz.
Ko‘rib turganingizdek, oxirgi paytlarda Rixsiboevning u qadar ko‘zga tashlanmay qo‘yganiga ma’lum bir sabablar bo‘lgan. Qiziq, bu nima bilan bog‘liq? Jarohatlarmi yoki boshqa muammolarmi? Qolaversa, ancha muddat futboldan tashqarida yurgan o‘yinchi ruhiy tushkunlikka tushishi ham hech gap emas.
- To‘g‘ri, hayot doim ham bir xil tarzda ketavermaydi, u tekis va notekisliklardan iborat. Hammada ham o‘ziga yarasha muammolar bo‘ladi. Har qanday o‘yinchida ham yaxshi kunlar va qiyinchilik paytlari bo‘lib turadi. Agarda hayot bir tekisda bo‘lganida yashashning ham unchalik qizig‘i bo‘lmasdi ham. Gapning ochig‘i, menda oilaviy muammolar bo‘lgan. Shuning uchun ham biroz sport formamdan chiqib qolganman. Natijada ko‘p murabbiylarning ishonchidan qolganman. Xudoga shukrki, hozir hammasi yaxshi. Mana, asta-sekin sport formamga qaytyapman, - deya javob qaytardi, Rixsiboev.
Umuman olganda, Sanjar Tojikistonda faoliyatini boshlaganidan so‘ng yuqorida ta’kidlaganimizdek, ko‘pchilikning ishonchini qozonmoqda. Buning ustiga o‘zbekistonlik muxlislarning ham e’tiborini tortyapti. Qisqa qilib aytganda, hamyurtimiz qo‘shni chempionatda nimalarga qodirligini isbotlashga harakat qilyapti. Faoliyatini Tojikistonda boshlaganidan keyin futbolchimizdagi ishonch qay tariqa uyg‘ondi? Bunga o‘zidan javobni eshitamiz.
- Bu erga legioner bo‘lib kelganman. Nafaqat bu erda, balki boshqa joylarda ham legioner futbolchi mahalliy o‘yinchilardan bir, ikka barobar ustun bo‘lishi kerak. Chunki ertaga sizning orqangizdan yaxshi gap qolishi lozim. Masalan, O‘zbekiston chempionatiga ham olib kelinadigan legioner albatta o‘zimizning futbolchilardan kuchli bo‘lishi talab etiladi. Agar mahalliy o‘yinchilar bilan teng bo‘lsa, u holda o‘zimizning futbolchilardan foydalangan yaxshi. Bu erda ham shunaqa. Yangi chempionatga kelgach, o‘zingizdagi mas’uliyatni yanada chuqurroq his qila boshlaysiz. Chunki siz legionersiz va mahalliy o‘yinchilardan yaxshiroq o‘ynashingiz kerak bo‘ladi. Ertaga ortingizdan yomon gap qolishini xohlamaysiz. Tushkunlikdan chiqishimga ota-onam ham sababchi bo‘lishdi. Harakat qilgin, orqaga qayta olmaysan, baribir oldinga qarab harakat qilishing kerak, ortga yo‘l yo‘q deyishdi. Xudoga shukrki, yuzim yorug‘ bo‘lyapti. Agar o‘zimga ishonmaganimda bu erga legioner bo‘lib kelmasdim. Qo‘rquv yoki boshqa narsa yo‘q. To‘g‘risi, raqobatdan umuman qo‘rqmayman. Shunchaki, murabbiyning ishonchi bo‘lsa bo‘ldi.
Shuningdek, Sanjar Rixisboev “Xo‘jand” klubining maqsadi va bosh murabbiyi haqida ham to‘xtalar ekan, hammasi to‘g‘ri yo‘lda ekanligini hamda murabbiyning ham ishonchi katta ekanligiga urg‘u berdi.
- Jamoamiz to‘g‘ri yo‘ldan ketyapti. Biz oldimizga jiddiy vazifalarni qo‘yganmiz. Bundan keyin ham natijalarimiz yanada yaxshi bo‘ladi deb o‘ylayman. Jamoaning bosh murabbiyi yosh, o‘z ishiga nisbatan juda talabchan. Jamoadagi barcha legionerlarga ham katta ishonch bildirmoqda. Tojikiston futboli ham rivojlanish davrida. Shu bois bu erga ham ko‘plab o‘zbekistonlik o‘yinchilar kelib o‘ynashyapti. Baribir bu erda o‘zbekistonlik futbolchilarga e’tibor kuchli bo‘lyapti.
Xabaringiz bo‘lsa, kuni kecha Tojikistonga ham koronavirus kirib kelganligi sababli chempionat o‘yinlari to‘xtatildi. U erdagi vaziyat haqida esa hamyurtimiz shunday dedi:
- O‘zingiz ham ko‘rib turganingizdek, hamma mamlakatda koronavirus bor. Bu erda ham imkoni qadar uning oldini olishga harakat qilishyapti. Hozircha ma’lum muddatga karantin e’lon qilingan. Bu qancha davom etishini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar