
Farg‘onada futbol aralash karate! Yoki mag‘lubiyatni xazm qilishni qachon o‘rganamiz?
Futbol ehtiroslarga boy o‘yin-a, unda kimdir yutadi yoki yutqazadi. Bugun pro-ligada “yil o‘yini” deya ta’rif berilgan “Neftchi” va “Turon” klublari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ammo jamoalarning holati bir-biridan farq qilardi. Masalan, “Neftchi”ning Superligaga yo‘l olishiga durang ham etardi, “Turon”ga esa faqat g‘alaba zarur edi. Oxir-oqibat o‘ta shiddatli o‘tgan uchrashuvda “Turon” yutdi va ilk bor Superliga yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Bu yilgi pro-liga tan olaylik, oldingilariga nisbatan yuqori saviyada o‘tdi. Buning asosiy sabablaridan biri shu bo‘ldiki, PFLning sa’y-harakatlari bilan pro-liga uchrashuvlari “FutbolTV” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi. Hammasi ajoyib o‘tdi, ko‘ngildagidek kechdi, faqat uning yakuni shu qadar ayanchli bo‘ldiki, oqibatda yil davomida qilingan barcha mehnatlarga loy chaplandi.
“FutbolTV” orqali ushbu o‘yinni ko‘pchilik jonli efirda kuzatdi. Bosh hakam Shavkat Nasibullaevning o‘yin tugaganligi haqidagi hushtagidan keyin mag‘lubiyatga chiday olmagan “Neftchi” futbolchilari hakamlarga yoppasiga tashlanib ketdi. Darvozabon Sherzod Abduraimov qanot hakamini turtkilay boshladi, qolganlar esa Nasibullaevni. Ochig‘i, maydonda yuz bergan voqealar shunchaki dahshatning o‘zginasi bo‘ldi. Ayniqsa, muxlislarning maydonga tushib hakamlarni tepkilab tashlashlari juda xunuk ish bo‘ldi. Bu kabi o‘ta salbiy hatti-harakatlar “Neftchi”ning obro‘siga yanada putur etkazishi turgan gap. Maydonda yuz bergan voqealar esa darhol internet olamida va ijtimoiy tarmoqlarga yashin tezligida tarqaldi. Odamlar bir-biriga savol berishyapti, “futbol ko‘rdingizmi, yo‘q, futbol aralash karate ko‘rdim”, degan javoblarni eshityapmiz. Bu nima degani?! “Neftchi” futbolchisining karate uslubida Shavkat Nasibullaevga zarba berganini mutlaqo oqlab bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda, hakamlar haqida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Bu o‘yinni Nasibullaev boshchiligidagi hakamlar brigadasi yomon boshqarmagandi. Muxlislarni junbushga keltirgan vaziyat esa oxirgi daqiqadagi holat bilan bog‘liq. Mezbonlar a’zosi Mansur Saidovning zarbasidan keyin to‘p “Turon” futbolchining qo‘liga tegib maydon tashqarisiga chiqib ketgandi. Hakam o‘sha vaziyatga yaqin turgandi va holatni penaltiga tortmasligi sababli o‘yinni davom ettirdi.
Agar hakam o‘sha vaziyatda xato qilgan bo‘lsa, buni ko‘rib chiqadigan maxsus qo‘mita bor. Axir, mana O‘FA tomonidan hakamlar bilan jiddiy ishlash orqali barchani tartibga keltiryapti-ku. Lekin o‘yindan keyin hakamlarni ayovsiz kaltaklanishi hech bir qolipga sig‘maydi. Bu o‘zbek futboli uchun sharmandalik-ku! Bizga shunday futbol kerakmidi? Bizga maydonda ur-to‘polonlar kerakmidi? Umid qilamizki, O‘FA rahbariyati yuz bergan voqealarni jiddiy nazoratga oladi va aybdorlarga nisbatan tegishli jazolarni qo‘llaydi.
Aslida-ku, hamma ayb “Neftchi”ning o‘zida ekanini nahot uning muxlislari anglashmasa?! Agar o‘tgan turda “Dinamo”ni mag‘lubiyatga uchratganida hozir ular sevimli jamoasini Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani bilan tabriklayotgan bo‘lardilar. Ammo o‘sha kuni “Neftchi” “Dinamo”ga yutqazdi va bu orqali “Turon”ga o‘z qo‘llari bilan Superligaga chiqish yo‘lida imkoniyatni taqdim etib berdi. Natijada oxirgi turga kelib bu ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yinning ahamiyati ortib ketdi. Mana, oqibatda nimalar bo‘ldi? O‘yindan keyin janjal ko‘targan “Neftchi” endi qoida bo‘yicha Superliganing 13-o‘rin egasi bilan pley-offda bellashishi kerak. Lekin bugungi janjaldan so‘ng, rahbariyatning qarori qanday bo‘lishini kutamiz. Yana qaytaramiz, bu kabi janjallar orqali o‘zbek futbolini sharmanda qilishga hech kimning haqqi yo‘q!
Fikrlar