
Fayzullaev uzr so‘rab chiqdi!
Rossiya Premer-ligasida 29-turning eng murosasiz uchrashuvlaridan biri Moskvada “Lokomotiv” hamda TsSKA futbolchilari ishtirokida bo‘ldi.
O‘yin “temiryo‘lchilar” uchun o‘ta muvaffaqiyatli boshlandi. Mezbonlar hujumchisi Dmitriy Vorobyov o‘ninchi daqiqadayoq hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi.
21-daqiqada “armiyachilar” vakili Kristiyan Bistrovich jarohat olib, maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Xorvatiyalik legioner o‘rnini egallagan Abbosbek Fayzullaev darrov “qovun tushirdi”. Hujumkor futbolchimiz himoyaga yordamga keldi, to‘pni jarima maydonchasi ichidagi jamoadoshiga uzatmoqchi bo‘ldi. Biroq Abbosning pasini Dmitriy Vorobyov egallab olib, aniq zarba bilan ikkinchi golini urdi.
Bellashuvning qolgan daqiqalarida Marko Nikolich shogirdlari ancha faol o‘ynadi. “Armiyachilar” ikkinchi bo‘limda Saul Guarirapa va Matvey Kislyakning golllari evaziga mag‘lubiyatdan qutilib qoldi.
Uchrashuvni 2:2 hisobda yakunlagan TsSKA ochkolari sonini 56 taga etkazib, uchinchi o‘rindagi joyini saqlab qoldi. Biroq Fayzullaev jamoasiga ochkolar hisobida “Dinamo Moskva” etib oldi va bronza medal taqdiri so‘nggi turda aniqlanadi.
Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullaev “Lokomotiv”ga qarshi bahsdagi harakatlari uchun TsSKA muxlislari tomonidan keskin tanqidga uchradi. Rossiyadagi manba – sport24.ru nashrining yozishicha, muxlislar Abbos haqida quyidagicha munosabat bildirgan:
“Fayzullaevni romb uslubida o‘ynatishning nima keragi bor? Abbos bunaqa o‘yinga mos kelmaydi. Shunisini hech tushunmayapman”.
“Fayzullaev anchadan beri o‘z o‘yinini ko‘rsata olmayapti. Umuman foydasi tegmay qo‘ydi. Avvalgi o‘tkir hujumlar yo‘q, to‘pni yo orqaga uzatadi, yoki yo‘qotadi”.
“Yangi o‘yin sxemasi unga to‘g‘ri kelmadi, endi Fayzullaevni yozda sotib yuborish kerak”.
“Fayzullaev nega boshlang‘ich tarkibdan chiqib ketganini endi tushunsa bo‘ladi”.
“Abbosni narx tushib ketmasdan qo‘yib yuborish kerak”.
Abbosbek Fayzullaevning o‘zi “Lokomotiv” bilan uchrashuvda yuz bergan vaziyatga munosabat bildirishni lozim topdi.
- Muxlislarimiz oldida ikkinchi golga sabab bo‘lgan xato uchun uo‘r so‘rayman. Bor mas’uliyatni zimmamga olaman. Keyingi uchrashuvlarda jamoaga yordam beraman, - deb yozdi Abbosbek Fayzullaev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Ha, xato qilmaydigan futbolchi bo‘lmaydi. Muhimi, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarish va vaziyatni imkon qadar tezroq o‘nglash lozim.
Abbosbek Fayzullaev ham tez orada yana yuqori saviyada o‘ynay boshlashiga ishonamiz. Zero, iqtidor mana shunday murakkab vaziyatlarda toblanadi.
Manchesterliklar: Husanovni sog‘indik...
Ronaldu Shomurodov jamoasidagilar bilan hech qachon futbolka almashtirmaydi!
Shomurodov jamoasini mashhur murabbiy boshqarishga rozi bo‘ldi
Shomurodovga ekspertlar nechchi ball qo‘ydi?
Bu yulduz kelsa, Husanovga “Siti”da aniq “non” qolmaydi!
Raneri va Shomurodov A Seriyani dahshatga solmoqda
Shomurodov “Roma”ning “top-5”dagi tarixiy rekordini ta’minlab berdi!
Fikrlar